Buyuk ozarbayjon shoiri Aliakbar Sobir Shamaxada dunyoga keldi. Avval eski maktabda, so‘ng Saidazim Shervoniy ochgan maktabda ta’lim oldi.
Bir necha yillar o‘zi ham maktab ochib o‘qituvchilik bilan shug‘ullandi. Jalil Mamadg‘ulizoda tomonidan ta’sis etilgan «Mallo Nasriddin» hajviy jurnalida o‘z asarlari bilan ishtirok etdi.
Aliakbar Sobir hajviy poeziyada shakl va mazmun novatori edi. U aruz vazni vositasida ajoyib hajviy she’rlar yarata oldi.
A. Sobir asarlari O’zbekistonda XX asr boshlaridan ma’lum va mashhurdir.
BAYNALMILAL
Musulmon va arman vatandoshlarga
Asrimiz xohish etarkan ittifoqu ittihod,
Jumlamiz bo‘lsak inoq—shul ezgu niyat-la, murod,
Ne uchun yo‘qdir inoqlik, nega el kulmaydi shod?
Bu vatan avlodida zohir bo‘lib bo‘g‘zi inod,
Tushdi arman va musulmonlar aro fisqu fasod.
Yo‘qmi bir sohibi davlat, yo‘qmi bir ahli savod?
Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.
Ikki yo‘ldosh, ikki qo‘shni bir vatanda hamdiyor,
Bir yaqoga bosh suqib, sulh ichra topmishlar qaror.
Fitnai iblisi mal’un bo‘ldi nogoh oshkor,
Ko‘r, jaholatdan chekar ne holni vaz’i ro‘zg‘or.
Shahr-u qishloq torumor-u, qatlu g‘orat beshumor.
Alhazar, bu fitnaga qil chora, ey parvardigor.
Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.
Fitnalarkim ochilar, ayting ne holatdan qo‘par?
Aql bovar aylamaskim, odamiyatdan qo‘par,
Muslimiyatdan va yoxud armaniyatdan qo‘par,
Shubha yo‘qdir, jahldan yoinki g‘aflatdan qo‘par,
Bu muskbatlar butun bug‘zu adovatdan qo‘par,
Bu adovat mutlaqo holi zalolatdan qo‘par.
Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.
Qo‘zg‘al, ey sen hamshahar, xalqingga xizmat vaqtidir,
Chorai sulh axtarib, daf’i xusumat vaqtidir,
Elga haqqin bildirib, daf’i falokat vaqtidir,
Kun kabi yog‘du sochib, poymoli zulmat vaqtidir,
Tozalab yurting marazdin ayni himmat vaqtidir,
Sobiro, baynalmilal marshiga navbat vaqtidir.
Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.
1905
R. Muqimov tarjimasi
EKINCHI
Mazlumlik etib, yig‘lama aftoda, akinchi!
Solma bul ajab tulkini sen yoda, ekinchi!
Qo‘y, har kuni bir narsa so‘rab turma qoshimda,
Yolborma menga, egri bo‘yin burma, qoshimda,
Gohi boshingga, goh to‘shingga urma qoshimda.
Kekkayma, adab saqla bu ma’voda, ekinchi.
Jim bo‘l, e gado, yig‘lama aftoda, ekinchi.
Yil kepti yomon, kulfati dehqonga, menga ne?
Bo‘lmapti yogin, kasri uning donga, menga ne?
Esmish qora yel, ofati bo‘stonga, menga ne?
Menga ne sening ketsa kuching bog‘da, ekinchi?
Bas, qaqshama ko‘p, yig‘lama aftoda, ekinchi.
Do‘l oldi qo‘lingdan saru somoningi, naylay?
Yoinki chigirtka yedi bo‘stoningi, naylay?
Qarzga to‘lasang ustingga yopgoningi, naylay?
Bo‘l endi palos sotmog‘a a’moda, ekinchi!
Jim bo‘l, bu qadar yig‘lama aftoda, ekinchi!
So‘z ochma menga ko‘p ishingu oz yemagingdan,
Shukr etki, ketursan ba jahannam demagingdan,
Bir don, bilaman, izlasa chiqmas kavagingdan.
Ammo menga ber arpayu bug‘doy-da, ekinchi,
Joying sotaman, yig‘lama aftoda, ekinchi.
Yo‘qman der esang men chiqarib joning olurman,
Billohki, yuvib diydai giryoning olurman,
Go‘shtingni titib bu quruq uryoning olurman.
O’z holingi sol endi o‘zing yoda, ekinchi,
Ko‘p qaqshama, bas, yig‘lama aftoda, ekinchi.
Bug‘doy bila arpangni berib, xorini yersan,
Suv bo‘lmasa, qishda eritib qorini yersan,
Toshdan ko‘ra yumshoqroq ilon — morini yersan.
O’rgatma o‘zing ot-yog‘a dunyoda, ekinchi,
Hayvon kabi umr o‘tkazasan, soda ekinchi.
Tanho meni bor odamilig‘, nomusi orim,
Bekzodaman osoyishu oromda qarorim,
Aysh-ishratu may birla kechar shomu nahorim.
Shunday bo‘ladi holati bekzoda, ekinchi,
Bekzoda elin rasmi shudir, soda ekinchi.
Erkin Vohidov tarjimasi
ZOHIDNING MUDDAOSI
Zohid o‘lmoqdan burun maqsudiga yetmoq tilar,
Uyqudan aylab kamand, jannat tomon otmoq tilar.
E’tiqodicha, yotar-yotmas quchar g‘ulmonlarin.
Ul sababdandir, nomoz vaqtida ham yotmoq tilar.
Uyquda axtarganin zohirda yorib topmasin!
Yo‘qsa ellik toatin bir pulga u sotmoq tilar.
FUZULIYGA NAZIRA
Oh aylaganim nash’ai qulyoning uchundir,
Qon yig‘laganim qahvai finjoning uchundir.
Va’z aylaganim hadya-yu ehsoning uchundir,
Hamda g‘arazim kissa-yu hamyoning uchundir,
Sargashtligim xirmoni bug‘doyini bo‘ylab,
Oshiftaligim boisi somoning uchundir.
Surkalmagi bu siynani har kun qadamingda,
Keskin tamaim sufradagi noning uchundir.
Bemor tanim yaxshi kiyim-bosh alamidan,
Xuni jigarim do‘lma potinjoning uchundir.
Og‘zim suv ochur ne’mati jannatni demakdan,
Kavsar mazali sharbati rayhoning uchundir,
Ko‘rdimki, palov zirbagidir, ochligim oshdi,
Bildim, bu tadorki shabi ehsoning uchundir.
Ohingning o‘ti emas asar hech kima «xo‘p-xo‘p»,
Bu o‘t sen ila ko‘p olishar, joning uchundir.
TABIB BILAN BEMOR
Bir tabib oldiga kelibdi bemor,
Debdi:—Azob yeyman, og‘ir dardim bor.
Qornim tinmay og‘rir hovuchlab, ezib,
O’lay deb turibman olamdan bezib.
Tabib ushlab ko‘rib tomirin darhol,
«Nima yeganding?» deb aylabdi savol,
Bemor debdi:— Yevdim kuygan non, doktor,
Boshqa biron nima yeganim yo‘qdir.
Tabib tikilibdi bemor yuziga,
Dori qo‘ymoq bo‘pti uning ko‘ziga.
— Ko‘zimmas, qornim-ku!—qichqirdi xasta,—
Dardimga davo qil, o‘lmay birpasda!
Javob qipti doktor unga:—Ey ahmoq,
Agar ko‘zing aybsiz bo‘lsaydi mutloq,
Ko‘rib kuygan nonni yemasding, tentak,
Demak, ko‘zni avval davolash kerak.
SAVDOGAR VA O’G’IL
Bir savdogar o‘z do‘konida
Savdo qilar o‘g‘li yonida.
Savdo rasmin toza olgan yod:
Sotardi kam, olardi ziyod.
Makr-u nayrang tutgan har ishi,
Aldov edi olish-berishi.
O’g‘il olib undan andoza,
Qalloblikni o‘rgandi rosa.
Bir kun ota hech nima demay,
O’z ishi-la ketdi ko‘rinmay.
O’g‘il dedi:—Shu fursat qulay,
Otam yo‘g‘-u, puldan o‘maray.
Qo‘l kassada, ko‘zi oladir,
Shu choq ota kelib qoladir.
Dunyo tordir ota ko‘ziga,
Bir musht tushdi o‘g‘il yuziga.
Do‘kon kirib, nuroniy bir chol,
Dedi:—O’g‘lim, menga quloq sol!
Nima eksang — olasan shuni,
Hunaringga o‘rgatding buni.
Tarbiyaga farzand muhtojdir,
Ota ishi unga bir tojdir.
Xoh yaxshi-yu, xoh yomon ishlar,
Barin sendan, bil, o‘rganishar!
Sen halolmi — farzanding halol,
Sendan ko‘rib o‘sar shu nihol!
KEKSA BOG’BON
Bolalar tomosha qilib har yoqni,
Kelarkan, ko‘rdilar ajib bir bog‘ni.
Keng bog‘da yuz yoshga kirgan bir bog‘bon
Ter to‘kib g‘ayrat-la ishlardi chunon:
Chol urug‘ separkan qo‘li qaltirab
Bolalar kulishib, olishdi o‘rab:
— Yuz yoshga kirib ham tinmas ekansiz,
Nima azob sizga, nima ekasiz?
Chol dedi:— Yer qazib jafo chekyapman,
Tuproqqa olma, nok urug‘ ekyapman.
Bolalar so‘z qotdi:— Sizga ne foyda,
Bugun tirik borsiz, ertaga qayda?
Siz zkkan daraxtlar mevaga kirmay
Dunyodan o‘tasiz undan yeb ko‘rmay.
Dam oling, bekorga chekmang ko‘p zaxmat,
Mevasin yemagach, kerakmi rahmat?!
Chol dedi:—Otalar qoldirgan meros,
Qadrlab mevasin yeyishimiz rost.
Ekaylik biz kabi yeganlar uchun,
Bizni eslab rahmat deganlar uchun.
O’RGIMCHAK BILAN IPAK QURTI
O’rgimchak yam-yashil barglarda bir kuni
Ipak qurtni ko‘ryb kamsitdi uni.
— Muncha imillaysan, tezroq yur, o‘rtoq,
To‘r ham to‘qirkansan o‘lguday no‘noq.
Mana, tomosha qil ish sur’atimni,
To‘r to‘qish mahoratimni!
Har kim ko‘rib, deydi:— Ishiga qarang,
Naqadar tez to‘qir, ustasi farang!
Ipak qurti kulib dedi:—Juda soz,
Sening to‘rlaringdan lekin foyda oz.
Sen to‘qigan o‘sha turli xil parda
Faqat ziyon berar uchragan yerda.
Endi o‘z ishimni aylasam bayon,
Mehnatim mahsuli barchaga ayon.
Qizlar kiyar men to‘qigan ipakdan ko‘ylak,
Bas etaylik bahsni, so‘zim yo‘q bo‘lak.
Sami Abduqahhor tarjimalari