11:35 / 16.05.2010 · Кутубхона
Чапаклар мамлакати (Эркин Аъзам)

CHAPAKLAR yoki CHALPAKLAR MAMLAKATI

Kommunizmdan reportaj

Qissa

JAHONGASHTA ZANJINING SABOG’I

Sotsializm sharoitida o‘tayotgan oltinchi kunimiz edi.

Sizu biz bu tuzumning nimaligini bilamiz, albatta — non-namagini yeb katta bo‘lganmiz. Ammo hozir ko‘z o‘ngimizdagisi butkul bo‘lakcha edi. O’ziga xos. Avvalgilariga o‘xshamas. Bu mamlakatda shu tuzumning otasi ham, onasi ham, sohibu rahnamosi ham birgina kishi — tamal toshini qo‘ygan ham o‘zi, barpo etgan ham o‘zi, o‘lgudek bahramand bo‘lib kelayotgan ham o‘zi. So‘z ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men ustida ketayotir. Bu yurtda har bir toshu har giyoh shu zotning uch bo‘g‘indan iborat sharafli nomi bilan bog‘liq. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Aslo.
Qarg‘a bulbul bo‘lolmas. Bo‘laman deb buti yirtilibdi. Bo‘laman deb bo‘g‘ilib o‘libdi. Yo‘q, qarg‘a bulbulga havas qilib zag‘chaga aylanib qolganmish. Bu ta’biru taqqoslar nechog‘li o‘rniga tushdi yo tushmadi — boshqa masala. Gap bunda emas hozir. Biroq har qanday nusxa, taqlid ko‘pincha asliyatdan yorqinroq, mukammalroq, ayniqsa, serda’vo bo‘lishi ayon. Goho shu qadarki, asliyatga xos mohiyat huv chetda qolib ketib, tamomila o‘zgacha bir manzara dunyoga keladi. Asliyatdan xabardor kimsa, xabardori nimasi — qarg‘adan bulbul yasamoqqa uringan, uni tarbiyalab oyoqqa qo‘ygunicha jigarlari xun bo‘lgan, goh ming turli hiyla-nayrang bilan, goh zulmu zo‘rlik bilan unga xonish o‘rgatgan zot, deylik “xalqlar otasi” atalmish mo‘ylovdor dohiy bu manzarani ko‘rsa bormi, ehtimol, avval azbaroyi mamnuniyat (o‘ttiz yillik zahmatlarining bir mevasi-da!), jonajon trubkasini huzur bilan bir tortib qo‘yib, «Da-a! Xarasho, tavarish Xon Man Men!» degan, so‘ngra esa, uchlari tutundan
sarg‘aygan shopdek mo‘ylovini alam va nadomat bilan shartta yulib tashlagan bo‘lardi: «Men ham yurgan ekanmanda, alohida bir mamlakatda sotsializm qurdim, deb!»

Ana shunday hasad qilgulik sotsializm ne’matlaridan bahramand bo‘lib (mubolag‘a yoki kinoya qilinayotgani yo‘q) yashayotganimizning oltinchi kuni edi. Tushlik mahali qo‘shni stoldagi afrikalik zanji biz tomonga bot-bot nazar tashlab qo‘yayotganini sezdim. O’zi qop-qora, libosi undan-da qora, lekin bashang. Bo‘ynidagi qimmatbaho ipak bo‘yinbog‘ining uzunligidan chamalaganda xudo bo‘ydan ham bergan bo‘lsa kerak. Devqomat. Aslzodalarga xos bir viqor bilan taltayib o‘tiribdi. Barmog‘ida allambalo serbar uzuk, holsiragan kabi og‘zini kappa-kappa ochib sigaret tutatadi. Ikkinchi qo‘lidagi zalvorli uzunchoq idishdan «bia» ho‘plarkan, tilla ko‘zoynagining qalin, ko‘kimtir oynasi osha bizga qarab-qarab qo‘yadi. Sezishimcha, aynan bizga emas, negadir mening pijagim yoqasiga tikilgani tikilgan. Men ham tekin, bebiliska «bia»dan ho‘playturib, zimdan sekingina yoqamga ko‘z tashlab olaman. O’zbekiston bayrog‘ining o‘sha kezlarda endigina chiqqan mitti tasviri — znachok. Shunga qarayapti shekilli. Nima kerak ekan?

Dengiz ne’matlarining hidiga to‘la yemakxona kechagi turfa mijozlarini qo‘msagan kabi ruhsiz huvillaydi. To‘rdagi uzun stolda Ozodlik orolidan do‘stona yordamga kelgan tarjimonlar guruhi xuddi o‘z uyidek bemalol (darvoqe, do‘stining uyi — o‘zining uyi-da!) shovqin-suron solib ovqatlanayotir.
Serzavq davra — yarmi erkak, yarmi ayol. Jami o‘n to‘rt kishi. O’n to‘rt tilning bilimdonlari. Barining istarasi issiq, bari allanechuk jo‘shqin, quvnoq. Bir-ikkitasi musulmonga ham o‘xshaydi. Arabzaboni qaysisi ekan? Anovi, stolning uchida to‘sdek qorasoch, qoramag‘iz juvonning kiftidan quchib sigara burqsitayotgan tepakalu qirraburuni emasmi? O’zi ham arab-parab bo‘lsa kerak, ko‘zining oqidan ma’lum. Shularga maza, bu yer o‘z uyidek gap, zeriksa — biqinida yelkasiga qo‘l tashlaydigani bor.
Ko‘pchilik. Yegan-ichganlari — hotamtoy birodarlarining bo‘ynida. Ba’zilari uyidan ham, oilasidan ham bezor bo‘lib kelgandir. Yayrab-yayrab ketadi. Ozodlik orolining odamlari. Ozod, erkin odamlar. Bu

1

yerda ham o‘zlarini shunday tutishadi — ozod, erkin. Vatanlarida-chi, vatanlarida qanday?
Saroydek keladigan bu muhtasham restorandagi bor-yo‘q xo‘randa shugina edi. Qolganlar kecha jo‘nab ketgan. «Uchinchi dunyo» mamlakatlari qalam ahlining navbatdagi nechanchidir anjumani yakun topdiyu hamma yurt-yurtiga qaytib ketdi. Anovi orolliklaru manovi olazarak bashang zanjidan boshqa yana ikki kishigina qolgan: menu tovarish Baxtiyor. Butun boshli restoranda. Yo‘q, butun boshli musofirxonada. Ikki qanotdan iborat, qirq besh qavatli osmono‘par azamat binoda. Poytaxtdagi eng ma’lumu eng mashhur musofirxonada. Bor-yo‘g‘i ikki musofir. Yo‘q-yo‘q, butun boshli mamlakatda. Darvoqe, bu orada ulug‘ homiylari bo‘lmish qo‘shni o‘lkada istiqomat qiladigan o‘zlariga o‘xshash bodomqovoq sobiq vatandoshlari — bir guruh qari-qartang ham ziyoratga kelib ketdi. Bo‘yinlariga fotoapparat osgan, kampirsholari shim kiygan (bu yerda rasm emas, hatto qat’iy taqiqlangan) bu ajnabiy sayyohlar ikki kunmi turib, musofirxona tolorlari bo‘ylab anqayib yurib, o‘zaro chuvur-chuvurlashib, yosh bolalar kabi saf-saflashib belgilangan manzillarini ko‘rib, lekin hech narsaga tushunmay, birorta ham jo‘yali surat ololmay, hayron bo‘la-bo‘la qaytib ketishdi. Bu yerda qolgani yana o‘zimiz bo‘ldik — menu tovarish Baxtiyor. Ikki musofir. Olis-olislardan kelgan ikki nochor musofir. Butun boshli ulkan musofirxonada. Yo‘q, butun boshli Chapaklar mamlakatida. Sababi ne, buni ayting, tovarish muxtor vakil?
Masalaga siyosiy tus berib vahima qilmang, tovarish Erkin aka! Bizga o‘xshab qiyiqko‘z emassiz-ku, ko‘zingizni kattaroq ochib qarang! Atrofingizda boshqalar ham bor! Masalan, musofirxona xizmatchilari, yuzdan ortiq odam! Bari sizning, siz aziz mehmonning xizmatida, bilib qo‘ying!

Anjuman tugab, ahli mehmon jo‘nab ketganidan beri ahvol shu. Kunda uch mahal tamaddi qilgani shu yerga kiramiz. Yeydigan taomimiz bir xil, aniqrog‘i, lug‘at boyligimizga yarasha. Ya’ni — dengiz ne’matlari, baliq, baliq va yana baliq: qovurilgan, qaynatilgan, bug‘langan, bijg‘itilgan va hokazo, lekin bari baliq. Goho-goho qisqichbaqayu chuvalchanglar ham aralashib turadi. Iloj qancha, dengiz ne’mati! Chuchvaraning xomini ham, pishganini ham uyingizda yeysiz! Buyurtmani tovarish Baxtiyor beradi. Men unga umid bilan tikilaman: yosh, o‘rischa o‘qigan, inglizchani ham bilsa kerak. U kelganimizdan beri allaqanday lug‘atni yonidan qo‘ymaydi, biroq ovqat mahali bor bilimi esidan chiqib ketadimi, nuqul — «fish» (baliq), «chiken» (qovurma jo‘ja go‘shti), «ti» (choy) yoki «bia» (pivo). Ko‘r bo‘llaring! Yashasin «ikkinchi ona tilimiz» — o‘ris tili!
Har gal yemakxonaga kirayotganimizda ikki bukilib ta’zim bilan jilmaygancha «Saida» kutib oladi.
Qo‘lidagi barkashchada bug‘i chiqib turgan nam sochiqchalar. Taom oldidan qo‘llarimizni pokizalab olishimiz lozim. Durust. O’zimizdagidek. So‘ng yana bir tizza bukib, ichkariga ishora qiladi:

«Dasturxonga marhamat etsinlar!» Bunisi ham tuzuk. Ovqat mahali ham eshik oldida qaqqayib,xo‘randalarning imosiga mahtal holda turadi. Barakalla. Biz u bilan allanechuk qadrdon bo‘lib qolganmiz. Birinchi kundanoq. Unga ko‘zim tushganda men, odatimcha, xuddi yosh bolani kuldirmoqchidek jo‘rttaga aftimni burishtiraman. «Saida» bunga javoban shunday yoqimli jilmayadiki... E, yashang-e, Yo‘ldosh aka, koinot kemalari bahona, bir g‘ayrat qilib shu yoqlarga ham kelib ketgan ekansiz-da!

Saida — qo‘shnim Yo‘ldosh akaning qizi. Juda serg‘ayrat, o‘g‘il bolaga o‘xshagan qiz. Maktabda katta o‘g‘lim bilan birga o‘qigan. Yili — ot. Kayfiyatim qanday bo‘lmasin, ko‘cha-ko‘yda uni ko‘rsam, dilim o‘z-o‘zidan yorishib, aftimni boyagidek burishtirib go‘yo mayna qilgan bo‘laman, u ham xuddi shunday javob qilib jilmayadi. Otasi bilan tengdosh, xiyla qadrdon edik. Bir-birimizni «aka-aka»lab izzat qilardik. Juda uddaburon, yovqur yigit edi rahmatli. Hovlidagi barcha yumush-yurishlarning boshida turardi. To‘satdan qoni aynib, devdek yigit, mushtdek bo‘lib qoldi. Bir yilga yetar-etmas olamdan o‘tdi. Koinot kemalari uchiriladigan joylarda xizmat kilgan ekan, boyoqish.

Xo‘sh, Saida qanday kelib qoldi bu yoqlarga? Yo bu «Saida» u yoqlarga borib qolganmikan? Bir-biriga o‘xshagan odamlarning fe’lida ham o‘xshashlik bo‘larkan-da, tavba. Buning ham yili ot bo‘lsa, buning ham oti «s»dan boshlansa ajab emas. Lekin buni so‘raydigan mard qani? Tovarish Baxtiyorning esa holi ma’lum: chiken, piken, fish, bia. He, o‘qigan o‘rischangdan akang!
«Saida»ga qaraymanu Saidani eslayman, Yo‘ldosh akani, Qorasuv mavzeidagi hovlimizni, uyimni,

2

bolalarimni... Me’damga urib ketgan dengiz ne’matlarini nari suraman — ishtaham bo‘g‘ilgan.
— Ha, bo‘lmadimi?
— Lug‘atni puxtaroq o‘rganish kerak, tovarish Baxtiyor! — deyman ta’naomuz o‘pkalab.
— Qachon ketishimiz lug‘atda yozilmagan, — deya o‘zini himoya qilgan bo‘ladi bechora tovarish Baxtiyor.
Bir xil taom, bir xil manzarayu manziratlar naqadar odamning me’dasiga urgan bo‘lsa, yemakxona bo‘ylab pinhona karnaylardan muttasil taralib turadigan allaqanday qo‘shiq ham shunday zeriktirgan.
Holbuki, mayin musiqa ohangi, yoqimli ayol ovozi. Lekin allanechuk junjiktirarli, yurakni ayovsiz g‘ijimlaydi, eza-di; olis, begona bir yurtlar dardi, nafasidan sado beradi. «Vatan obod, xalqlar ozod, hamma baxtiyor» — mazmuni taxminan shunday bo‘lsa kerak.

Ora-orada jo‘shqinroq bir yalla ham yangrab qoladi. Bu — do‘st orolliklarning yurtida tug‘ilgan qo‘shiq, o‘shalarning ko‘ngli uchun havola etilayotir. «Yangi dunyo» epkinlariga bir qadar hamnafas, shodmon, beg‘amroq bu qo‘shiqqa serzavq davra baravar jo‘r bo‘lib, yemakxonani yallaxonaga aylantirib yuboradi. Andakkina rasmiyatdan chiqilsa zir titrab qoladigan mezbonlarga orollik birodarlarining bu kabi erkaliklari uncha malol kelmaydi shekilli, beozor iljayib ta’zim qilib turishaveradi.
Tolorning eng ko‘rkam, eng ko‘rinarli joyida shunday farovon, shunday baxtiyor vatanning ijodkorlari bo‘lmish oliysha’n aka-ukaning hashamatli portretlari yonma-yon turibdi. Hammayoqda shu tartib — ulug‘ dohiy chap tomonda, uning jigari, izdosh-g‘oyadoshi, barcha lavozimlardagi o‘rinbosari, «sevimli rahbar» Men Xon Man o‘ng tomonda. Aka harbiy frenchda, uka zamonaviy kiyim-boshda.

Tarixiy xizmatlariga qarab-da. Aka vatan ozodligi yo‘lida qon kechgan, kurashgan; uka tinch qurilish yillarida rahbarlik qilmoqda. Uni «sevimli rahbar» deb ataydilar. U yoshlarga, ayniqsa, qizlarga sevimli. Ularga sochini kalta qilib qirqishga ruxsatni shu bergan-da. Inqilobiy kurashlarda toblanib, hamon daqqi qarashlar quli bo‘lib kelayotgan akasini ham shu ko‘ndirgan: keling, jigar, shu qurg‘urlar sochini kessa keyaqolsin, bitta-yarimining uzunroq kokili oyoq-poyog‘iga o‘ralishib, yangi jamiyat qurishimizga xalal bermasin!
Xullas, yoshlarning hali undan umidi zo‘r.

Bir mahal qora quyundek bir balo boshimga bostirib kelib, yoqamga yopishdi. Boyagi zanji. Rosa mashqini ko‘rgan ekanmi, bir hamla bilan ko‘kragimdagi O’zbekiston ramzi tushirilgan nishonni yulib oldi. Bu hol shu qadar kutilmaganda, shu qadar betakalluflik bilan sodir etildiki, hangu mang qolishdan o‘zga chora yo‘q edi. Zanji bizga mutlaqo beparvo, qo‘lidagi nishonni harislik bilan aylantirib ko‘zdan kechirarkan, inglizchalabmi nimadir dedi. Tovarish Baxtiyorga qaradim. U yelka qisdi: fish-pish, chikin-pikin, vas-salom. Betakalluf mehmonimiz bizning «soqov»ligimizdan taajjublanib, boshqa bir tilga o‘tdi. Frantsuzcha, ispancha...
qo‘yib bersa, jahondagi barcha zabonda chuldirab chiqqudek!

Shugina bilgan narsani biz bilmasaga!
G’alati odat: biror ajnabiy bilan so‘zlashganda odam negadir o‘zi bilgan til, deylik, o‘ris tilida javob qaytaradi. Bu ham mayli, xuddi suhbatdoshingiz kardek birdan baqirib gap uqtira boshlaysiz: go‘yo u tilingizni biladi-yu, lekin qulog‘i og‘irroq; go‘yo shunday qilinsa, u tilni bilsa-bilmasa, tushunadigandek!
Yashasin «ikkinchi ona tili»miz! O’lgur zanji bu tildan ham xabardor ekan. To‘g‘ri, yantoqqa sudrabroq gapirar ekanu, lekin mayli-da. Tambovmi, Saratovdami o‘qigan emish. Yotoqxonaga qo‘shni sut mahsulotlari kombinati yoki to‘qimachilik fabrikasining sho‘x-shaddod qizlari bu tur ajnabiylarga o‘chroq, umuman, ular boshqa tillardan dars bermoqqa ham usta bo‘ladi.

O’zbekistondan ekanimizni eshitgach, zanji ko‘zi chaqnab xitob qildi:
— O-o, Toshkent! Bo‘lganman, bo‘lganman. Kinofestivalga borgan edim. Zo‘r shahar. Rosa yayraganmiz!
Bo‘lsa bordir: axir, qora Afrikadan vakil qatnashmasa, festival — festival bo‘ladimi! Yayragani ham rost: kelgan mehmonni biz — oq bo‘ladimi, qora bo‘ladimi — boshimizga ko‘tarmay qo‘ymaymiz.
Hozirgina balo misoli bo‘lib turgan odam ko‘zimizga cho‘g‘dek ko‘rinib, mehrimiz tovlanib ketdi:
Toshkentda bo‘lgan ekan, Vatanimizni ko‘rgan ekan! Bu olis musofirliqda u baayni Vatanimizdan bir

3

mujda keltirgandek unga nisbatan ko‘nglimizda bir iliqlik paydo bo‘ldi.
Zanji Toshkentni ta’riflay-ta’riflay, shuning evazigami, nishonimni ko‘kragiga taqib oldi. So‘rash yo‘q, bir og‘iz «sovg‘a qil» demoq yo‘q. Aytishicha, unda dunyodagi barcha davlatning nishonlari bor ekan. Znachok jinnisi emish. O’ziyam bormagan, ko‘rmagan yurti qolmabdi hisob. Mayli, O’zbekistonimiz shu jahongashta zanjining ko‘ksida ham jahon kezsin!

Suhbatdoshimiz kino arbobi ekan. Arbobligi rost shekilli — ijodkor bo‘lsa, dunyo kezmoqqa vaqti qayda! Samolyot poylab qolgan emish. Ertaga Bryusselgami, Kopengagengami uchishi kerak.
Kinofestivalga!
Bu gapdan tovarish Baxtiyor oh tortdi, men uh tortdim. Qandoq baxtiyor zanji! Xohlagan payti xohlagan tomoniga keta oladi!
— Bu yer jonga tegib ketdi, — dedi zanji hasrat qilib. — Dunyoda bunaqa zerikarli mamlakatni ko‘rganim yo‘q!
U men olti kundan beri bosh qotiraverib topolmagan gapni jo‘ngina ifodalab qo‘ygan edi.
So‘ngra bu jahongashta zanji bilan dunyodagi turli mustabidlik tuzumlari to‘g‘risida bahslasha ketdik. Men Afrikayu Amerikadagi irqchilik, aparteid balolaridan so‘z ochib, pisanda qilgan bo‘ldim.
— Yo‘q, — dedi suhbatdoshim keskin bosh chayqab. —Bunaqasi hech qaerda yo‘q... Shoshmang,bor, yana bittasi bor, — deya u aqidaparastlik tuzumiga asoslangan Sharq mamlakatlaridan birini tilga oldi.
Buni qarangki, ittifoqo, bultur men ham xuddi o‘sha mamlakatda bo‘lgan, behad qattiq ta’sirlanib qaytgan edim.

Taassurotlarimizni o‘rtoqlasha boshladik.
— Siz bunaqa tuzumlar bo‘yicha tuzukkina mutaxassis bo‘lib qolibsiz, — dedi suhbatdoshim lutf bilan kulimsirab.
— Yo‘q, bunga hali erta, — deb orolliklar tomon ishora qildim: — Hov anovilarning yurtida bo‘lmaganman.
— Yanglishasiz, u o‘zgacha mamlakat, — dedi zanji e’tiroz bildirib. — Qo‘shnisi kimligini bilasiz!
Chindan ham orolliklar biz muhokama etayotgan mamlakat fuqarolariga aslo o‘xshamas,o‘zlarining sharafiga qayta-qayta eshittirilayotgan qo‘shiqqa baralla jo‘r bo‘lib, restoranni boshlariga ko‘tarib xursandchilik qilmoqda edilar.

...Keyin, Moskovga qaytganimizda elchixonadagi bilgich diplomat do‘stlar ustimizdan rosa kulishdi:
«Voy nodonlar-ey, kelib-kelib o‘shanaqa joyga safar qiladimi odam?»
Nachora, nasibamizda bunisi ham bor ekan: o‘n kun o‘sha yoqlarda tentiramoqqa to‘g‘ri keldi.
Qaysi mamlakatga safar qilmoq foydali-yu, qaysisi zararli ekanini siz — diplomatlar yaxshi bilasiz. Biz buni ko‘zlab yo‘lga chiqqanimiz yo‘q edi. Bizniki ko‘ngilxushi sayohat emas, xizmat safari edi. Bundan nima yutdig-u, nimani yutqazdik — o‘ziga ayon.
Lekin, to‘g‘risini aytganda, shaxsan mening bu safardan ko‘zlagan pinhona bir ilinjim ham bor ediki, u haqda o‘rni kelganda so‘zlanar...

Diplomatlarning mahobat qilib gapirishicha, anjuman tugagunga qadar biz ularning nazoratida turib, so‘ng birdan sirli ravishda g‘oyib bo‘lib qolganmishmiz. (Modomiki fuqarongiz ekanmiz, qidiring edi, so‘rab-surishtiring edi — kasbingiz shu-ku!) Bu holdan qattiq tashvishga tushgan Baxtiyorning —hali uning «tovarish» bo‘lib ketganidan bexabar - otasi Toshkentdan turib eski «aloqa»larini ishga solib, hatto xalqaro manzillar bo‘ylab bizni rosa qidirtiribdi. (Xayriyatki, shu odam bor ekan, bo‘lmasa, hammaning esidan chiqib ketarkanmiz-da!) Qizig‘i shundaki, Buriyoning Moskovdagi elchixonasi ham qayta-qayta so‘rovlarga javoban nuqul «elka qisib» qo‘yarmish! Hazilmi, chinmi, «Aftidan, bular garovga tushgan yo boshqa biror kor-hol ro‘y bergan» degan gumon bilan jahon jamoatchiligiga ovoza qilinishimizga bir bahya qolibdi! «Nima bo‘ldi o‘zi? Qayoqda qolib ketdinglar buncha?»
O’shanda nima bo‘lgan edi o‘zi? Qayoqlarda qolib ketgan edik buncha?

Rosti, bu xotiralarning yozilishidan yozilmasligi aniqroq edi. Safar taassurotlarimni eshitgan hamkasb ukalarimdan biri: «Yozmang shuni, aka! — deb maslahat berdi. — Borgan joyimizni yo ko‘kka ko‘tarib, yo yerga urib yozaverish jonga tegdi. Bilaman, siz bor gapni yozishga harakat qilasiz,

4


lekin nimaga kerak? Harqalay, shuncha kun non-tuzini yebsiz. Yozmang».
Yozmadim.
Goho davralarda jahongashtalikdan gap ketib, har kim o‘zi borgan-ko‘rgan yurtlaridan naql qiladi.
Men ham «To‘ytepadan nari o‘tmagan» xonanishin emasman, dunyoning talay ko‘cha-ko‘ylarini ko‘rdim. Ammo negadir har gal o‘sha o‘n kunlik safar taassurotlaridan so‘z ochaveraman. Eshitgan birodarlar «E, shuni yozmaysizmi, rosa qiziq ekan!» deya qo‘zg‘ab qolishadi.
Yozmadim. Nima hojati bor? Uch:to‘rt yillik gap, xotiralar ham xiralashib ulgurgan. Yozmadim.
Osmonni suyab turganiga ham dunyoni xatlab bermas ekan. Bu orada yuz yoshlarga yaqinlashib qolgan ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men olamdan o‘tib, mamlakat xalqi yetim qoldi. Yurtda bir necha yillik motam e’lon qilindi. Motamga ham, yetim xalqqa ham birov bosh bo‘lmog‘i lozim. Kutilganidek, «Sen yetim emassan!» deya xalqning boshiga «sevimli rahbar» tovarish Men Xon Man chiqdi. Ulug‘ og‘asining shon-sharaflarga burkangan tarixiy yo‘lini og‘ishmay, fidokorona davom ettirmoqqa qasamyod qildi.

Yozmadim. Yangi, hali navqiron «sevimli rahbar»dan qo‘rqqanim, u o‘zigagina ma’lum g‘irrom bir yo‘llar bilan bu yozmishlarimdan xabar topib, mamlakatlararo munosabatlarga putur yetishiyu (go‘yo butun dunyo mening o‘sha tuzum to‘g‘risida nima deyishimga ko‘z tikib turgandek!) o‘zim tag‘in anovi g‘irrom usullar bilan biron baloga giriftor etilishimdan cho‘chiganim uchun emas, albatta. Bu yog‘i endi eski dard — tanballik, hafsalasizlik. Yozmadim.
«Sevimli rahbar»ning omadi chopmadi. Goh mamlakatni suv bosadi, goh tovarish Men Xon Manning arzanda qizi kuyoviga qo‘shilib chet ellarga qochib ketib, tug‘ilgan yurtiga qarata malomat toshlarini otadi. Xullas, huv ajoyib zamonlardagi tinchlik yo‘q endi, xotirjamlik yo‘q. Bamisoli bular bari ulug‘ dohiyning ko‘hna vujudi bilan birga shahar markazidagi ulug‘vor maqbaraga eltib tiqilgandek.

Keyinroq radiodan yana noxush xabar eshitdim: ulug‘ dohiydan meros qolmish gullab-yashnagan sotsializm o‘lkasida yoppasiga ocharchilik boshlanibdi, vabo tarqalibdi. Bahri muhit ortidagi eng xavfli g‘oyaviy g‘anim hisoblanmish ulkan mamlakatdan bu yerga insonparvarlik yordami yuborilayotganmish. Bu ham holva — ulkan mamlakat dunyoning qay burjida biror hodisa ro‘y bergudek bo‘lsa, mudom aralashuvga tayyorligi ma’lum. Eng sharmandalisi shuki, ochlik changalida qolgan mamlakat qon-qarindosh mil atdoshi, ayni choqda qon-qattol dushmani sanalmish g‘arbiy qo‘shnisidan madad so‘rayotganmish...

Bunday xabarlarni eshitgach, safarimizning so‘nggi tongi musofirxonaning yigirma oltinchi qavati derazasi oldida turib kuzatganim — pastdagi hovlilardan birida beg‘am-betashvish halinchak uchayotgan qizaloq, jajji qizaloq ko‘z oldimga keldi negadir. Unga nima bo‘ldi ekan? «Saida»chi, doim jilmayib turadigan ta’zimkor «Saidam»? Yaxshimi, yomonmi, o‘n kunlik diqqinafas safarimiz davomida ertayu kech yonimizda bo‘lgan, biz bilan tillashgan yakkayu yagona zot — tovarish Yakning ahvoli ne kechdi ekan?
Jahongashta zanji bu yurtni «Dunyodagi eng zerikarli mamlakat» degan edi. Rostdan ham shundaymidi? Darvoqe, nimasi zerikarli ekanining o‘zi qiziq emasmi?..

TOVARISH YAK, TOVARISH BAXTIYOR VA TOVARISH MEN (O’ZIM)

Men hech qachon kommunistlar safida bo‘lmaganman va hech kim menga «tovarish» deb rasman murojaat etmagan. Biroq sotsialistik Buriyoda kechgan o‘n kunlik safarimiz mobaynida men ham, hamsafarim Baxtiyor ham «tovarish» bo‘lmoqqa majbur edik. Bizni bu firqaga o‘zicha a’zo qilgan ham, «tovarish»ga aylantirgan ham mezbonimiz — tilmoch va rohbonimiz, chin e’tiqodli tovarish Yak bo‘ldi.»
O’zbek tilida «o‘rtoq» degan so‘z bor. Bu kalima inqilobdan ilgari ham bo‘lgan. Do‘st, birodar, jo‘ra degani. Sho‘ro zamoniga kelib kommunistlar ana shu so‘zni «tovarish»ga aylantirmoqchi bo‘ldilar.
Chamasi, bu iboraning asl mazmunini tovarish kommunistlarning o‘zi-da yaxshi tushunmagan va yoki maslaqdoshlar orasida u anchayin bir shartli o‘ron bo‘lgan, xolos. Shuning uchunmikan, ular bir-

5


birining ko‘ziga cho‘p suqishdan, birov-birovini chalishdan, sotishdan aslo tortinmagan. Haqiqiy o‘rtoq hech qachon bunday qilmaydi-ku! Bizningcha, «tovarish» tushunchasini o‘zbek tilida ifodalash imkonsiz, uning tarjimasi yo‘q va bo‘lishi mumkin emas; «o‘rtoq» ma’nosida olingani esa — o‘lganning kunidan, tamom. Shu masalada o‘zbek tili chindan ham «ikkinchi ona tilimiz»dan qashshoqroq, e’tirof etmoq darkor.
«Tovarish» so‘zi kommunistlarga yarashadi, kommu-nistlar — «tovarish» so‘ziga. Boshqa gap yo‘q.
Aeroportda peshvoz chiqqan g‘oyaviy hushyor tovarish Yak bizni bir zumda o‘ziga o‘xshatib oldi:
Baxtiyor — tovarish Baxtiyor, u meni «aka» degani uchun men — tovarish Erkin aka.
Mezbon dastavval menga ko‘l uzatdi, men bilan salomlashdi. Keyin ham jami iltifotu mulozamatning quyug‘i menga bo‘ldi. Baxtiyordan yoshim kattaroq ekani, sochimga oq oralab qolgani uchungina emas, yo‘q, buning boshqa sababi bor ekanki, o‘rni kelganda aytaman.

O’zini tanitishicha, tovarish Yak xorijiy ishlar vazirligidan ekan. Chamasi, boshqa joyda ham xizmat qilsa kerak. O’rischani bir o‘risdan yaxshi bilsa biladiki, aslo kam emas. Bir-ikki bor Rossiyada bo‘lgan ham, u yerda kechayotgan jamiki o‘zgarishu yangiliklardan boxabar, lekin dunyoqarashida zarracha og‘ish yo‘q — sobit. Uning fikricha, Rossiya kommunistlari — shonli sotsializm g‘oyalarini imperializmning sarqiti bo‘lmish koka-kolayu pepsi-kolaga almashgan yaloqxo‘r sotqinlardir, vassalom.

Bir kun emas, bir kun bu sharmandali qilmishlari uchun tarix oldida javob berishlari muqarrar!
Tovarish Yak yaqin o‘tmishimizdan bizga tanish komsomol arboblarining aynan o‘zi edi. Hamma savolga javobi tayyor. Bir qolipda. Murvati burab qo‘yilgan temirtan deysiz go‘yo. Ammo noqulayroq savol berib qo‘ysangiz, astoydil ranjiydi: biz sizlarga shunchalik izzat-ikrom ko‘rsatsag-u, sizlar esa —ay-yay-yay!
Bu to‘tiqushning gaplari goho shu qadar ensani qotirardiki, bora-bora o‘zimni tiya olmay, chimdib-chimdib gapiradigan bo‘lib qoldim. Keyin-keyin oshkora zaharxandaga o‘tdim. Bunday paytda u ham kinoyaomuz o‘shshayib qo‘yardi: hah nodon-a, hah buzuq dunyoning g‘ofil nusxasi-ya! Shuncha yil sotsializmda yashab, uning afzalliklarini anglab yetmagan nonko‘r, noshukr yoki ochiqdan-ochiq —kapitalizmning malayi!
(Yaqin o‘tmishda o‘zimizda ham sersavolroq odam shakkok, g‘alamis hisoblanar, peshonasiga «siyosiy ko‘r», «ongsiz» degan tamg‘alar bosilar edi.)

Bunday munosabatlarimizning oqibati shu bo‘ldiki, tovarish Yak endi men, ya’ni delegatsiya rahbaridan bezillab, bor-yo‘g‘i delegatsiya a’zosi bo‘lmish yuvosh, kamsuqum tovarish Baxtiyor bilan muomala qiladigan bo‘ldi. Deylik, biror maslahat chiqib qolsa, u avval tovarish Baxtiyorga aytadi, tovarish Baxtiyor keyin menga «tarjima» qiladi. Bu hol odatiy risolaga mutlaqo zid edi, ammo nachora — qaltis vaziyatda raqib bilan murosaga bormoqning boshqa yo‘llarini ham qidirmoqqa majbursiz.
Orani yumshatish maqsadida bir kuni zaxiramdagi turshagu mayizdan (umrida ko‘rmagan ne’matlar!) kattagina bir tugun yasab uning qo‘liga tutqazdim: «Bola-chaqangga olib borarsan, sovg‘a». «Mening bola-chaqam yo‘q! — dedi u askarlarga xos bir o‘ktamlik bilan dona-dona qilib. — Va umuman, bizda bunaqa sadaqalar rasm emas. Sizga maslahatim: boshqalarga bunaqa qilako‘rmang!»

Bu gapga ishonay degan edim — harqalay, pokdomon sotsialistik munosabatlar-da — butkul yolg‘on bo‘lib chiqdi. Anjuman nihoyasida o‘zaro sovg‘a-salom almashuv shunchalik avj oldiki, ulug‘ dohiy ziyoratiga quruq qo‘l bilan borgan bizning delegatsiya (tov. Baxtiyor va tov. men) xijolatdan qochishga joy qidirib qoldik. Qavatma-qavat yugurgilab shoyi bog‘ichli turli-tuman quti — sovg‘a ulashuvlarni ko‘rib boshingiz aylanib ketardi. Xayriyatki, ular asosan o‘zlariga g‘oyadosh tomonlar bilan oldi-berdi qilishar ekan, xolos. Biz endigina mustaqillikka chiqib, o‘zaro munosabatlarimiz hali tayin etilmagan bo‘lsa-da, har ehtimol, tovarish Yak ulug‘ dohiyga atagan biror nimamiz bormi-yo‘qligini surishtirdi. Ko‘limizni burnimizga tiqib turganimizni ko‘rib, qulochini mujmalgina ikki yonga yozib qo‘ydi: o‘zlaringdan ko‘ringlar, sovg‘adan quruq qoldinglar!
Lekin xolisanlillo aytganda, tovarish Yakning boyagi taxdidli maslahatida ozroq jon ham bor ekan.

6

Kunda-kunora kiyim-kechagimizni yaraqlatib yuvib, dazmollabu ohorlab qo‘yadigan musofirxona xizmatchisiga, minnatdorlik sifatida, tovarish Yak rad etgan mayiz-turshagimni hadya etmoqchi bo‘lganimda, sho‘rlik ayol bezgak tutgandek devorga qapishib qoldi: yo‘q, yo‘q, yo‘q! Safarimiz qarib, ketar chog‘imiz meni necha kun «Mersedes»ida yayratib yurgan qoqichak haydovchiga bir-ikki quti a’lonav sigaret tutqazganimda, u sovuqqina iljayib cho‘ntagidan o‘zinikini chiqardi: rahmat, rahmat, men mana bunaqasidan chekaman.

Menimcha, har ikkalovi ham qo‘rqdi, shu bahona sinab ko‘rib, qo‘lga tushirmoqchi, deb o‘yladi.
Demak, pastdagilarga ruxsat yo‘q — pora hisoblanadi, yuqoridagilarga esa bemalol — sovg‘a,do‘stona sovg‘a!
Nega tovarish Yakning bola-chaqasi yo‘q? Darvoqe, bu yurt odamlarining, birov-yarim oshkora qartayib qolganini aytmasa, yoshini aniqlash ham oson emas: aft-bashara bir xil, kiyim-kechak bir xil, gap-so‘z bir xil.
Bizni taajjubga solib tan olishicha, siyosiy hushyor, g‘oyaviy toblangan bu mahmadana tovarishimiz bor-yo‘g‘i yigirma olti yoshda ekan. «Uylanishga hali uch yil bor. Vatanga xizmat qilish kerak avval!» deydi pinak buzmay: Vataningga xizmat qilsang — qilaver, buning uylanishga nima daxli bor? Uylangan odam vataniga xizmat qilolmaydimi? Xotini xalaqit beradimi? Unda, maqsad vatanga xizmat qilishgina bo‘lsa, uylanib nima foyda — bo‘ydoq o‘tgan afzal emasmi? Darvoqe, uylanishga hali uch yil bor, dedimi? Nega uch yil — ikki yoki to‘rt yil emas-u, aynan uch yil? Keyinroq, orqavarotdan eshitishimizcha, tovarish Yakning uylanish-uylanmasligi yoki qachon uylanishi uning moliyaviy ahvoli (uy-joy, kelinga sep-mep deganday) yoki erkaklik mayliga emas, ulug‘ dohiyning xohish-qaroriga bog‘liq ekan.

Xullas, nari-beri mendan yigirma yoshlar kichik shu tovarish butun safarimiz davomida har yo‘l bilan bizga hukmini o‘tkazdi desa bo‘ladi. Bu o‘rinda mehmon-mezbon munosabatlari boshqa masala, ular o‘z yo‘liga, aynan mavjud rasmiyatu tartibot ustida gap borayotir.
Bu hol aeroportdanoq o‘zini ko‘rsatdi. Tovarish Yak meni bargrang «Mersedes»ga taklif qilib, o‘zi haydovchining yoniga o‘tirdi. Shunda tovarish Baxtiyor mening yonimga o‘tirmoq bo‘lib eshikni ochayotuvdi, rohbonimiz shartta mashinadan chiqib yo‘lini to‘sdi va uni eltib nariroqda turgan avtobusga joylab keldi. Sherigim uchun xijolat chekib, «Nega bunday qildingiz, mana, mashinada joy bor-ku?» deganimda tovarish Yak hali o‘zim ham bexabar bo‘lgan yangilikni aytdi: «Siz — delegatsiya rahbarisiz!» So‘ng yuzimdagi taajjubni o‘qibmi, chap qoshini ma’nodor kerib qo‘ydi: tartib shunday!

Delegatsiya rahbari emishman! Yetti uxlab tushimga ham kirmagan. Nachora, bularda tartib shunaqa ekan. Demak, bu tartibshunos men haqimda o‘zimdan ham ko‘proq narsani bilsa ajab emas.
Shunday tartib keyinchalik ham biror o‘rinda buzilmadi. Men gerdayib «Mersedes»da yuraman — boyoqish Baxtiyor «el qatori» avtobusda; men qo‘sh to‘shakli hayhotdek serhasham xonada turaman — Baxtiyor chog‘roq bir hujrada; oliymaqom ziyofatlarda men boshqa stolda (rahbarlar davrasida) o‘tiraman — Baxtiyor boshqa stolda («o‘zi tengi»lar bilan); menga ulug‘ dohiyning yontasviri tushirilgan sersavlat asl charm papka sovg‘a qilinadi — Baxtiyorga o‘quvchi bolalar ko‘tarib yuradigan oddiy so‘mka; majlis-marosimlarda ham men bir qadam oldinda yurishim kerak — Baxtiyor bir qadam orqada; xuddi shuningdek, men taklif etilgan boshqa-boshqa yuksak davralarga bechora Baxtiyorga yo‘l bo‘lsin!

Safarga bir xil maqomda jo‘nagan hamrohlar adolatli sotsialistik tuzum sharofati bilan shu tariqa ikki toifaga ajraldik-qoldik. Tovarish Baxtiyor ham katta idoralarda ishlashini, o‘ziyam juda yaxshi yigit, Moskovlarda o‘qigan zo‘r jurnalist ekanini aytib necha bor dalolat qilib ko‘rdim, ammo bu o‘lgur tovarish Yak qarorida qat’iy edi: nu i chto, tovarish Erkin aka, qoida shunday!
Bir-ikki kun o‘zaro noqulaylik tuyib yurgandek bo‘ldig-u, so‘ngra har kim o‘zining mavqeiga ko‘nikib ketdi: men — o‘zimning rahbarligimga, Baxtiyor — o‘zining a’zoligi, ya’ni menga tobeinligiga. Ajab qanoat!
Mavridi keldi shekilli, bo‘ynimdagi qarzni uzib o‘tmasam bo‘lmas. Men keyinchalik ham talay safar-sayohatlarga bordim, har xil kishilar bilan uzangi-yo‘ldosh bo‘ldim, lekin to‘g‘risini aytsam, shu

7

yigitdek kamsuqum, shunday madaniyatli, odmi-odobli, shunday sabr-bardoshlisini kam ko‘rdim.
Toshkentga qaytgach eshitib-bildim: Baxtiyor bir vaqtlar katga amaldor bo‘lgan baobro‘ bir odamning farzandi ekan. Uning o‘rnida boshqa bo‘lganda, bizga o‘xshaganlarni oyog‘i bilan ko‘rsatishi tayin edi.
U yog‘ini so‘rasangiz, ba’zi bir jihatlarga ko‘ra, men emas, Baxtiyor, tovarish Baxtiyor delegatsiya rahbari bo‘lmog‘i lozim edi. Ammo birgina tovarish Yakka ma’lum sabablarga binoan bul yuksak martabaga men noil ko‘rildim. Bu tomoni endi kalning boshiga tasodifan baxt qushi qo‘ngandek bir gap.

Ana shunday sirli-qudratli tovarish Yak o‘n kun mobaynida biz bilan birga bo‘ldi. Nimani ko‘rgan, nimaniki bilgan bo‘lsak, barini shuning ko‘zi bilan ko‘rmoqqa, shuning so‘zi orqali bilmoqqa mahkum edik. Qolganlari — o‘zimizning fahm-farosatimizu shundoq sergak tovarishga ham ustalik bilan chap berganimiz, uning chor-atrofni biryo‘la ko‘ra biladigan o‘tkir ko‘zlarini shamg‘alat qilganimiz tufayli.
Bekor fursatlar o‘zimiz mustaqil ravishda biror yoqqa yo‘l olgudek bo‘lsak, o‘shshayib ro‘paramizdan chiqadi. Bezabonlik qursin, biror nima zarur bo‘lib, aytgan raqamiga sim qoqsak, u bir zumda paydo bo‘ladi. Oradan necha kunlar o‘tib, tasodifan payqab qoldik: u ham biz turgan musofirxonada istiqomat qilar ekan. Atay biz uchun, bizga ko‘z-quloq bo‘lib turmoq uchun bo‘lsa kerak-da. Buni yashirib yurganini qarang o‘lgurning!
O’tgan shu o‘n kun mobaynida men uning metin dunyoqarashiga hujum qilib, u esa menga chap beraverib charchamadik. Bor siyosiy bilimimni ishga solib, rad etib bo‘lmasdek tarixiy-amaliy dalillarni ro‘kach qilib munozaraga kirishar, u sig‘ingan tuzumning avra-astarini ag‘darib tashlamoqqa urinar ekanman, o‘lgur raqibim mehmonning izzatiga bo‘lsin, andak yon bermoqni xayoliga ham keltirmasdi.

So‘nggi zarbani ketar kunimizga qoldirdim. Axir, bu xumparning bor vujudi tayyor g‘oyalaru bir qolipga joylangan daqqi qarashlardan iborat emasdir, yurak atalmish matohdan xudo bunga ham bir chimdim ato etgandir — bir shoirona zarba qilib ko‘ray-chi! Shuncha vaqg bazo‘r tiyib yurgan zardamni birvarakay to‘kib solib (endi bu kasofatning qo‘liga tushmasman-ku!), shoirimizning mashhur «Tilla baliqcha» she’ri mazmunini sharhlab berdim unga. Sen ana shu baliqchasan, tovarish Yak, lekin tilla baliqsan, bilib qo‘y, tilla! Qiyiq ko‘zlaringni yirib atrofga boqqil, atrofing — ko‘lmak, sassiq hovuz!
Yigirma olti yil davomida vujud-vujudiga singib ketgan og‘uni o‘n kunlik achchiq pisandalar bilan qondan quvib chiqarib bo‘larmidi?! Biroq mening bu so‘zlarim samimiy edi, astoydil achinganimdan edi. Tovarish Yak esa tabiatan o‘ta zukko, o‘ta zehni baland yigit edi — munozaralarimiz asnosi bunga amin bo‘lganman. Harqalay, xayrlashar chog‘imiz u allanechuk ma’yus tortib qolgandek ko‘rindi ko‘zimga. Xiyla betgachopar, shartakiroq bo‘lsa-da, nonko‘rroq bo‘lsa-da, o‘n kun birga yurgan mehmonlaridan ajralayotgani uchunmi yo ko‘nglida allaqanday shubha-gumonlar paydo bo‘lib, boshqa allanimalar nish urib qoldimi — u yog‘i menga qorong‘i. Harnechuk, uning metin dunyoqarashida qandaydir alg‘ov-dalg‘ov ro‘y bergani, bilinar-bilinmas darzlar paydo bo‘lgani aniqdek
edi.

Yaxshimi, yomonmi, mayli-da, umrimning unutilmas o‘n kuni o‘tgan shu mamlakat haqida har qanday xabar qulog‘imga negadir qattiqroq o‘rnashadigan bo‘lgan. Goho radiodan eshitib qolaman:
xalq demokratik respublikasi bo‘lmish Sharqiy Buriyodan bir guruh odam qo‘shni G’arbiy Buriyoga qochib o‘tganmish. O’sha qochqinlar orasida o‘n kun bizga hamroh bo‘lgan, rohbonlik qilgan tovarish Yak ham bormikan, degan mubham o‘ylarga boraman. O’n kun birga yurib bildik-da: tovarish Yak harholda oddiy «baliq» emas edi.
Darvoqe, uning oti nimaydi? Oti bormidi o‘zi? Balki siz eslarsiz, tovarish Baxtiyor?...

CHAPAKLAR EGASI

Bu aslida afrikalik qoravoylaru aksari orollar-da kun kechiruvchi qiyiqko‘zlar anjumani ekan. «Olifta» Ovrupodan, Amerika qit’asi va bir guruh arab davlatlaridan ham vakillar talaygina. «Uchinchi dunyo» mamlakatlari axborot ummonining g‘avvoslari, darg‘alari va hokazo namoyandalari. Tovarish

8

Baxtiyor ikkalamizdan boshqa deyarli barchasi yo ovrupo tillarida, yo arab tilida so‘zlashar ekan.
Ko‘pchiligi o‘zaro tanish, mana shunaqa baynalmilal gurunglarda uchrashaverib osh-qatiq bo‘lib ketgan. Bu kabi izdihomlarda ilk bor qatnashayotgan, bir vaqtlar yer kurrasining oltidan bir bo‘lagini zabt etgan sobiq sho‘rolar mamlakatidan borgan bor-yo‘q vakil — tovarish Baxtiyoru men; bir chetda shumshayib yuribmiz. Xayriyat, yonimizda «tashqi dunyo» bilan aloqa bog‘lab turuvchi yagona, lekin pishiq-puxta rishta — tovarish Yak hoziru nozir.
Anjuman benihoya muhtasham, har jihatdan alomat va barcha qulayliklari muhayyo, ulug‘vor qurultoylar saroyida ish boshladi. Tovarish Baxtiyor ikkimizning o‘rnimiz tolorning orqaroq qatorlaridan birida ekan. Hartugul, shu yerda yonma-yon o‘tirishimizga ruxsat bor shekilli. Quloqqa taqiladigan tarjima uskunalarini o‘zimizcha sinovdan o‘tkazib, qo‘limizga tutqazilgan bir dasta qog‘ozu daftarni aqlimiz yetganicha ko‘zdan kechirib o‘tiribmiz.

Ishchan bir qiyofa kasb etib olganmiz.
Garchand dunyoning huv bir chetidan uzoq yo‘l bosib kelgan bo‘lsak-da, na bu yig‘inning ahamiyatidan, na maqsad-muddaolaridan durustroq xabardormiz. Borasizlar, deyildi — keldik. Ro‘yi zaminning har yeridan shuncha odam yig‘ilib kelibdimi, demak, arzirli bir gap bo‘lsa kerak-da.
Bir payt tolor bo‘ylab ajib bir mayin sas taraldi. U tobora kuchayib, tog‘ jilg‘asining tovushini oldi, keyin bir tekis sharshara ohangiga aylandi. Tolordagi allanimalar shunday aks sadoga moslangan ekanmi, bu ohang — nola shu qadar yoqimli, allalovchi ediki, bor ixtiyoringizni unga topshirib, bir yoqlarga oqib ketgingiz kelardi...
Hamma baravar o‘rnidan turib ketdi. Hay’at sahnasiga ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men kirib kelgan edi! Chapak shuniki ekan, shu oliy zotning oliy sharafiga ekan! Dohiyning ortidan yaqin safdoshlari — siyosiy byuro a’zolari, arkoni davlat, anjuman tashkilotchilari hamda eng muhtaram mehmonlardan vakillar ko‘rindi. Chapak battar avjiga chiqdi, biroq bu hol nechundir g‘ashga tegmas — quloqni qomatga keltirmas, aksincha — xush yoqar, go‘yo odamni mayin bir maromga solib tebratar, yelpitar, allalar edi. Ajab hol!

Anjumanni kecha aeroportda mehmonlarga peshvoz chiqqan, ko‘zlari odatdagidan qisiqroq va yonoqlari bo‘rtiqroq bo‘lganidan mudom jilmayib turadiganga o‘xshash barvasta zot — mamlakat markaziy telegraf mahkamasining rahbari hisoblanmish axborot vaziri muxtasargina olqish so‘zi bilan boshlab, hozirgi siyosiy vaziyatni dohiyona tahlil etib, dohiyona yo‘l-yo‘riq qo‘rsatish, ya’ni tarixiy ma’ruza qilib berish uchun ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Menni ko‘pdan-ko‘p ta’zim-tavozelar ila minbarga taklif etdi. Yana qarsak— yana sharshara! Gulduros qarsaklar, davomli qarsaklar! Yana, yana va yana!
Dohiy minbarga chiqib tarixiy ma’ruzasini boshlamaguncha chapak ham tinmadi, majlis raisiga o‘xshab jami mezbonlar allanechuk some holatda ta’zimdan bosh ko‘tarmay turdilar. Ehtiromning zo‘rligini qarang!
Dohiy minbar qoshiga keliboq, odatdagidek, tantanavor tin olib turmay birdan engashib tarixiy ma’ruzasini o‘qiy ketdi. Ajabo, o‘rnidan turayotganida qo‘lida qog‘oz-pog‘ozi yo‘q edi, nimaga qarab o‘qiyapti ekan? Demak, bari minbarning o‘zida, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan, shundoq kelasizu o‘qib ketaverasiz. Ma’ruzachi oldidagi matnni birinchi bor ko‘rayotgan bo‘lsa ham ajab emas. Lekin u ming bir chig‘iriqdan o‘tkazilgan, bari o‘zining fikrlari, aniqrog‘i — o‘zi aytadigan, aytishi kerak bo‘lgan gaplar. Binobarin, hech bir ortiqcha tashvishu taraddudga hojat yo‘q.

Ma’ruza, chamasi, boya majlis raisi ta’kidlagan «hozirgi siyosiy vaziyatning dohiyona tahliliyu kelajakning dohiyona bashoratlari va yo‘l-yo‘riqlari»dan iborat edi. Uning deyarli har jumlasi gulduros qarsaklar bilan olqishlab turildi desa, lof bo‘lmas. Zotan, bu xil namoyishlar bizga begona emas —ommaviy chapakbozlik muhitida o‘sib-ulg‘ayganmiz. Ko‘zlarimiz ko‘nikib, quloqlarimiz toblana-toblana chiniqib ketgan. O’-o‘, bir chapakbozliklarni ko‘rdik, bir chapakbozliklarni ko‘rdik, ta’rifiga so‘z qayda!
Bog‘cha yoshidan boshlab chalganmiz chapakni. Goho shunday berilib ketardikki, majlis-marosimdan keyin kaftlarimiz bir necha kun lovillab yurardi. Buyam bir mehnat-da. Og‘ir mehnat! Ayniqsa,minbardan chiqayotgan gaplar shunchaki havoga uchayotganini, hech qachon amalga oshmasligini sezib-bilib tursangiz! Ayniqsa, balandparvoz shior shaklida otilayotgan bu so‘zlar ishonch-

9

e’tiqodingizga zid bo‘lsa, teskari bo‘lsa-yu, o‘zingizni samimiy, sadoqatli ko‘rsatib, bor kuchingiz bilan kaftni kaftga urmoqqa mahkum etilsangiz! Og‘ir, juda majburiy mehnat! Ko‘pni ko‘rgan kattalarku bora-bora bu ishning mashqini olib qitmirona yo‘llarini topishadi, ammo hali hech gapdan bexabar, beg‘ubor ko‘ngilli bolaginalarga xiyla jabr. Safarimiz davomida shunday manzaralarga ko‘p bora duch keldik. Ayniqsa, poytaxtdagi Xon Man Men nomi bilan ataluvchi namunaviy kashshoflar saroyiga borganimizda bizni olqishlab chapak chalgan, uzundan-uzoq chapak chalib turgan bolakay va qizaloqlarning qo‘lchalariga jonim achib ketdi. E, bas, jinnivoylar, bas! Biz bu yerga shunchaki sizlar bilan tanishgani, sizlarni ko‘rgani keldik. To‘g‘rirog‘i, bizni bu joyga ma’lum bir rejaga binoan, majburlab olib keldilar. Ochiq chehra va bu qadar marhamat bilan kutib olganingiz uchun tashakkur,
minnatdormiz. Ammo biz nima karomat ko‘rsatdik, sizlarga nima sharofat keltirdikki, bunchalik kuyib-pishib chapak chalyapsizlar? Ko‘yinglar, bas endi, qo‘lchalaring og‘riydi! Shu behuda harakatga ketgan vaqtu kuch-quvvatingizni boshqa foydaliroq ishga sarf etganingizda, o‘zingiz ham, yurtingiz ham bunday ko‘yga tushmagan bo‘lardi.
Uginalarda-ku gunoh yo‘q — yosh bola, biroq mana bu, jonini jabborga bergudek zo‘riqib-kuchanib chapak urayotganlarga nima deysiz!

Majlis olti tilga tarjima qilinmoqda edi. Ichida bizga tushunarli birorta til yo‘q. Biz biladigan birdan bir «xalqaro til» — o‘ris tili, ammo uni «tilga olmoq»qa hazar qiladilar bu yerda. To‘g‘ri, anjuman ahli orasida rusiyzabonlar ham bo‘lsa bordir, kechagina shu til bu o‘lkada ham «ikkinchi ona tili» maqomida bo‘lgan. Lekin bugun u — muqaddas sotsializm g‘oyalariga shak keltirgan, xiyonat qilgan sotqinlar tili; «bu tilda so‘zlagandan ko‘ra tillarimiz uzilib tushsin!» Shu yo‘l bilan o‘rislardan, Rossiyadan go‘yoki bir o‘ch olinayotir. Uning «ulug‘ va qudratli»ligi o‘ziga buyursin!
Birov-birovingda o‘ching bor ekan, o‘zing hisob-kitob qilavermaysanmi, tovarish Baxtiyor bilan menda nima ayb? Uch kun bir joyga qadalib o‘tirib hech baloni tushunmaydigan bo‘lsak, bu yerga kelib nima qiddik? Chamasi, bu izdihomda o‘ris tilidan boshqasini bilmaydigan «bezabon» biz ikkalamiz edik, xolos.
La’natlar bo‘lsin! Dorilfununda talabalik yillarimiz dilbargina chet tili muallimamiz bilan talashganimiz talashgan edik: «Biz kelajakda jurnalist bo‘lamiz, yozuvchi:shoir bo‘lamiz, tarjimon-tilmoch emas sizga o‘xshab! Chet tili kerak bo‘lsa, o‘zingiz o‘rganavering! Umrimizda biror marta chet elga chiqamizmi, yo‘qmi, xudo biladi, shugina uchun «gud bay-pud bay»ni yodlab o‘tirishimiz shartmi? «Ikkinchi ona tilimiz»ni bilib olsak bas, bizning makkamiz — Moskov!» Bu yog‘i mana bunaqa bo‘lib o‘sha «gud bay-sud bay»larga dar qolib o‘tirishimizni kim bilibdi deysiz! La’natlar bo‘lsin!

Shu o‘ylar bilan tarjima go‘shagini ermakka aylantirib o‘tirarkanman, ajnabiy chuldirashlar orasida bir tilga oid ayrim kalimalar yuragimga yaqin, qulog‘imga qadrdondek eshitila boshladi. Ko‘p so‘zlari tanish, tushunarli, ajabo! Arab tili! Bora-bora gap nima haqtsa ketayotganini anglaydigan bo‘ldim.
G’ayrat qilsam, bu ketishda uch-to‘rt kundayoq muqaddas kalomulloh tilini uncha-muncha bilib oladigandekman. Anjuman soatlari mashg‘ulotim ham, ovunchoq-ermagim ham shu bo‘lib qoldi.

Ammo bizning g‘amimizni yeb qo‘yganlar ham bor ekan. Ertasi kuni hali majlis boshlanmasdan mehribonimiz tovarish Yak ulug‘ dohiyning kechagi ma’ruzasi o‘rischa matni bosilgan bejirimgina broshyurani qo‘limizga tutqazdi. (U ahvolimizdan xabardor edi, shubhasiz!) Taajjubdan og‘zimiz ochilib qoldi: to‘g‘ri, dohiyning ma’ruzasi, tarixiy ma’ruza, biroq qachon tarjima qilib, qachon nashr etib ulgurishdi ekan? Nahotki, tovarish Baxtiyor ikkalamiz uchungina qilingan bu ish? Ajab emas, chunki anjuman ahli orasida bizdan boshqa «bezabon» bo‘lmasa kerak. Ikki kishinigina deb atay kitob chiqarish aqlga sig‘adigan ish emas, albatta. Lekin o‘rislarning naqli bilan aytganda — zo‘r maqsad yo‘lida har qanday mablag‘dan ham ko‘z yumsa arzir! Muayyan bir g‘oya, mafkurani targ‘ib etish,
singdirishning eng soz, eng ishonchli usuli shu — sarf etilajak sarmoyaning yuziga qaramaslik!
Chuchmalzabonroq bir domlamiz lutf etganidek — «ofarin va tasanno» demoqdan o‘zga iloj yo‘q!
Safarimiz davomida keyin ham bunaqa hozirjavob nashrlardan ancha-munchasiga ega bo‘ldik.
Qaerga bormang, qo‘lingizga bir dasta kitobu taklifnomayu tashrifnoma tutqaziladi. Olsangiz ham

10

olasiz, olmasangiz ham olasiz! Qoida shu, majbursiz, bo‘yin tovlab ko‘ring-chi! Bu risolalarning aksariyati ulug‘ dohiy qalamiga mansub bo‘lib, o‘ris tilida ham chop etilgan (aftidan, bizga o‘xshaganlarga mo‘ljallab) va «Qo‘shni G’arbiy Buriyo bilan qo‘shiluvning besh (etti yo o‘n) sharti» deb atalar edi. Ular turli yillarda chiqarilgan, yil sayin qo‘shiluv shartlari ortib borardi. Bir qarashda olijanob maqsadni ko‘zlab yozilgandek tuyuladigan bu asarlarning turgan-bitgani riyodan iborat edi. (Musofirxonada zerikib o‘tirganlarimda erinmay o‘qib chiqdim-da!) Barining mazmuni deyarli bir xil.

Boshida sotsializm g‘oyalarining jozibadorligi to‘lib-toshib ta’riflanadi, Marks, Engels, Lenin va Mao Szedundan iqtiboslar keltiriladi, so‘ngra asosiy maqsadga ko‘chiladi: «Qarang, qandoq ajoyib tuzumda yashamoqdamiz biz! Sizu biz — bir millatmiz, qondoshu qarindoshmiz, bir jon — bir tanmiz, keling, eski ginalarni soqit qilib, yangicha asosda birlashaylik! O’shanda siz ham biz kabi ajoyib tuzumda yashaydigan bo‘lasiz! Buning uchun esa mana bu, mana bu, mana bu shartlarimizga ko‘nmog‘ingiz lozim. Ammo, bizga ma’lum bo‘lishicha, sizning bu shartlarga qo‘shilmoq niyatingiz yo‘q. Negaki, sizni yirtqich, yovuz kapitalizm balosi yo‘ldan urib ulgurgan, bedavo dardga yo‘liqib bo‘lgansiz. Shunga ko‘ra biz siz bilan aslo-aslo birga bo‘lolmaymiz! Afsus, afsus!»
Shuningdek safsatalarga to‘la kitoblardan olam-jahoni yig‘ilib qolgan ekan, qaytar chog‘imiz bularni nima qilishni bilmay, tovarish Baxtiyor ikkimizning rosa boshimiz qotdi. O’zimizni ko‘tarib ketsak ketardikki, ularni olib ketolmasdik. Tashlab ketish ham noqulay, boz ustiga xatarli: xonalarimiz biz yo‘g‘imizda har dam, har daqiqa muntazam tekshirib turilishi tayin — sinab ko‘rganmiz! O’ylay- o‘ylay oxiri bu «nodir» nashrlarni Toshkentdan patir-matir, yegulik ul-bul solib kelgan karton qutiga joylab, go‘yo shoshilishda esdan chiqarib qoldirgandek, tovarish Baxtiyorning (mening emas, zinhor-bazinhor — delegatsiya rahbari-ya!) xonasidagi bir burchakka tiqib qo‘ydik. (Keyin bu la’nati yukni aeroportda g‘amxo‘r tovarish Yakning qo‘lida ko‘rib, Baxtiyor ikkalamizning aqldan ozib qolayozganimizni ham aytaymi?!) Ulug‘ dohiyning ijodi Toshkentga qaytib kelganimdan so‘ng ham tinch qo‘ymagani, meni ta’qib etganiga nima deysiz!

Buriyoning mamlakatimizdagi muxtor vakili bir kuni mashinasiga bayroqcha tikib, o‘zining ta’biri bilan aytganda, meni muborakbod etgani bir-ikki mulozimi bilan ishxonamga tashrif buyurdi. Qo‘limni qattiq qisib ko‘risharkan, yuzimga ajib bir havas va samimiyat bilan boqib, ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men ila uchrashmoq, salomlashmoq va hatto birga suratga tushmoqdek yuksak sharafga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat mamnunligini izhor etib, meni qizg‘in va astoydil qutladi. Keyin «Qimmatli sovg‘amizni qabul etgaysiz!» deya zarqog‘ozga o‘ralgan salmoqligina bir nimani qo‘limga tutqazdi. Rasmiyatga ko‘ra, uni darhol ochib ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim. Bu — ulug‘ dohiy
tovarish Xon Man Men qalamiga mansub esdaliklar kitobining o‘ris tilidagi yaltiroq muqovali, benihoya ko‘rkam, hashamdor nashri edi! Odob yuzasidan kitobni varaqlay turib, bu qadar qimmatli tuhfasi uchun tovarish muxtor vakildan bag‘oyat minnatdor ekanimni izhor etmoqqa majbur bo‘ldim.

— Ha, ha, chindan ham nodir asar! — derdi sho‘rlik tovarish muxtor vakil gapimga chippa-chin ishonib, hayajon aralash. — Yaqindagina nashrdan chiqdi!
So‘ng ulug‘ dohiyni ham, nodir asarini ham qo‘yib, boshqa safar taassurotlariga ko‘chdik. Mening anchayin mehmonnavozlik yo‘liga aytayotgan lutfu lofga qorishiq so‘zlarimni jon qulog‘ini berib tinglarkan, tovarish muxtor vakil diplomatlik mavqeini ham esidan chiqargandek, zavqini yashirolmay o‘rnidan qo‘zg‘alib-qo‘zg‘alib qo‘yardi. Shunda men o‘zim ham kutmagan qitmirona bir savol bilan unga murojaat qilmoqqa jur’at etdim. So‘radimki:
— Xabaringiz bordir, tovarish muxtor vakil, safar chog‘i biz go‘zal poytaxtingizdagi eng ma’lumu eng mashhur musofirxonada istiqomat qildik. Anjuman tugab hamma ketgach, unda sherigim — tovarish Baxtiyor ikkimiz hamda orollik o‘n-o‘n besh chog‘liq tovarishlar qoldi, xolos. Ikki qanotdan iborat, qirq besh qavatli butun bir ulkan binoda! Ayting-chi, bu holning, bunday isrofgarchilikning sababi nima? Bu ko‘rnamaklarcha berilgan savoldan esankiramadi ham, bir zum bo‘lsin o‘yga ham tolmadi — javobi tap-tayyor ekan bachchag‘arning:
— Buni biz oldindanoq hisobga olgan edik. Azbaroyi siz aziz mehmonlarning hurmatingiz uchun

11

shunday qilindi — boshqa begona odam qo‘yilmadi musofirxonaga! To‘g‘ri, orada bir guruh xitoylik vatandoshlarimiz kelib ketishdi-yu, ammo ular oddiy sayyohlar bo‘lib, sizlarga xalal bermasligi bizga ma’lum edi. Qolaversa, boshqa odam yo‘q edi demang, musofirxonada necha o‘nlab kishi sizlarning xizmatingizda bo‘ldi...
Yo tavba, bu gapga nima deysiz! Battar shakkokligim tutib, tovarish muxtor vakilga qattiq, sinovchan tikildim. Ammo u bir zum ham ko‘zini olib qochmadi! O’ziga, o‘zlarining haqligiga ishonchi shu qadar zo‘r. Unga boqarkanman, bu odamni ilgari ham qaerdadir ko‘rganga o‘xshadim. Bo‘ldi, bo‘ldi, esladim: tovarish Yak! Xuddi o‘zginasi! Akasimi, amakivachchasimikan bu? Kim bilsin, lekin —bir xil, bir qolipdan olingandek bir xil-a!
...Nihoyat, har luqmasi gulduros qarsaklar bilan olqishlab turilgan tarixiy ma’ruza gulduros qarsaklar ostida yakunlandi. Minbardan tushgan ma’ruzachi qaytib joyiga kelib o‘tirmay, o‘sha qarsagu olqishlarga chulg‘anib to‘ppa-to‘g‘ri majlisxonadan chiqib ketdi. Xuddi «Sinchalak»dagi errayim rais Qalandarov kolxoz pravleniesining yig‘inini tark etganga o‘xshab: «Sizlar majlis qilib turinglar, mening boshqa boradigan joylarim bor!»
Keyin ma’lum bo‘lishicha, ulug‘ dohiy anjuman ahli bilan butunlay xayrlashib ketmagan, asosiy uchrashuvlar hali oldinda ekan. Dastlabkisi shu yerning o‘zida, tushlik tanaffus chog‘idayoq sodir etildi. To‘g‘ri, hozircha ramzan, g‘oyibona — suratlar orqali...

Ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Menning hayoti va ijtimoiy faoliyatiga bag‘ishlangan tantanali fotoko‘rgazma majlisxonaga yondosh uzun bir tolor bo‘ylab namoyish qilindi. Hamma suratda — ulug‘ dohiy va sevinchu baxtiyorliklaridan yuzlari gul-gul yonib turgan xalq vakillari, hammasida — ulug‘ dohiy va ishlab chiqarish ilg‘orlari. Ko‘pchiligida dohiy xalq xo‘jaligining turli tarmoqlariga bevosita rahbarlik qilayotgani, qimmatli yo‘l-yo‘riq, maslahatlar berayotgani aks ettirilgan. Lekin manzara deyarli bir xil: u zot qo‘lini paxsa qilib nimadir demoqda, orqasidagi bloknotu ruchka ko‘targan bir to‘p odam shosha-pisha yozib olmoqda. (Keyin bildim, televizorda ertadan kechgacha takrorlanadigan axborotlarda ham xuddi shu ko‘rinish ekan: qo‘l o‘sha-o‘sha paxsa, atrofda o‘sha-o‘sha bloknotchilar.)

Ba’zi suratlarda dohiy qiziqroq gap qilganmi, barcha chapak chalib uni olqishlamoqda. Biroq suratlarning bari yuksak sifatli, tahsinga loyiq saviyada olingan va ishlangan. Muhimi — benuqson!
(Bu so‘zning izohini mavridi kelganda bilib olasiz.) Qandoq eplashdi ekan?..
E’tibor berib qarasangiz-qaramasangiz, ushbu suratlarda ham, majlis-marosimu ko‘cha-ko‘yda ham barchaning ko‘kragida bir xil belgi — ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Menning siymosi tushirilgan nishonni ko‘rasiz. Hamma yer, hamma joyda! Ataylab o‘zim ser solib yurdim. Ha, darvoqe, bunday nishon taqmagan odam bor ekan. Bittagina. Butun mamlakat bo‘yicha yakkayu yagona! O’zlari!

Kamtarlikni qarang, balli-e!
— Tovarish Xon Man Men juda kamtarin odam, — deydi suratlarga izoh berib yonimizda yurgan tovarish Yak. — Qarang, hamisha xalq ommasi bilan birga!
— Juda-juda, — deyman uning gapini ermakka ma’qullab. — Ko‘rinib turibdi. Bunaqasi bo‘lmagan!
Sezgir tovarish Yak yalt o‘girilib, shunda menga ilk bor ishonchsizlik bilan yovqarash qilib qo‘yadi.
Keyin bunaqa nishonni men xalqaro Xon Man Men jamiyatining (bilib qo‘ying, shunaqa jamiyat ham bor!) a’zolari bo‘lmish fin sayyohlarining ko‘kragida ham ko‘rdim. Biz ular bilan Moskovga qaytayotib samolyotda tanishib qoldik. Siposurat Buriyodan kelayotganlariga sira ishonmaysiz —barining egnida yoshiga nomunosib allaqanday yengiltak, olabayroq kiyim-bosh, qo‘llarida yonchiqsimon yapasqi shisha, kela-kelguncha samolyotni boshlariga ko‘tarib konyak ichib kelishdi.

O’zlari bilan kifoyalanmay, boshqalarga, jumladan, bizga manzirat qilishdi. Yo bebiliska mehmonsiylov, yo baquvvat Ovrupo aqchasiga sho‘rlik qashshoq Buriyo musofirxonalari qoshidagi maxsus do‘konlardan arzon-garov sotib olingan matoh shekilli-da.
Bu g‘oyaparastlarning orasida birorta yoshrog‘i yo‘q edi, bari allaqachon nafaqaga chiqqan qari-qartang. Nafaqaga chiqiboq bekorchilikdan mazkur jamiyatga a’zo bo‘lib kirishibdi. Shuning evaziga har yili bu yoqqa kelib, allaqaysi oroldagi so‘lim bir go‘shada bir oydan hordiq chiqarib ketisharmish.
Tekindan-tekin. Yaxshi-da, ermak. Qariganda birov hisobidan bunday ko‘ngilyozar sayohat kilib yurish

12

kimga yoqmaydi? Jamiyatning maqsadi — ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Menning hayotbaxsh g‘oyalarini dunyo bo‘ylab keng yoyish, targ‘ib etishdan iborat ekan. «Qalay, dunyo tan olyaptimi?» deb so‘rasam, yonimda o‘tirgan antiqa qalpoqli shirakayf qariya hafsalasizgina qo‘l silkidi: «Kim ishonardi deysiz!» «O’zingiz-chi, o‘zingiz qanday e’tiqod qo‘ygansiz?» «Men... Biz endi ketyapmiz, birodar! — dedi allanechuk hasrat bilan uh tortib va apil-tapil yonidan yapasqi shishachasini oldi.
—Ma, ozgina ichaqol, iltimos! Zo‘r konyak, tovarish Xon Man Menning shaxsan o‘zi sovg‘a qilgan!»
Shundan keyin u o‘rindiq ostidagi to‘rvadan bir quchoq keladigan og‘ir kitobni chiqarib menga ko‘rsatdi. «Xon Man Men entsiklopediyasi» deb atalmish bu ulkan kitob unda-munda emas, katta bir davlatda nashr etilarmish.
O’zimizning sho‘roviy dohiylarga andarmonu mahliyo bo‘lib, dunyo miqyosida mana bunday boshqa-boshqa dohiylaru jamiyatlar, maxsus entsiklopediyalar borligidan g‘ofil qolib yuravergan ekanmizda! Yurgan, ko‘rgan — biladi.
Buriyo hukumati tomonidan berilgan kechqurungi ziyofatda ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men bilan yana uchrashmoq sharafiga muyassar bo‘ldik.

Ziyofat ta’rif-tavsifga sig‘maydigan jannatmisol bir saroyda o‘tdi. Tovarish Yakning aytishicha, bu muazzam koshona atigi bir yarim yil ichida bunyod etilgan ekan. Aql bovar qilmaydi. Darvoqe, anjumanimiz o‘tayotgan tantanalar saroyini ham xuddi shuncha muddatda qurib bitkazildi, degan edi bu mahmadona. Qiziq, bu yerda qaysi binoni so‘rasangiz, bir yarim yilda qurilgan, deb g‘ururlanishadi. Nega bir yoki ikki yilda emas-u, aynan bir yarim yilda? Muammo, yana bir muammo.
Yeki sotsialistik majburiyatlari shundaymikan? Balki bular ham hov bizga o‘xshab, hamma narsani o‘zlarining «noyabr bayramlari»ga mo‘ljallayverib, shunday bo‘lib qolgandir...
Ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men bir to‘p a’yonlari va allaqanday harbiylar bilan kirib kelganida ziyofat ahli uni odat bo‘iicha oyoqqa turib, gulduros qarsaklar ostida olqishlab kutib oldi. Dohiyni u yoq-bu yog‘ini ko‘z ilg‘amas hayhotdek charog‘on tolorning o‘rtasidagi eng katta stolga boshladilar. U boshini har yonga burib, jonsizgina qo‘l silkigancha olqishlarga javoban salomlashgan bo‘ldi.

Turli kattalikdagi doirasimon ziyofat stollari ana shu markaziy stolning tevaragiga joylashtirilgan bo‘lib, ularning bu stolga uzoq-yaqinligi mamlakatlararo siyosiy munosabatlarning quyuq-suyuqligiga qarab belgilangani qiziq edi. Go‘yo — sen o‘zimnikisan, maslaqdoshu g‘oyadoshmiz, yonginamda o‘tir;
sen ham bizga qayishib turasan, yaqinroq kelaqol; sening esa kimliging, nimatigingni hali bilib ulgurmadik, mayli, o‘sha yerda o‘tiraver; hap senimi, sening joying huv uzoqda, o‘zing ham, g‘oyang ham bizga yot-begona.
Shu hisobda orolliklarga o‘xshagan do‘st mamlakatlarning vakillari — delegatsiya boshliqlari markaziy stolda — dohiyning davrasida o‘tirishlari mutlaqo tabiiy edi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar hali mavhumroq bo‘lgani uchun meni ham, har ehtimolga deb, o‘rtaliq bir joyga o‘tqazgan edilar. Lekin, odatdagidek, delegatsiya rahbarlari davrasidaman. Tovarish Baxtiyor ham, odatdagidek, o‘ziga o‘xshaganlar bilan birga huv nariroqda o‘tiribdi.

Ziyofat dasturxoniga negadir allaqanday harbiy kishi, aftidan, yerostimi, yerustimi qo‘shinlari qo‘mondoni kosagullik qilmoqda edi. Yo so‘zga chechanroq, qo‘shinlariga qo‘shib bunaqa marosimlarni ham boshqarishga mohir, yo dohiyning yaqin safdosh jo‘ralaridan bo‘lsa kerak.
Kosagul, tabiiyki, ko‘p ta’rif-tavsifdan so‘ng birinchi bo‘lib so‘zni ulug‘ dohiyga berdi. Dohiy o‘rnidan shaxdam turib, to‘rt tarafga qaray-qaray nutq irod eta ketdi. Men, albatta, hech baloga tushunmay o‘tirardim. Garchi bu tarixiy nutq ham chor tarafdan xalqaro tillarga paydar-pay tarjima qilib turilganiga qaramay. Tushunganda nima, baribir emasmi menga? Qolaversa, uning taxminan nima deyayotganiyu nima demog‘i mumkinligi shusiz ham barchaga ayondir.

«Saksondan sakrab o‘tgan» otaxon hali xiyla tetik, bardam ko‘rinardi. Kayfi ham chog‘. Har gal kuzatganimdek, kostyumining pastki tugmasi qadalmagan — shunga odatlangandir.
Ha-a, chol hali bardam! Bu kishim bardam bo‘lmay kim bo‘lsin! Butun boshli mamlakat boshiga ko‘tarib, hukmiga hoziq tursa! Ko‘ngli tusagan-tilagani hamisha muhayyo bo‘lsa! Gird-atrofida ne-ne do‘xtiru davokor parvona! Yeydigan-ichadigani tabiatning eng nozik, eng musaffo go‘shalaridan

13

keltirilib, ming bir sinov, ming bir chig‘iriqdan o‘tkazib berilsa! «Maqsadga nomuvofiq», noravo biron bir xabar bu kishimning muborak quloqlariga yetkazilmasa, sovuqroq shamol bu kishim tomonga esmasa, har ne tashvishu tahlikadan mudom muhofaza etib turilsalar — bu kishim bardam bo‘lmay, men bo‘laymi!
Diqqinafas elchining pichirlab ma’lum qilishicha, ulug‘ dohiy talay yillardan buyon mamlakat ahvolidan bexabar — xalq hayotiga doir haqiqiy ma’lumot undan qattiq sir tutiladi. Asosiy mashg‘uloti — bayramu tantanalarda oliy sharofatli ishtirok, nutqu ma’ruza qilmoq, olqishu chapaklarga chulg‘anib yurmoq, xolos. Necha yildirki, u gazeta o‘qimaydi, televizor ko‘rmaydi. Undoq bo‘lsa, mamlakat rahbari mamlakat hayotiga oid xabarlarni qayoqdan oladi? Tashvishlanmang, buning yo‘li allaqachon topilgan...
Otaxon xushhol iljayganicha nimanidir, chamasi, suronlarda kechgan inqilobiy hayotidan qiziqroq bir lavhanimi yoki xalqaro inqilobiy harakatga doir biror ibratli voqeanimi maroq bilan hikoya qilar, davradoshlari anqaygan ko‘yi unga mahliyo bo‘lib qolgan edi.

Mayli, ulug‘ dohiy tarixiy kechmishidan lof uraversin, biz dasturxonga qaraylik, axir, ziyofatga deb kelganmiz!
Ziyofat deganlari chinakamiga shohona edi. Biz ham yurgan ekanmiz oshu kabob deb, taomning turu turfasi bu yoqda ekan! Olib kelinayotgani nima, olib ketilayotgani nima — bilolmay boshingiz aylanib ketadi. Umringizda tatib ko‘rmagan taomlar, ta’mlar! Toshbaqaning tuxumi deysizmi-ey, chuvalchangsho‘rva deysizmi-ey! Nozikta’bligimu chimxo‘rligim pand berdi qurg‘ur! Sariq tarvuzni ko‘rganmisiz? Bizning xayolimizda tarvuz faqat qizil bo‘ladi, ya’ni qiziligina — shirin. Ammo sariq tarvuz yemabsiz — bu dunyoga kelmabsiz! Biz uni ko‘rdik ham, to‘yib-to‘yib yedik ham. Turli-tuman jimjima idishlardagi ichkiliklarni aytmaysizmi! Garchi o‘zi g‘oyaviy raqib sanalsa-da, o‘risning arog‘idan tortib mashhur darmondori — jenshengacha serob — sen je, men je! Poqdomon arab ahli
«kofir»larga o‘qrayib, sharbat ho‘plab o‘tiribdi.

Chamasi, otaxon dasturxonni kengu ziyofatni shohona qilib, jumlajahon vakillarining bir tahsinini olmoqchi bo‘lgan: mana, ko‘rib qo‘ying bizni!
Darvoqe, bu orada u chapaklar bo‘roni ostida tarixiy nutqini tugallab, navbatdagi so‘z do‘st orolliklar delegatsiyasining rahbariga berildi.
Ziyofat shu tariqa bir alyoru bir qadah maqomida borardi. Daf’atan otaxon shartta o‘rnidan turdiyu a’yonlarini ergashtirib eshik tomon yo‘naldi. Hamma birdan oyoqqa qalqib, odatdagidek, ulug‘ dohiyni chapagu olqishlar bilan kuzatib qoldi.

Chapaklar ostida kirib kelib, chapaklarga burkanib chiqib ketdi. Bul zotning yurgan yo‘li — chapak, borgan yeri — chapak. Uzundan-uzoq umri chapagu olqishlar og‘ushida o‘tayotir.
«Chapak» — talaffuzi buzuq, qandaydir harfi tushib qolgan chala bir so‘zdek tuyuladi menga. Asli, deylik, «chalpak» bo‘lganmikan? Biroq bu boshqa tushuncha, ma’nosi boshqa. Chalpak — ba’zi viloyatlarimizda faqat ta’ziya marosimlarida pishiriladigan, qozonda yoqqa qovurib olinadigan yupqagina xamir taom. Shundanmi, «Chalpagingni yeyin» degan qarg‘ish ham bor — «o‘l, o‘lganingda isqotingdan tatib ko‘ray» mazmunida. Harholda, bu ko‘pam iliq-issiq ibora emas. «Urib chalpak qilib tashladi», ya’ni — o‘ligini cho‘zib qo‘ydi, yupqasini chiqarib yubordi; yoki: «Chalpakka o‘rab tashlasang, it ham qaramaydi». It ham qaramasa, demak, mutlaqo yaroqsiz, keraksiz bir nimarsa ekan-da. Xo‘sh, chapakka burkab tashlasa-chi? Har qancha aziz matoh bo‘lmasin, kaftlar orasida shapatilanaverib u ham yupqa tortib, to‘zib, siyqalanib ketmaydimi? Keyin unga hatto it ham qaramay qo‘ymaydimi? Umuman, shu ikki so‘z bir negizdan emasmikan?..
...Ammo na chapak, na olqishlar umrni uzaytira olar ekan. Ulug‘ dohiyning o‘limi bu haqiqatni isbotladi. U baribir yuz yoshga yetolmadi. Bunisi endi chapagu olqishga emas, Yaratganning irodasiga bog‘liq ekani osiy bandasiga ayondir!

14


YO’TALMAY TURIB «TARIXGA KIRGANIM» NAQLI

— Iloji boricha birpas yo‘talingizni tiyib tursangiz, — dedi tovarish Yak meni chetga tortib. — Hozir hayotingizda eng unutilmas voqea sodir bo‘ladi — ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men bilan uchrashasiz!
Yo‘g‘-e, tarixga kirarkanmiz-da, baxtiyor bo‘larkanmiz-da! Bunday sharafdan uncha-muncha odam o‘zini yo‘qotib qo‘ymog‘i, hayajonga tushmog‘i turgan gap, albatta. Men hayajonlanmadim, chunki tomog‘im qichishib, battar yo‘tal tutdi. Bu balo menga samolyotda ilashib, mana, necha kundirki, dam-badam xuruj qilib kelayotgani rost edi.
Taraddudlanib qolganimni ko‘rib tovarish Yak muddaosini dangal oshkor qildi:
— U zotga yuqtirib qo‘yishingiz mumkin, ehtiyot bo‘ling!
Obbo, gap bu yoqda deng! Ensam qotganini yashirib o‘tirmadim:
— Xayr bo‘lmasa, tovarish Baxtiyor uchrasha qolsin dohiyingiz bilan! Ana, qarang, u yo‘talmayapti!
Tovarish Yak odaticha pinak buzmay sovuqqina kesib gapirdi:
—Tovarish Baxtiyor uchrashmaydi, unga mumkin emas!
Xullas, yo‘talmay tursang bas — tarix seniki!
Biz gavjumlashib qolgan qabullar tolorida turardik. Yo‘l bo‘yi necha-necha chig‘iriqdan omon o‘tib, odatdagidek, roppa-rosa bir yarim yilda bino etilgan bu azim saroyga hozirgina kirib kelganmiz.
So‘nggi chig‘iriqdan ham qutulib ichkariga qadam bosgan kishi dastlab nima qilarini bilmay bir zum sarosimada qoladi, keyin pastak mizlarga terib qo‘yilgan anvoyi shirinliklaru ichimliklarga unnab, allanechuk bir o‘ng‘aysizlikni yengmoqqa tirishadi.

Bir mahal zahilbashara, qotma bir odam yonimizga keldi. Tovarish Yak uni menga tanishtirdi:
partiya markazqo‘mi targ‘ibot va tashviqot bo‘limining mudiri tovarish Mayda Xon ekan. Bizda allaqachon kompartiyaning avra-astari ag‘darib tashlanganigami, bir vaqtlar sirli-vahimali ko‘ringan bu kabi mansab-lavozimlar menga endi anchayin erish, hatto masxaraomuzdek tuyulardi.
Nimasidir badiiy havaskorlik dastalarining rahbarlariga o‘xshab ketadigan tovarish Mayda Xon meni xoliroq burchakka yetaklab, qo‘lida bir varaq qog‘oz-chizma, yo‘l-yo‘riq bera boshladi. U ham, o‘z navbatida, kamina hozir naqadar ulug‘ baxtga musharraf bo‘lajagimni, bu uchrashuvning tarixiy-siyosiy ahamiyatini qayta-qayta ta’kidladi. Yo‘riqchim o‘ris tilida binoyidekkina gapirar, oltmishinchi yillari rasmiy vakillar safida tajriba almashgani O’zbekistonga ham kelgan, Toshkentni ko‘rgan ekan.

Buni eshitib ko‘nglimda bu odamga nisbatan allaqanday yaqinlik, xayrixohlik paydo bo‘ldi.
Tovarish Mayda Xon uchrashuv chog‘i o‘zimni qanday tutmog‘im, qaerda, kimning yonida turmog‘im lozimligini erinmay, hatto ijikilab tushuntirgach, o‘ziga o‘xshash yo‘riqchi orqali o‘sha zambiyalikmi, zimbabvelikmi zanjini topib ko‘rsatdi, bizni tanishtirdi va tegishli katagiga qizil qalam bilan belgi qo‘yilgan chizma-qog‘ozni qo‘limga tutqazib, dalda bergandek yelkamga qoqa-qoqa meni uchrashuv boshlanayotgan muhtasham tolor eshigiga ro‘para qildi.

Biron bir aksilg‘oyaviy buzg‘unchi-qo‘poruvchi yovuz niyatdami yo hazillashibmi granata-pranata solib qo‘ymadimikan degan xavotirda, har ehtimolga qarshi, yon-verimni paypaslay-paypaslay, eshik og‘zida sovuq g‘o‘ddayib turgan maxsus soqchilarga yaqinlashdim. Ulardan biri sezgir tayoqchasi bilan chirillatib tamomi joyimni, butlarimning orasini ham tekshirib chiqib, uchrashuv toloriga yo‘l ochdi.
Yop-yorug‘, shifti baland, bahavo bu uzunchoq tolorning keng sahnini burchak-burchagiga qadar enlab cho‘g‘dek gilam to‘shalgan, devor tomonda to‘rt zinadan iborat allaqanday temir qurilma yuksalgan edi. «Tarixga kirish» tolori. Bizni o‘rtadagi to‘rtburchak hoshiya bo‘ylab ma’lum tartib bilan saf tortishga da’vat etdilar. Men alanglay-alanglay zambiyalikmi, zimbabvelikni topib, yoniga turib oldim.
Shu zaylda o‘n-o‘n besh daqiqa unsiz qotib turildi. «Tarixga kirish» oldidan o‘lik sukunat. Daf’atan chapak yangrab, to‘rdagi eshikdan ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men siymosi ko‘rindi. Ortida bir to‘da a’yonu akobirlari. Qizig‘i shundaki, ular ham chapak chalib kelmoqda edi. Dohiyning o‘zidan boshqa hamma!

15

U chapaklar bo‘roni ostida to‘rtburchak safga yaqinlashar ekan, allanechuk jonsiz, behafsala qo‘l silkib salomlashgan bo‘ldi. Shu on, ko‘kragidagi yaltir-yultirlariga qaraganda, vatan oldida zo‘r xizmatlar ko‘rsatib qo‘ygan yuksak martabali bir harbiy zot oldinga tushib, qo‘lidagi qog‘ozdan saf boshida turgan kishining nomi va kelgan mamlakatini tantanavor tarzda e’lon qildi. Ulug‘ dohiy bilan salomlashar ekan, sho‘rlik orollik ehtiromining zo‘ridan ikki bukilib qolay dedi. Dohiy u bilan uzoqroq, quyuqroq so‘rashdi, chamasi, qandaydir sho‘xroq gap ham qildi va sersoqol dohiy do‘stiga salom yetkazmoqni tayinladi.
Tanishuv shu tariqa davom etib kelardi. Avval nomingiz, so‘ngra kelgan mamlakatingizning nomi.
Dohiy asta qo‘l uzatib, bilinar-bilinmas bosh irg‘ab qo‘yadi. Bu asnoda g‘o‘ddayib turgan kim, ehtiromu hayajondan titrab-qaqshab qolgan kim!

Dohiy biz sari yaqinlasharkan, boyadan beri boshimni qotirgan «Bu harbiy jarchi hammani qayoqdan taniydi? Adashib-yanglishib ketmasmikan?» degan xavotir-jumboqqa javob topildi: biz uning qo‘lidagi ro‘yxatga binoan safga tizilgan ekanmiz, bor sir-sinoati shu, xolos.
Nihoyat, mening ham nomim yangrab, buzuq bir talaffuzda «U-uzbekistan» deya e’lon qilindi.
O’rtabo‘y, yapasqibashara, kostyumining tubangi tugmasi qadalmagan (keyin e’tibor qildim: aksariyat a’yonlari shuginada ham bu zotga taqlid qilar ekan), ko‘zoynakli bir kishi qarshimda to‘xtab, qo‘l uzatdi. Men ham qo‘limni cho‘zdim. Bir soniyalik nigoh, salom-alik. Shu, tamom. Lekin shu bir soniyalik salomlashuvning siyosiy-tarixiy ahamiyati... asti qo‘yaverasiz!

Salomlashuvdan so‘ng uni ortidan kuzatarkanman, daf’atan taajjubda qoldim. Avvalgi uchrashuvlarda yo tuzuk qaramagan, yo e’tibor qilmagan ekanman: ulug‘ dohiyning gardanida choynaqdek g‘urra toshib turardi! Nima bu? Xatarli o‘sma emasmikan ishqilib? Hali tovarish Yakdan so‘rab ko‘rarman.
Tanishuv marosimi poyoniga yetib, chapak yangradi. Bu gal chapakka dohiyning o‘zi ham qo‘shildi — hamjihatlikka nima yetsin, kommunistlarcha tenglik ramzi bu!
Keyin ulug‘ dohiy bilan suratga tushish marosimi boshlandi. Hamma qo‘lidagi chizmaga qaray-qaray, devorga yondosh temir qurilmaga chiqib joy-joyini egallamoqqa kirishdi. Mening o‘rnim oxirgi qatorda — qurilmaning eng baland pog‘onasida edi. Chiqib qarasam — o‘rnimni kimdir egallagan.

Boyagi zambiyalikmi, zimbabvelikmi safdoshimga o‘xshaydi ham, o‘xshamaydi ham. Bu o‘lgurlarning bari bir xil, ajratish oson emas. Bo‘lgani bo‘lar deb, indamay uning yoniga turib oldim. Turib oldimu tuyqus haqiqiy safdoshimga ko‘zim tushdi: u uchinchi qatordami, to‘rtinchi qatorda joyini qidirib, uloqib yurardi. Mayli, qo‘shiluvchilar o‘rni o‘zgargani bilan— yig‘indi o‘zgarmas. Xato bo‘lsa ham juda unchalik katta xato — tarixiy-siyosiy ko‘rlik emasdir. Tarixga zambiyalik yo zimbabvelik bo‘lib kirsangiz nima qipti, kirganingiz hisob-da, to‘g‘rimi?
Ulug‘ dohiy taomilga ko‘ra eng oldinda — o‘ng yonida orolliklar delegatsiyasining novcha, oqsoch rahbari, so‘l yonida yana bir do‘st mamlakat vakili bilan birinchi qatorda turardi. Ro‘parada —jonsarak suratgirlar. Tarixiy daqiqalar yaqinlashmoqda. Mana, nihoyat, ketma-ket chaqmoq chaqnay boshlaydi: chiq-chiq, chiq-chiq, chiq-chiq. Ketidan chapaklar yangraydi. Bu gal endi gulduros, davomli chapaklar, tantanavor chapaklar! Bo‘ldi, biz tarixga kirib bo‘ldik!

Ana shu minnatdor olqishlar ostida ulug‘ dohiy odatdagidek allanechuk behol, behafsala qo‘l silkib xayrlashadiyu bizni «tarihda qoldirib», o‘zi boyagi mulozimlari qurshovida eshik tomon yuradi.
Bu uning biz bilan so‘nggi ko‘rishuvi emas edi. Aslida biz xayrlashmagan ekanmiz. Bu mamlakatda necha kun yashagan bo‘lsak, u hamisha biz bilan yurdi, ya’ni hamisha ko‘z o‘ngimizda turdi: ko‘cha-ko‘yda ham, majlis-mashvaratlarda ham, devoru peshtoqlarda ham, katta-kichikning ko‘kragiyu gap-so‘zida ham...
Bu zotning soxt-sumbatiyu yurish-turishi menga ilgaridan tanish kimlarnidir eslatdi. Deylik, aft-angori o‘z zamonasida yoshlarga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashib, «adabiyotning jallodi» sifatida nom chiqargan bir oqsoqolimizga o‘xshasa, loqaydgina, behafsala qo‘l silkib qo‘yishi esa yana bir dovdirroq ustozimizni yodga solardi. Qabullar toloridan chiqqanimni bilaman — eshik og‘zida poylab turgan g‘amxo‘r tovarish Mayda

16

Xonu jonsarak tovarish Yak va yana allaqanday tovarishlar guvva yopishib, qo‘llarimni talasha-tortisha siqib, «ulug‘ dohiyni ko‘rmoq sharafiga, qo‘l olishib salomlashmoq baxtiga muyassar bo‘lib, tarixga kirganim» bilan meni qutlay, olqishlay ketishdi-ku! Agar bu sho‘rliklar musulmon qavmidan bo‘lganida bormi, meni shu tobda aziz-avliyoga aylantirib, barmoqlarimni yuz-ko‘zlariga surtib tavof qilishlari ham turgan gap edi. Shaxsga sig‘inish deganlarining chek-chegarasi yo‘q ekan-da. Bu borada, tavba qildim-u, xudoyim ham yarim yo‘lda qolib ketar ekan!
Tovarish Yak darhol qabul chog‘i yo‘talgan-yo‘talmaganimni surishtirdi. Mening yo‘talimni cheklash to‘g‘risida qattiq topshiriq olganmi yo hayot-mamot masalasimi bu unga — kim bilsin! Lekin buni qarangki, na qabul — tanishuv chog‘i, na suratga tushish marosimi mobaynida yo‘talibman-a! Ulug‘ dohiyning sharofatidanmi yo salobati tufaylimi, yo‘talim esimdan chiqib, shu bo‘yi batamom qolib ketganiga nima deysiz, qoyilmisiz? Tarixga kirish deb mana buni aytadilar!

Saroydan qaytayotib yo‘lda g‘urradan gap ochgan edim, tovarish Yak chayon chaqqan misoli chiyillab yubordi:
— Nichego podobnogo! Bu gapni qaytib og‘zingizga olmang! Ko‘zingizga shunday ko‘ringan bo‘lsa kerak...
Chindan ham ko‘zimga bir balo bo‘lgan shekilli, shu kecha televizor oldida o‘tirib harchand tikilmayin, bugungi marosimlar haqidagi axborotda dohiyning gardanida hech nima ko‘rmadim. Yo bir mo‘jiza ro‘y berib g‘urrasi, choynakdek keladigan g‘urra so‘rilib ketdimikan? Axir, ekranda u oliymaqom gardanning o‘zini ko‘rmagan bo‘lsam nima qilay! Dohiy bo‘ynini burgan zahoti kadr almashinib ketaveradi. Yo qudratingdan! Mahoratingga tasanno!
Ertasi kuni batartib tovarish Yak ulug‘ dohiy bilan tushgan suratlarimiz bosilgan bir dasta gazeta va uning kattakon konvertga joylangan rangli ko‘rkam nusxasini keltirib qo‘limga berdi. Bu rasm hozir uyimda, ish bo‘lmamda esdalik bo‘lib turibdi. Kimki mening «tarixga kirganim»ga ishtiboh bildirsa, marhamat, kelib ko‘rishi mumkin!

SHAXSAN O’ZLARIGA SHON-SHARAFLAR BO’LSIN!

Bugun ertalab tovarish Yak sovuq xabar keltirdi: Buriyoda yana besh kun qolar ekanmiz! Ora buzilgach, uning aytishicha, Moskovdan qatnaydigan samolyot haftada bir martagina keladigan bo‘libdi. Shu hisobda uyga qaytishimizga, bugunni qo‘shmaganda, yana besh kun bor.
Anjuman kecha tugadi, bugun hamma yurt-yurtiga jo‘nab ketadi. Biz esa tag‘in besh kechayu besh kunduz bu yerda qolmoqqa mahkummiz. Tezroq ketishning boshqa iloji yo‘qmi? Bor, albatta, Pekin orqali uchishingiz mumkin, marhamat. Ammo buning uchun ancha-muncha sarmoya kerak bo‘ladi.

Sizning cho‘ntagingizda esa o‘ris rublidan o‘zga hech vaqo yo‘q, binobarin, Moskov samolyotini kutmoqqa majbursiz. G’arbiy Buriyo poytaxti orqali uchish haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emas — bizning ul dushman mamlakat bilan, o‘zlaringga yaxshigina ma’lum, havo aloqamiz yo‘q, bo‘lishi ham aqlga sig‘maydi. Qolaversa, yirtqich kapitalizm hukmron u yurtda bir zum tekinga nafas ham ololmaysiz...
Xo‘sh, besh kun bu yerda qolib nima bilan mashg‘ul bo‘lamiz? Nima yeb, nima ichamiz? Qaerda istiqomat qilamiz? Kimning hisobidan?

Tovarish Yak ermak kilgandek kulimsirab yelka qisdi:
— O’ylab ko‘ringlar, biror chorasi chiqib qolar.
Nimani o‘ylab ko‘ramiz? O’ylasak-o‘ylamasak, cho‘ntaklarimizda Moskovga qaytishga yetadigan o‘ris rubli bor, xolos. Bari hisob-kitobli, ortiqcha bir chaqamiz ham yo‘q. Bunaqa kunga qolishimiznitush ko‘ribmizmi? Nima qilsak ekan-a?
— Bunisini endi o‘zlaring bilasizlar, — shunday deb yaramas tovarish Yak qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi.
Xudo yolg‘onchi qilmasin, har birimizning cho‘ntagimizda yana yigirma dollardan aqcha bor edi. Lekin yigirma dollar nima degan gap? To‘rt quti bundayroq sigaret yoki besh-olti shisha «bia», vassalom! Aytishicha, tovarish Baxtiyor shuniyam sarflab qo‘yibdi — otasining dardman oyog‘iga deb

17

allaqanday malhamdori sotib olganmish. Mana sizga bu yog‘i! Men shu zormondani ham mahkamada katta bir lavozimni egallab o‘tirgan akaxonimizga qo‘ng‘iroq qila-qila bazo‘r, sog‘ tishini sug‘urgandek bir azobda undirgan edim. «Mayli, cho‘ntak puli qilarsizlar», deya zo‘rg‘a imzo chekib bergan edi u azamat.
O’n kunlik safarga — yigirma dollar cho‘ntak puli, kulgili emasmi bu, masxara emasmi? Qaysi bir xizmatlari evaziga hozir mamlakatma-mamlakat elchilik qilib yurgan o‘sha akaxonimizga yigirma dollar berib ko‘ring-chi, olib ketini artarmikan?

Shu taxlit tovarish Baxtiyor ikkimizning boshimiz qotib o‘tirganda qayoqdandir tovarish Yak, og‘zi qulog‘ida, xushxabar bilan .kirib keldi:
— Bir-birovlariygni tabriklashlaring mumkin, qolgan besh kunlik barcha sarf-xarajatni — musofirxona haqiyu restorandagi yeyish-ichishlaringni Buriyo xalq demokratik hukumati o‘z zimmasita oladigan bo‘ldi!
Uning tantanavor gap yo‘siniga hamohang men ham shunday tantanavorlik bilan, minnatdorlik aralash xitob qildim:
— Yashasin Buriyo xalq demokratik respublikasining beva-bechoralarga mehribon, g‘amxo‘r, olijanob hukumati!
— Ana bu boshqa gap, tovarish Erkin aka! — deya maqtadi meni tovarish Yak, siyosiy ongim picha oshganidan chiroyi yorishib. — Endi qolgan kunlaring ham sermazmun o‘tishi uchun sizlarga atab maxsus dastur tuzmog‘imiz kerak bo‘ladi. Takliflaring yo boshqa xohish-istaklaring bo‘lsa, marhamat, menga yozib beringlar.
Rahbar sifatida men aytib turdim, xushxat tovarish Baxtiyor qog‘ozga tushirdi:
1. Rossiya Federatsiyasi elchixonasini ziyorat.
2. Buriyo Milliy axborot mahkamasi faoliyati bilan tanishuv.
3. Oddiy buriyoliklar xonadonini borib ko‘rish va hokazo.
Tag‘in bir istagim o‘ta shaxsiy iltimos tarzida bo‘lib, uni bu qadar rasmiy takliflar sirasiga qo‘shmoqni ep bilmadim.

Qog‘ozga ko‘z yugurtirgan tovarish Yakning qoshlari chimirildi.
— Rossiya elchixonasida nima bor, sizlar mustaqil davlat vakilisizlar-ku? — dedi hamma gapdan boxabar bu shayton norozi bo‘lib.
— Gap shunda-da, — dedim men salmoq bilan va o‘zimda yo‘q vakolatni suiiste’mol qilmoqqa kirishdim: — Birinchidan, yaqin kelajaqtsa biz bu yerda elchixona ochish niyatidamiz, binobarin, elchixona faoliyati va mavjud shart-sharoitlar bilan tanishmog‘imiz darkor. Ikkinchidan, o‘zingizga ma’lumki, yaqindagina biz ham sobiq Ittifoq tarkibida edik, binobarin, bu elchixonada bizning ham haqimiz, ulushimiz bor!
— Bo‘pti, ko‘ramiz, — dedi mug‘ambir tovarish Yak qog‘ozni to‘rt buklab ko‘krak cho‘ntagiga tiqib qo‘yarkan.— O’ylashib ko‘ramiz.
Rostakamiga o‘ylab ko‘rdi bu xumpar! Uylab ko‘rib, takliflarimizdan bittaginasini hisobga olibdi.
Uniyam chala-yarim. Elchixona masalasida esa, bizni u yerga yo‘latmaslikning har chorasini qilib ko‘rdi desa bo‘ladi...
Tushdan keyin Moskov samolyotiga patta olib quygani «Aeroflot» vakolatxonasiga bordik.
Pattaxonaga kirib chiqqan tovarish Yak motamsaro qiyofada bizga ma’lum qildi:
— Ishlar chatoq, tovarishlar, bergan pullaring bir kishining qaytishigagina yetar ekan! O’zlaring tanlanglar, qani, kim ketadiyu kim qoladi?
Bu xabardan kapalagimiz uchib, dardi dunyomizni zulmat qoplagandek bo‘ldi. Bu qanaqasi, axir?
Toshkentdan xazonga aylanib bo‘lgan rublning bir to‘rxaltasini orqalib kelib, yarmiga Moskovdan bu yoqqa patta olgan, qaytishimizga mo‘ljallangan yarmi esa shu kunga qadar chamadonlarimizning yarmini egallab yotgan edi. Endi nima qildik, tovarish Yak, biror yo‘lini ko‘rsat yo‘lboshchimiz bo‘lsang?
— Marhamat, o‘zlaring kirib so‘rab chiqishlaring mumkin, — dedi tovarish Yak sovuqqina qilib. —

18

Shu bir hafta ichida yo‘l haqi ikki karra oshirilganmish. Kapitalistik Rossiyaning bizga qaratilgan navbatdagi nayrangi-da bu! Qani, hal qilinglar, kim ketadiyu kim qoladi?
Tovarish Baxtiyor menga qaraydi, men — tovarish Baxtiyorga.
— Siz ketaqoling, — deydi u nihoyat ko‘zini yerga tikib, o‘zimizning tilimizda.
— Siz-chi, siz nima qilasiz?
— Bilmasam... Moskovga borgach biror ilojini toparsiz balki, — deydi tobelik holiga allaqachon ko‘nikkan bechora tovarish Baxtiyor allanechuk mung va umidvorlik bilan.
Sirli tovarish Yak tag‘in allaqayoqqa g‘oyib bo‘lgan. Har yoqqa sim qoqib, jonajon partiya va hukumatidan maslahat yoki yordam so‘ramoq tashvishida yurgan bo‘lsa ajab emas. Agar chindan ham shunday bo‘lib chiqsa, oddiy g‘oyaviy tovarish emas, chinakam inson ekan bu yigit!

Yanglishmagan ekanmiz, u bir vaqt gul-gul yashnab oldimizga keldi:
— Masala hal, tovarishlar, bir-birlaringni tabriklashlaring mumkin — ikkovingiz ham uchadigan bo‘ldingiz! Buniyam Buriyo o‘z zimmasiga oldi!
O’zimni tutib turolmadim — ro‘paradagi bino bo‘ylab shabadada hilpirab turgan ulug‘ dohiyning ulkan alvon siymosiga qarab hayqirib yuboribman:
— Yashasin xalqparvar, kambag‘alparvar, saxovatpesha Buriyo hukumati! «Ulug‘ dohiy» tovarish Xon Man Menga shon-sharaflar bo‘lsin, urra!
— Yaxshimas, tovarish Erkin aka, yaxshimas, — dedi tovarish Yak ta’naomuz.
Shunda sal oshirib yuborganimni payqadim. Lekin bu yurtda tag‘in besh kun, zahar-zaqqumga to‘la besh kun qolishini ko‘z oldiga keltirgan odamdan boshqa qanday ham gap chiqardi deysiz!

MUNOFIQLIK TANTANASI

Dunyoda Xoniyadek ozoda shahar yo‘qdir.
Dunyoda Xoniyadek ko‘rkam madina topilmasa kerak.
Xoniya — so‘lim majnuntollar, gulu gulzorlar shahri desak yarashadi.
Xoniya — muhtasham saroylar shahri deyilsa-da lof bo‘lmas.
Xoniya — osmono‘parlik bobida o‘zaro bahslashgan mehmonxonayu musofirxonalar maskani
desangiz ham haqingiz ketmaydi.
Xoniya — surunkali bayramu tantanalar, namoyishu tomoshalar shahri.
Xoniya — alvon shiorlaru otashin g‘oyalar o‘chog‘i.
Xoniya — inqilob beshigi, inqilob belanchagi...
Vatanparvarlarning aytishicha, bu shahar milliy ozodlik g‘alayoni, keyinchalik esa fuqarolar muhorabasi yillari yer bilan yakson bo‘lgan ekan. Tinch qurilish davrida bosh me’mor — ulug‘ dohiy rahnamoligida u tamomila yangidan barpo etilibdi.

Darhaqiqat, butun boshli shahar bamisoli bir kishining — ishiga pishiq-puxta, rejali-rasamadli, qattiqqo‘l bir xo‘jayinning ro‘zg‘ori, xonadoniga o‘xshaydi. Qayoqqa qaramang — orasta, ozoda, supurilgan-sidirilgan. Ko‘cha-ko‘ylar keng, ravon, bog‘-rog‘lar yashnab ko‘zni oladi. Lof bo‘lsa ham, chamanzorlardagi har chechagu daraxtlardagi har bir yaproq artib-surtib qo‘yilgandek. Aslida ham shunday: shahar markazidagi chorrahalardan birida oq kofta va qora yubka kiygan bir to‘da qiz, bir qo‘lida chelak, bir qo‘lida latta, xiyobon oralab gulbarglarni bitta-bitta artib chiqayotganini kamina o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Har erta shu manzara. Tahsin aytmay ilojingiz yo‘q.

Bu shaharda majnuntolning ko‘pligi! Hammayoqda shu daraxt — yo‘l-yo‘lkalar bo‘yida ham, maydonu gulzorlarda ham. Boshqa og‘och deyarli ko‘rinmaydi. Bularning tagida ham boyagidek chelagu latta ko‘targan jonsarak qizlar timirskilanib yuradi: yerga birorta barg tushmasligi kerak!
Shahar-ku shahar, uning tevaraklari ham shunday ko‘rkam, batartib. Uru qir — hammayoq, har taraf ekinzor, yashnab yotgan ekinzor. Boshida soyabonli qalpoq, oq koftayu qora yubka kiygan qiz- juvon uzoq-yaqin paykallarda to‘da-to‘da bo‘lib javlon urib yuribdi. Ozod mehnat taronasi. Lekin sho‘x yallalari negadir eshitilmaydi.

19

Chelak ko‘targan farrosh qiz-juvonlarni shahardan tashqari yo‘l bo‘ylarida ham uchratish mumkin.
Bu shaharning ichkarisiyu tashqarisi birdek ozoda, orasta bo‘lmog‘i shart!
Balandroq joydan, deylik, musofirxona derazasidan turib nazar tashlasangiz, Xoniya xuddi xayolparast musavvirning orzumand mo‘yqalamidan chiqqan bejirim, benuqson bir ro‘yodek yarqirab ko‘rinadi. Negadir bari bir xil muddatda bino etilmish son-sanoqsiz oppoq qasru saroylar, ko‘rkam bog‘u keng-keng sayilgoh maydonlar, necha yilda qurib bitkazilishi, afsus, esimda yo‘q, lekin shaklan bir-birini aslo takrorlamaydigan (ularda odam bor-yo‘qligidan so‘z ochib, malomat orttirib yurmaylik tag‘in!) alomat musofirxonalar!
Ha-ha, chinakam kelajak shahri bu, kommunistik shahar! Bular barining bosh me’mori, bosh bunyodko-ri — bir kishi, yakkayu yagona zot!

Keling, endi osmono‘par bino va balandparvoz gaplarni qo‘yib, pastga tushaylik.
Pastda... Hamma deyarli bir xil kiyinadi. Odmi, juda odmi. Bir vaqtlar o‘zimizda ham rasm bo‘lgan yakrang kitel-shim, vassalom. Nimasi bilandir o‘zimizning qishloq odamlarini yodga soladi. Qiz-juvonlarning libosi ham shunaqa — oq koftayu qora yubka. Ortiqcha hasham, hoyu havas ko‘rinmaydi. Bunga ruxsat yo‘q. Haydovchilarning engil-boshi sal farq qiladi — harbiy-nusxaga yaqinroq. Mshdatsionerlarniki, tabiiyki, boshqacha — hov Navro‘z akamning zamonidan qolgan.

Lekin, beistisno, barchaning ko‘kragida bir xil tamg‘a — ulug‘ dohiy siymosi aks etgan nishoncha!
Militsionerlarning libosidan so‘z ketganda Navro‘z akani eslaganim bejiz emas. Elliginchi yillarda Boysunimizda Navro‘z aka degich militsioner bo‘lardi. O’zi, ayniqsa, maxsus libosda badjahl, vajohatli ko‘ringani bilan juda yumshoqko‘ngil, kechirimli odam edi. Egnida ityoqa, tomoqqacha tugmalanadigan yozlik oq mundir, sarg‘ish, yaltiroq tugmalarida beshqirra yulduz tasviri, yelkasi aralash turli tasmayu kamar, belida vahimali to‘pponcha — xuddi ashaddiy bir bezorining izidan tushgandek shaxdu shiddat bilan yurardi. Biz, bolalar u kishi to‘g‘risida hazilnamo bir nakl ham to‘qigan edik:
«To‘pponchasi belida —
Navro‘z akam milisa!
Qilgan ishi — po‘pisa:
Bir so‘m bersang qo‘liga,
Qaytib ketar yo‘liga».

Xoniyada militsioner serob, har qadamda uchraydi. Aksariyati — yosh-yosh qizlar. Ayniqsa, yo‘l nazorati xizmatida. «Navro‘z akam»ning libosini kiyib olib, chorrahalarda mashinalarga yo‘l ko‘rsatib turishadi. Yigirma yetti yoshga yetguncha vatanga xizmat qilmoqlari shart. Undan keyin... mumkin.
Boshqalarini bilmadim-u, biz istiqomat qilgan musofirxona bag‘oyat serhasham, dabdabali edi.
Shart-sharoiti va qulayliklari borasida G’arb mamlakatlaridagi shu tur maskanlardan o‘tsa o‘tardiki, aslo qolishmasdi. Xonalar shinam, bahavo, barcha anjomi muhayyo. Biroq negadir hammayoqdan —turgan xonangizu pastdagi vestibyullardan ham allaqanday hid, chamasi, sholi mahsulotlarining hidi kelardi. Lekin bu yerdagi beminnat xizmatga tan bermay ilojingiz yo‘q. Xonadan chiqdingiz deguncha, jami ashyolarni bir sidra yangilab qo‘yadilar. Biror joyga changu g‘ubor o‘rnashganini ko‘rmaysiz.

E’tibor, intizom deganlari shu qadar! Sizni ko‘rganda allanechuk qimtinib, uyalinqirab turadigan, ko‘rinishi bechorahol bu xizmatkor ayollarning chaqqonligiga, zahmatkashligiga lol qolasiz.
Musofirchilikda yurgan odam, har kuni yangi ohorlangan libos kiyamiz desam, ishonavering.
Dastlabki kunlar xizmatchi ayolning kiraverishdagi eshik oldida yotadigan allaqanday xaltachani ko‘rsatib, imo-ishoralar bilan nimadir deb chuldirashiga ahamiyat bermabman. Keyin tovarish Baxtiyordan eshitib bildim: ertalab ana shu xaltachaga kir-chiringizni solib qo‘ysangiz, kechqurun kelib top-toza yuvilgan, dazmollangan, ohorlangan holda ko‘rasiz. Bir gal Baxtiyor haddidan oshib hatto kostyumini ham o‘sha sirli xaltachaga solsa, yap-yangidek bo‘lib qolibdi. Tep-tekin. Beminnat.
Choychaqa uzatgudek bo‘lsangiz, qochib ketadi. Sotsializm-da. O’rniga, odamiga va mavridiga qarab muomala qiladigan hushyor, poqdomon sotsializm!
Bu alomat shaharda tug‘ilish bor — o‘lish yo‘q. Bunda yasharish bor — keksayish yo‘q. Butun

20


shaharni kezib chiqsangiz ham birorta munkillagan qariyani yoki mayib-nogironni uchratolmaysiz, ajab hol! Unaqalar yo shahardan ko‘chirib yuboriladi, yo maxsus muassasalarga eltib joylashtiriladi.
Namunaviy sotsialistik jamiyat har turli mayib-mubtalolardan, jisman nosog‘, noraso, badbashara «unsur»lardan xoli bo‘lmog‘i kerak! Beixtiyor saksoninchi yillardagi Moskov olimpiadasi arafasida qo‘llangan muvaqqat chora — har turli qalang‘i-qasang‘i, mayib-majruh, mayxo‘ru bezori va fohishalarni shahardan chiqarib yuborish manzarasi xotirga keladi. O’xshashlikni qarang! Maqsad-muddaoning birligi, mushtarakligi dunyoning ikki chekkasida yashayotgan odamlarni ham yakdil qiladi, tug‘ishgan aka-ukaga aylantirib qo‘yadi!
Men bu gaplarni osmondan olib yoki o‘zimcha to‘qib aytayotganim yo‘q, zinhor-bazinhor. Bu ma’lumotlar «ishonchli manba» — Diqqinafas elchining og‘zidan chiqqan. Unga ishonmaslikka esa menda — atigi besh-o‘n kunlik musofirda hech bir asos yo‘q.

Xoniyani surunkali bayramlar shahri, dedik. Haqiqatan shunday. Qachon qaramang — butun mamlakat allaqanday bayramga tayyorlanib yotgandek. Qayoqqa qaramang — ulkan bayram tantanalariga hozirlik. Doimiy hozirlik. Ayniqsa, bayramlar arafasida katta-katta maydonlar yoshlarga to‘lib ketadi. Ular kun bo‘yi oyoqda tikka, oftobning tig‘ida, turli tusdagi liboslarga burkanib, turli tantanavor shakllar yasash bilan ovora. Yuzlab-minglab yigit-qiz. Bayram kuni ulug‘ dohiy «sevimli rahbar» atalmish ukasi hamda boshqa safdoshlari qurshovida kelib, yuzlab-minglab odamdan yasaladigan bu jonli gullarni maroq bilan tomosha qiladi. U ana shunaqa rangin tomoshayu
tantanalarni xush ko‘radi. Sirasini aytganda, bu kabi tadbirlar shu birgina zotning ta’biga moslab, uning ko‘nglini ovlamoq, vaqtini chog‘lamoq maqsadida qilinadi. Yanada dangalrog‘i — butun mamlakat shu bandaning xizmatida, bir ko‘ngil maylining ijrosi bilan mashg‘ul. Darvoqe, bu to‘ymas-tinchimas shuhrattalab ko‘ngilning boshqa muddaosi ham bor. U chet ellik mehmonlarga, iloji bo‘lsa-ku butun jahon ahliga yurtining sotsializm qurishdagi mislsiz yutuqlari, afzalliklarini mana shu singari tomosha-tantanalar orqali ham namoyish etmoqni istaydi. Kelsin, ko‘rsin, bilsin, sotsializmning buriyocha shakliga tahsin-tasannolar aytsin!

Ha-ha, ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men bu dunyoga bekorga kelgan emas, umri bekorga o‘tayotgani yo‘q, ahli olam bilsin! Uning va inisining portreti har bir buriyolikning uyi to‘rida turibdi!
Uning tabarruk siymosiyu o‘lmas g‘oyalari har bir buriyolikning ko‘ksidangina emas, miyasidan, yuragidan, vujud-vujudidan mustahkam joy olgan! U yog‘ini so‘rasangiz, million-million odam istiqomat qiladigan mana shu jannatmonand shahar ham uning sharafli nomi bilan ataladi! Shahar markazidagi baland tepalikka o‘rnashgan parlament saroyi qarshisida bo‘y cho‘zgan osmon barobar cho‘ng haykal ham uniki! (Aytishlaricha, O’rta Osiyodagi Toshkent degan shaharda ham jahon yo‘qsillarining dohiysiga shunga yaqin bir haykal tiklangan ekan, ammo mustaqillikka chiqqach, sotsializm g‘oyalarini rad etib, uni ag‘darib tashlabdilar. Afsus, afsus! Yaxshilikni bilmaganlar! Mayli, o‘zlaridan ko‘rishsin, bir kun kelib pushaymon qilishlari muqarrar!) Ha-ha, tovarish Xon Man Men bekorga yashagani yo‘q, umri bekorga o‘tayotgani yo‘q!

Shaharning qoq o‘rtasidagi yasama tepalikda kattaligi uydek keladigan bir rasm — panno bor.
Unda olis ufqdan zarrin nurlar sochib bosh ko‘tarib kelayotgan quyosh, yam-yashil o‘tloqlar, gulgun chamanzorlar va do‘mboqqina bir bolakay tasviri solingan. Bolakay, chehrasida yoshiga nomunosib bir shijoat, quyosh sari qo‘l cho‘zib turibdi. «Ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Menning besh yasharlik chog‘i, — deya izoh beradi zukko tovarish Yak. — Ilk bor jonajon Buriyoni istibdod changalidan ozod qilish va kommunizm g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish rejalarini tuzayotir».

Bu gapga nima deysiz! Lekin millionlab odam, million-million buriyolik bu riyo va ro‘yolarga ishonib, shirin aldovlar og‘ushida yashamoqda. Nachora, e’tiqod — o‘limdan kuchli. Zulm esa undan-da qudratliroq.
Bir oqshom bekorchilikdan Baxtiyor ikkalamiz shaharning markaziy ko‘chasi bo‘yidagi peshtoqlari yarqirab turgan binolarning hovli tarafiga o‘tib, taajjubda qoldik: na suvoq, na pardozi bor — qop-qora yalang‘och beton. Ochiq ayvonchalarda odam g‘ij-g‘ij, har xil lash-lushlar, eski-tuski jandalarmi uyulib yotibdi, qimirlamoqqa joy yo‘q. Xullas, ruhni toptaydigan behad ayanchli bir manzara. Negadir

21

birorta derazada parda ko‘rinmaydi. Birinchi qavatdagi uylarning qaysi biriga mo‘ralamang, ichkari devorda og‘a-ini — dohiy va dohiylikka da’vogarning portreti yonma-yon. Bilmagan odam bu yerlarni korxona yo biron bir muassasa deb o‘ylashi mumkin. Aslida unday emas, uy bu, oila-oila bo‘lib istiqomat qilinadigan oddiy xonadonlar. Shu chordevorlarida ham erkin yurolmas ekan-da bular — derazalar ochiq-oydin, nomahram bo‘lsa, bu yoqda devordan ikki juft ko‘z davlat nazari bilan tikilib, har bir xatti-harakatingizni go‘yoki tekshirib tursa...
Mana sizga «medalning ikkinchi tomoni»! Mana sizga zarbof to‘nning avra-astari!

«Medalning u yog‘i»ni esa ko‘rgan-bilganimiz bo‘yicha, qo‘limizdan kelganicha ta’riflab berdik.
Darvoqe, bunga hojat bormidi? Axir, bularning bari o‘zimizga yaxshi tanish, o‘zimiz ko‘rgan, shohid bo‘lgan manzaralar-ku! Elliginchi yillarning bor hayotdan yiroq, nuqul shod-xurramlikni, kommunizm gulbog‘lariyu porloq istiqbol va nurli cho‘qqilarni tarannum etuvchi chuchmal, yaltiroq kinofilmlari, baland minbardan turib namoyishchi olomonga qo‘l silkib qo‘yayotgan mo‘ylovdor dohiy va pastda — maydonda uning ko‘nglini xushlamoq uchun o‘lib-tirilib o‘zini har ko‘yga solayotgan mehnatkash xalq ommasi yodingizdadir? Ha, balli. Biz kuyib-pishib tasvirlamoqqa urinayotgan manzaralar, lo‘nda qilib ifodalaganda, xuddi o‘shalarning o‘zi!

Ulardan-da yuz chandon ortiq!
Ehtimol, dunyoda Xoniyadek ozoda shahar yo‘qdir.
Ehtimol, dunyoda Xoniyadek ko‘rkam madina topilmas...
Lekin dunyoda Xoniyadek zerikarli, Xoniyadek yuraklarni qon qiladigan joy ham bo‘lmasa kerak.

O’N KUN - O’N YIL

Bundan ko‘p yillar burun, saksoninchi yillarning o‘rtalarimidi, moskovlik bir yozuvchi do‘stimning Mojoriston haqidagi kitobchasini maqtab qo‘yib «baloga qolgan» edim. «Budapeshtni ko‘rmabsan — bu dunyoga kelmabsan! «Kichkina Parij» deydilar uni! Sen u yerga albatta borishing kerak!» deya qistab turib oldi do‘stim va o‘zi tashabbus qilib yozuvchilar uyushmasi orqali menga yo‘llanma to‘g‘rilab berdi, o‘zi samolyotga kuzatib qo‘ydi. Chinakam mo‘‘jiza shahar — Budapeshtni teng ikkiga bo‘lib oqadigan azim Dunay bo‘yidagi saranjom-sarishta, barcha shart-sharoiti muhayyo ijara xonadonda bir o‘zim o‘n besh kun istiqomat qildim. Ertalablari Iboya degan tarjimon ayol keladi, ikkovlon shahar bo‘ylab aylangani chiqamiz: turli-tuman muzeyu teatrlarga boramiz, qadimiy
haykallarga to‘la istirohat bog‘larida kezamiz, kitob do‘konlari va nashriyotlarda bo‘lamiz, ko‘rgazma zallarini tomosha qilamiz, «Illyuzion» kinoteatrida o‘sha kezlar bizdan boshqa dunyolarda mashhur bo‘lgan filmlar namoyishida qatnashamiz, xullas, ko‘ngil tusagan go‘sha — o‘zimizniki. Bizga xo‘jayinlik qiladigan yoki qo‘ygan qadamimizni sanab yuradigan jonzot yo‘q.

O’shanda men o‘n besh kun bir o‘zim yashab, biror daqiqa zerikkanimni eslayolmayman. Bu yerda esa, anjuman tugar-tugamas, ikki musofir o‘zimizni qayoqqa qo‘yarimizni bilolmay qoldik.
Jahongashta zanjining kechagi zamzamasi ham ko‘ngilga g‘ulg‘ula solgan edi. Tovarish Yak tavsiya qilgan dasturni ko‘zdan kechirib, battar diqqatimiz oshdi: unda bizning taklif va istaklarimiz deyarli hisobga olinmagan, bari oldindan tayyorlangan ma’lum ro‘yxat bo‘yichami, ehtimol, otaxon shaxsan o‘zi imzo chekib tasdiqlagan «g‘oyaviy musaffo» manzillardan iborat edi. Ro‘yxatga ko‘z tashlagandayoq odamni esnoq tutardi: «Tovarish Xon Man Men nomidagi kashshoflar saroyida uchrashuv»; «Tov. Xon Man Men nomidagi partiya tarixi institutiga tashrif»; «Tov. Xon Man Menning uy-muzeyini ziyorat»; «Tov. Xon Man Men nomidagi tug‘ruqxonaga sayohat»...

Ensamiz qotganini ko‘rib, qani, parvo qilsa bu tepsa-tebranmas tovarish Yak! «Aravamga mindingmi, ashulamga jo‘r bo‘lmoqqa majbursan! Xoxdasang shu, xohlamasang — hov ana, katta ko‘cha!» Men shaxsiy iltimosimni eslatgan edim, «keyinroq ko‘rarmiz» deya mujmat qilib qo‘ydi u.
Goh pirdan, goh muriddan, debdilar. Garchi tovarish Yak piru biz murid bo‘lmasak-da, partiya tarixi muzeyiga olib borganida uni bir mulzam qilib, alamimizdan chiqmoqchi bo‘ldik. Sirasini aytganda, bu yer ham partiya tarixi emas, ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men hayoti va faoliyati tarixidan naql qiluvchi bir joy ekan. Sobiq kommunist, partiyaviy qonun-qoidalarni yaxshi biladigan

22

 

tovarish Baxtiyor sho‘rlik tovarish Yakni savolga tutib qoldi-ku! Masalan: «Ayting-chi, tovarish Yak, o‘n to‘rt yil mobaynida biror marta qurultoy chaqirilmagani partiya nizomiga xilof hol emasmi?» «Aslo. Xalq ommasining, uning ilg‘or qismi hisoblanmish partiya faollarining xohish-talabiga ko‘ra shunday bo‘lgan, — deb javob beradi burro tovarish Yak bezbetlarcha. — Bizda demokratiya barqaror!» Gapni qarang! Kim buni xalqdan, uning «ilg‘or qismi hisoblanmishlar»idan so‘rab o‘tirar ekan?! Bunaqa vaziyatda aksincha — biror falokat ro‘y bermasin deb, imkon qadar xalqdan qochiladi, qoidasi shu!

Deylik, xalqlar otasi bo‘lmish mo‘ylovdor dohiy bizda xuddi shunday yo‘l tutgan va tarixdan ma’lumki, yanglishmagan, yutib chiqqan. Demokratiya emish! Laqillatmoqchi ekansan, sotsializm nafasi yetib bormagan biror yurtdan kelgan biror anoyini topib laqillatganing ma’qul edi, tovarish Yak!.
Tovarish Baxtiyor yana nozikroq nimanidir so‘rab tovarish Yakni ham, muzey xodimini ham kalovlatib qo‘ydi. Kechagina yuvosh, sipogina bo‘lib yurgan odam, riyokorliklar jonidan o‘tibmi, ana shunday shaddod, betgachoparga aylanib qolgan edi.
Rohbonimiz, sezgir rohbonimiz bundan tegishli xulosa chiqarib, borajak manzillarimizga tahrirlar kirita boshladi. Ammo qaerga qadam bosmang, manzara o‘sha-o‘sha edi — olam guliston! Eshik og‘zida milliy libosga o‘rangan uch-to‘rt sertabassum qiz yetti bukilib ta’zim bilan kutib oladi. So‘ngra, og‘zingiz totli bo‘lsin degandek, bir bordoq-bir bordoq nimtatir meva sharbati tutadilar. Keyin boyagi qizlardan biyronrog‘i bu dargohning tarixiyu kelajagi xususida baxtiyor bir ohangda so‘zlab beradi.

Oxirida — qo‘lingizga bir dasta rangli-rangsiz ma’lumotnomayu yo‘riqnoma tutqazib, xayr-xo‘sh.
Bu soxta lutfu iltifotlardan bezib, bezor bo‘lib ketdik desam, nonko‘rlik, noinsoflik sanalmasmikan?
Xohish-talabimizga binoan olib borilgan yagona joy — markaziy telegraf mahkamasi bo‘ldi. Chamasi, u yerga olib bormaslikka bahona topish iloji yo‘q edi. Bizga eng kerakli, lekin bizni eng sovuq qarshilagan joy ham shu bo‘ldi deyish mumkin. Qator-qator soqchilar tekshiruvidan o‘tkazib, odmigina bir xonada tovarish Yak bizni biri biridan ko‘hna ikki qariyaga ro‘para kildi. Ular mahkama rahbari, ya’ni axborot vazirining o‘rinbosarlari bo‘lib, boyoqishlar bizdan tezroq qutulish chorasini topolmay rosa aziyat chekishdi. Oddiy-oddiy savollarimizga ham sarosimaga tushib, asabiylashib, ikki muovin o‘zaro uzoq muhokama qilib, tortisha-tortisha, so‘ng zo‘rg‘a javob qilishardi. Azbaroyi sharti ketib parti ham qolmagan bu notavonlarga rahmimiz kelganidan biz ham uchrashuvni yumaloq-yostiq qilish payida bo‘ldik. Bilmadim, kimdir ularga bizni kam emas, ko‘p emas, naqd Markaziy razvedka
boshqarmasining o‘ta xavfli xufiyalari deb yetkazganmi...

Tovarish Yakning zulmidan xoli chog‘larimizda mening xonamda (tovarish Baxtiyor, hartugul, bu yerga kirmoqqa haqli) o‘tirib, televizordan muttasil ko‘rsatiladigan ishlab chiqarish ilg‘orlari bilan uchrashuvlarga bag‘ishlangan yoki shonli inqilobiy kurashlardan nakd etuvchi sayoz-sayoz filmlarni ermak qilamiz. Ularning bosh qahramoniyu ijobiy qahramoni o‘z-o‘zidan ma’lum — o‘sha birgina zot!
Bu tilda biror so‘zni bilmasa-da, tovarish Baxtiyor o‘zicha sho‘xlikka ularni «dublyaj» qila boshlaydi.
Rosa kulgili chiqadi. Sherigimning «tarjimon»lik mahoratiga tan berib, men dumalab-dumalab kulaman. Darvoqe, bu ko‘rsatuvlarni tarjima qilmoqqa hojat ham yo‘q, shusiz ham bari tushunarli.

Boshqa nima ish bilan mashg‘ul bo‘laylik axir, zerikiblar o‘ladi-da odam!
Kechqurunlari toza havodan nafas olgani, aslida ko‘ngil yozib kelgani birpas ko‘chaga chiqamiz.
Lekin — ko‘ngil yozmoq qayoqda! Ko‘cha ham dilgir, ruhsiz, zerikarli! Holbuki, poytaxtning eng gavjum markaziy ko‘chalaridan birida joylashgan eng ko‘zga ko‘ringan musofirxona oldida turibmiz!
Shunda hali notanish tovarish muxtor vakil kelajakdan turib men bilan xayolan ta’naomuz bahsga kirishadi.
Namuncha siqilmasangiz, tovarish Erkin aka! Tevarak-atrofingiz g‘ij-g‘ij odam-ku! Birgina musofirxonadagi sirtdan ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash, tuqqan onasi farqlay olmasa, boshqa mardum aslo farqlayolmaydigan, bari bir xil oq koftayu qora yubka kiygan qator-qator nozaninlar-chi, qarang! E’tibor qilgandirsiz, ularning orasida ko‘zga yaqinroq birovi goho oliftagarchilikka shim ham kiyib qoladi. Bu yer — ajnabiylar musofirxonasi, ko‘rib qo‘ying, biz ham chakana emasmiz, degandek.
Xo‘jako‘rsinga u yoqdan-bu yoqqa atay yo‘rg‘alab turadi. Chamasi, unga ruxsat etilgan. Aslida bor-yo‘q vazifasi ham shundan iborat bo‘lsa kerak. Chunki xizmatdan qaytayotib, ahamiyat bergan

23

bo‘lsangiz, shimini yechib ketadi. Yechmay ko‘chaga chiqib ko‘rsin-chi!
Xo‘jako‘rsin lavozimda xizmat qiladigan shu qizgina ko‘zingizni o‘ynattan chiqar, to‘g‘rimi? Axir, boshqa ovunchoq yo‘q bu yerda — qarg‘aning oqi ham birdan ko‘zga tashlanadi-ku! Oqshom kezlari musofirxona oldida soatlab atrofga alanglab turasiz. Yon-veringizdan guras-guras bo‘lib qiz-juvonlar o‘tadi. Ular bari bir xil — qiyiqko‘z. Bu yurt ahlining bari shunday. Faqat sizu birodaringiz — tovarish Baxtiyorgina boshqacha. Ko‘nglingizda shu ilinj, tevarakka ko‘zingizni yirib-yirib boqasiz: biz boshqachamiz-ku, zora, birortasi...

Esingizdami, talabalik yillaringiz jonajon Toshkentingizdagi eng nufuzli hisoblangan «Toshkent» va «O’zbekiston» musofirxonalari oldida bitta-yarim ajnabiy sayyoh atrofga xuddi mana shunday olazarak, hangamatalab nigoh bilan tikilib turardi? U vaqtlarda chet ellik sayyohlar yurtingizda siyrak edi-da, atlas kiygan o‘zbek qizlari ular orasidan qorataloq zanjilarni qo‘yib, nuqul boshiga salla o‘ragan mo‘ylovli hindilarga qiziqish va havas bilan tikilgani tikilgan edi:
anovi Raj Kapurning ukasimikan, jiyani? Voy-voy, quyib qo‘ygandek o‘ziga o‘xshaydi-ku — o‘g‘li bo‘lsa kerak, o‘g‘li, qara! O’g‘illari kinoda chiqqan, kim tanimaydi, huv kinoda-chi, nomi nimaydi, hah qurg‘ur, tilimning uchginasida turibdi-ya! Yo‘q, bu yo ammasining o‘g‘li, yo tog‘asining, ana, qaranglar, to‘chniy o‘zi! Iya, buning sallasi bor-ku? Voy, bular doim shundoq sallada yuradi-de, kinoda o‘ramay chiqadi... Bu qaqajonlarning shuvur-shuvuridan sarosimaga tushgan sho‘rlik sayyoh, biror joyim ochiq qolibdimikan, degan o‘yda egni-boshini ko‘zdan kechirmoqqa tushadi. Hindiston — bepoyon mamlakat, bu ham oddiy bir sayyoh yoki tujjor, umri bino bo‘lib Raj Kapur nomini yo eshitgan, yo eshitmagan — xudo biladi. Siz esa, mana, yaqin bir soat bo‘ladiki, sherigingiz bilan musofirxona oldida sigaretni ermak qilib turibsiz, ikki ko‘zingiz o‘tgan-ketganda. To‘g‘ri, sizlar bularga
o‘xshamaysizlar, o‘zga yurt, o‘zga iqlim farzandi ekanliklaringiz kundek ravshan. Balki bu mamlakatda o‘zga yurtdoshlaring yo‘qdir, balki umuman bu atrof-javonibda yakka-yagonadirsizlar, ammo biron bir sayoq it ham sizlarga o‘girilib qaramaydi. Ehtimol shunisi alam qilayotgandir, a, labbay?

Ehtimol shundaydir, tovarish muxtor vakil. Darhaqiqat, yurtingizda kechalari negadir uyda o‘tirib emas, ko‘chadagi simyog‘ochlar atrofida, xira yog‘duda uymalashib kitob o‘qiyotgan ilmga chanqoq yosh-yalangni ko‘p ko‘rdik, biroq bemalol gaplashib turgan yoki qo‘ltiqlashib yurgan birorta ham yigit-qizni uchratmadik. «Ishonchli manba»mizning pichirlab xabar berishicha, bunday hol yurtingizda qattiq qoralanar, hatto ta’qib qilinar emish. Bunisiga nima deysiz, tovarish muxtor vakil? Keling, vaj qidirib ovora bo‘lmang — biz eshitgan manba chindan-da ishonchli, inobatli!

Musofirxonada shim kiyib yurgan qizgina ko‘zimizga issiqroq ko‘ringani rost. Negaki u ko‘z-qoshi bilangina emas, ravish-raftori bilan ham boshqalardan yaqqol ajralib turar, unda erkin dunyolarning allanimasi bor edi. Boshqalari esa... nega bunday? Qaysidir yili men yozuvchilarning Do‘rmondagi bog‘ida dam olganimda g‘arbiy Buriyodan kelgan raqqosalar dastasi ham o‘sha yerda istiqomat qilgan edi. Bari oydek-oydek, naqd o‘zimizning «Bahor» nozaninlari deysiz! Asli bir millatga mansub bo‘laturib, nechun bu yerlik qizlar bu qadar mahzun, abgor-aftoda? Birorta ko‘zni quvnatadigani uchramaydi-ya! Gap shim kiyish-kiymaslikda emas, albatta. Bonn shahrida o‘tgan xalqaro anjumanda bir ayol diqqatimni tortgani esimda. U rang-ro‘yi bilangina emas, izohlash qiyin bo‘lgan boshqa bir jihatlari bilan ham olmon xonimlaridan keskin farqlanib turardi. Men uni negadir moskovlik deb o‘ylabman, o‘rischa so‘zlashib bunga amin ham bo‘ldim. Keyin bilsam, u ham olmon ekan, lekin
sharqiy — «sho‘roviy Olmoniya»dan kelgan ekan. Ajabo, hurriyat, erkinlik deganlari odamzodning fe’l-atvoridagina aks etib qolmay, uning rang-ro‘yi, aft-angorida ham balqib ko‘rinar ekan-da!

O’n kun emas, o‘n yilga cho‘zilgandek edi bu safarimiz! Har kuni bir xil tartib: uch mahal ovqatlangani yemakxonaga kiramiz, ta’zimkor «Saida» tabassum bilan kutib olib, tabassum bilan kuzatib qo‘yadi (ko‘ngilga yagona iliqlik!); har kuni bir xil taom — «fish», «chikin», «bia»; so‘ngra tovarish Yak yetagida yakkash bir zotning nomi bilan ataluvchi ko‘pdan-ko‘p manzillar sari yo‘l olamiz.
Ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men nomidagi namunaviy tug‘ruqxonaga boradigan kunimiz, nihoyat, toqatim tugadi — yorilib ketdim.
— Tovarish Yak, — dedim iloji boricha muloyim, vazmin so‘zlamoqqa tirishib, — ruxsat bersangiz, men o‘sha yoqqa bormasam. Ko‘rib turibsiz, sochlarimga oq oralab qolgan, endi tug‘masman, deb

24

o‘ylayman!
Bu gapga kulmoq o‘rniga qat’iyatli rohbonimiz ta’naomuz ohangda ogohlantirdi:
— O’ylab ko‘ring, bu o‘ta muhim tadbir! Keyin afsuslanib yurmang!
«Sen-chi, sening nima bahonang bor?» degandek sherigimga yuzlandi tovarish Yak. Sochlari qop-qoraligidan pushaymon bo‘lib tovarish Baxtiyor noiloj unga ergashdi. Ketisharkan, serintizom rohbonimiz menga tag‘in siyosat qildi:
— Ertaga bunaqa qilmassiz? Ertaga — bundan-da muhimroq tadbir!
Bilaman, muhim, bag‘oyat muhim tadbir — Inqilobchilar qabristoniga ziyorat!

XO’JAKO’RSIN QABRISTON

Darhaqiqat, bu juda muhim ziyorat edi. Shu qadar muhimki, uzundan-uzoq bu sarguzashtlarni ijikilab o‘tirmasdan, ana shu qabriston to‘g‘risidagina so‘zlab berilsa ham kifoya qilardi.
Inqilobchilar qabristoni shaharning shimoli-sharqida, ko‘m-ko‘k daraxtlarga burkangan obod tog‘ etagida joylashgan; shahardan u baral a ko‘rinadi, qabristondan turib qaralsa, Xoniya ham kaftdagidek namoyon.
Inqilobchilar qabristoni (bizningcha, kommunistlar mozori) atalmish bu go‘sha aslida quruq dahmalar ko‘rgazmasidan iborat edi: bunda na lahad bor, na jasad, na bir suyak bor, na-da xok.

Ulug‘ dohiy yo‘lboshchiligida inqilob uchun kurashib halok bo‘lganlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorliklar mujassami — ramziy qabriston edi bu. Safdoshlarini olovli, lekin omonsiz kurashlarga boshlab kirib, ularni qurbon berib, o‘zi omon qolgan ulug‘ dohiyning o‘sha marhumlar ruhiga go‘yo bir sadaqasi edi bu. Kurash alangasi ichida ularning xok-suyaklari bu orollar o‘lkasining qay puchmog‘ida qolib ketganini hech kim aniq bilmas, ro‘parada tog‘dek yuksalgan, granitdan barpo etilgan inqilob ramzi — qizil bayroq inqilob yo‘lida jon fido qilgan shahidlarni, ramzan bo‘lsa-da, bir joyga — shu ulkan ziyoratgohga jamlagan edi. «Bayroq» poyida oftobda yal-yal tovlanib mangu olov yonib turibdi.

Bu yerda hamma narsa bahaybat, ulkan, ulug‘vor edi. Ziyoratgoh darvozasining o‘ziyoq behad mahobatli. Ki-rayotganda qo‘lingizga bir dasta gul tutqaziladi, qaysi qabrga qo‘ymoq lozimligi ham asta sha’ma qilinadi. Sizga baribir emasmi, gul tekin bo‘lganidan keyin qay go‘rga desa qo‘yaverasiz- da!
Umuman, bu yurtda tekin gul ulashuv rasm ekan shekilli. Bir oqshom katta kontsert oldidan ham hammamizga gul ulashib chiqildi. San’atkorlarga taqdim etmoq uchun. Ajabo, gul kimga kerak bo‘lsa, o‘zi sotib oladi, o‘zi xohlagan odamga taqdim etadi, shunday emasmi? Yo‘q, hammasi ma’lum tartib bilan, hurmat-ehtirom ham, ixlos-e’tiqod ham rasamadiga qarab taqsimlanmog‘i shart ekan. Oqibati shu bo‘ldiki, oddinda hali zo‘r-zo‘r tomoshalar, zo‘r-zo‘r san’atkorlar turganini bilmay, hamma qo‘lidagi gulni boshda chiqqan o‘rtamiyonaroq birovlarga tutqazdi-yubordi. Pulingiz kuymagan-da, tekin-da.

Chinakam san’atga duch kelganingizda esa, boyagi gulga ichingiz achib, beixtiyor cho‘ntak kavlab qolasiz.
Ziyoratchilar bisyor. Hammaning qo‘lida patta haqi evaziga berilgan bir xil gul. Biz kabi mehmonlarga kirish ham, gul ham tekin.
Zalvorli zinalardan bir-bir bosib yuqoriga o‘rlaysiz. Yon-veringizda oftobda tovlanib turgan qator-qator tunjiy byustlar. Eng yuqorida — birinchi qatorda — ulug‘ dohiyning safdoshlari. Uning o‘ttiz ikki yoshda olamdan ko‘z yumgan birinchi xotini ham shu safda. Byustning ikki yonidagi qimmatbaho shisha idishlarda qog‘oz gullar. (Nega bunday — qog‘oz gul? Sun’iy chechak? Ana, atrofda gurkirab turgan jonli chechaklar serob-ku! Qaydam, o‘lib ketganiga ko‘p yillar bo‘lgan ekan, qolaversa, bu yoqda keyingi xotinlarning g‘ishavasini ham hisobga olmoq lozim bo‘lar.)

Undan berigi bir necha qator hozircha bo‘sh: supachasi yasab qo‘yilgan-u, byust ko‘rinmaydi.
Demak, endi o‘ladiganlarga mo‘ljallangan. Demak, bularning egalari hali tirik.
Zinadan pastlay borganingiz sayin byustlar ham kichraya boradi. Deylik, etakdagi bir necha qator byust misdan yasalgan, bir xil hajmda. Umuman, byustning katta-kichikligi, nimadan yasalganiyu

25

qaysi qatordan joy olgani — marhumning inqilob g‘alabasiga qo‘shgan hissasi, o‘shanda egallagan mansab-martabasi, eng muhimi, ulug‘ dohiyga nechog‘li uzoq-yaqin bo‘lganiga bog‘liq. Hammasi qat’iy tartib, hisob-kitob bilan joylashtirilgan. Ofarin va tasanno!
Byustlarga sinchiklab tikilmoqqa aslo hojat yo‘q: unvonlarni hisobga olmaganda, harbiy liboslar deyarli bir xil, o‘zlari ham o‘xshash. Bamisoli bittagina odamning har xil kattalikdagi siymolari ma’lum tartib bilan terib chiqilgan, vassalom. Tovarish Yakning aytishicha, bularning ba’zilari marhumning saqlanib qolgan rasm-pasmiga qarab, qolganlari esa ulug‘ dohiyning esdaliklari asosida ishlangan.
Ajab xotira! Byustlar shunday mahorat bilan joylashtirilganki, biri birini sira to‘sib turmaydi. Ular vatanni, go‘zal Xoniyani ozod ko‘rmoqni istagan, shu yo‘lda qon to‘kkan edilar, mana, ko‘rmoqdalar...

jonsiz siymolari!
Bu qiyomat, qo‘lbola qabristonni tark etarkansiz, ko‘nglingizni odatdagi ulug‘vor insoniylik hissi chulg‘amaydi, behuda qon to‘kib shahid bo‘lgan bu sho‘rliklarga shunchaki achinib qo‘yasiz, xolos.

DIQQINAFAS ELCHI

— Rossiya elchixonasida nima bor, sizlar mustaqil davlat vakilisizlar-ku? — dedi tovarish Yak.
— Gap shunda-da, — dedim men. — Birinchidan, yaqin kelajakda biz bu yerda elchixona ochish niyatidamiz, binobarin, elchixona faoliyati va mavjud shart-sharoitlar bilan tanishmog‘imiz darkor.
Ikkinchidan, o‘zingizga ma’lumki, yaqindagina biz ham sobiq Ittifoq tarkibida edik, binobarin, bu elchixonada bizning ham haqimiz, ulushimiz bor!

Noiloj qolganidan «Bo‘pti, ko‘ramiz, o‘ylashib ko‘ramiz» deya va’da qilgan rohbonimiz so‘nggi kunga qadar bizni Rossiya elchixonasiga yo‘latmaslikning har chorasini ko‘rdi desa bo‘ladi. Xorijiya vazirligida ishlaydigan batartib, pishiq-puxta odam, har gal elchixonaning telefon raqamini bilib bermoqni va’da qiladi-yu, keyin bundan so‘z ochsangiz, yo chap qoshini kerib mujmalgina kulimsirab qo‘yadi, yo gapni chalg‘itmoqqa urinadi. Bunda bir asror ko‘rib, bizning elchixonaga qiziqishimiz battar ortar, fikr-zikrimiz u yerga borish bo‘lib qolgan edi. Bormoq uchun esa, telefon orqali bo‘lsin, shartlashib olmoq lozim.

Bir kuni tovarish Baxtiyor hovliqib xonamga kirdi: bekorchilikdan stoli g‘aladonidagi allaqanday ma’lumotnomani varaqlayotib Rossiya elchixonasining telefon raqami chiqib qolibdi! Mening xonamda telefon apparati ikkita edi, ikkalasi ham ko‘rgazmaga qo‘yadigan qimmatbaho. Biri ichki — tovarish Yak yoki tovarish Baxtiyor bilan bog‘lanish uchun, ikkinchisiga ishim tushmagan — shahar telefoni bo‘lsa kerak. O’sha telefonni oldimizga qo‘yib olib elchixonaning raqamini termoq bo‘lsak, apparatda hech qanday sas-sado yo‘q. Engashib bunday qarasak, telefonning simi allaqayga mahkamlab qo‘yilgan-u, lekin boshqa simga ulanmagan. Obbo, buyam xo‘jako‘rsinga ekan-da! Pastga —
vestibyulga tushdik: harqalay, u yerdagi devor telefonlari xo‘jako‘rsinga emasdir? Shisha «soyabon» ichiga kirib raqamimizni tergan edik, kimdir u yoqdan tovarish Yakning lahjasida nimadir deb chuldiradiyu telefon daf’atan o‘chib qoldi. Vestibyulning narigi boshidagi telefonga qarab chopdik. Bu yerda ham xuddi o‘sha ahvol. Shu taxlit uchtami-to‘rtta telefonning «unini o‘chirib» turganimizda lop etib qarshimizda tovarish Yak paydo bo‘ddi.

Basharasida tanish masxaraomuz tirjayish, «Ha, tovarishlar, aylanib yuribsizlarmi?» deydi hech narsa bilmagandek. «Yo‘q, elchixonaga telefon qilmoqchi edik, tergan raqamimizning qaltisligidanmi, bu matohlaring birin-birin ishdan chiqib qolyapti, sababi nima?» deya olmadik, chunki «jinoyat» ustida qo‘lga tushganimiz aniq edi. Darvoqe,
tovarish Yak ishning beliga tepmaganida, musofirxonadagi bor telefonni mana shu tarzda «buzib» chiqmog‘imiz muqarrar edi.
— Nega bu telefonlaringiz ishlamaydi? — dedim tap tortmay, daf’atan o‘jarligim tutib.
— Nega ishlamas ekan, ishlaydi! — deya mehribonimiz «soyabon» ichiga kirib allaqanday raqamni terdida, go‘shakni menga uzatdi: — Mana, marhamat...
Darhaqiqat, go‘shakda kimdir chuldirab turardi. Demak, gap telefonda emas, teriladigan raqamda ekan!

26

— Xonalaringda telefon bor-ku, — dedi tovarish Yak surbetlarcha iljayib, — qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lsalaring, o‘sha yerdan qilmaysizlarmi?
(O’zi bilan o‘zi so‘zlashmoqchi bo‘lgan telbaga, to‘g‘ri, telefon bor xonalarimizda...)
Bu gapga nima deysiz? Qarang, «Qayoqqa qo‘ng‘iroq qilmoqchisizlar o‘zi?» deb so‘rash yo‘q, chunki baloni bilib turibdi. Ammo u so‘ramaydi — biz aytmaymiz. O’yin-da bu.

Bu o‘yin bir necha kun davom etdi. Duch kelgan telefonni ermakka «buzib» yuraverdik. Nihoyat, oxirgi kunlardan birimidi, tushliqdan qaytayotib balki so‘nggi bor omadimizni sinab ko‘rmoq bo‘ldik.
Ayg‘oqchiyu poyloqchilari ne bir sabab bilan g‘aflatda qoldi shekilli, favqulodda telefon go‘shagida o‘rischa lafz yangrab ketsa bo‘ladimi! Bu zabonga burroroq tovarish Baxtiyor so‘zlashmoqda edi, u «Mana, delegatsiya rahbari bilan gaplashing» deya, go‘shakni menga berdi. Elchining yordamchisi ekan. Uning aytishicha, ular bizning barcha kor-holimizdan xabardor,hatto qo‘ng‘iroqlashmayotganimizdan tashvishda emish. Qarang!

«Elchi janoblari bizni qabul qila oladimi?»
degan so‘rovimga «Elchi janoblari sizlarni bir necha kundan buyon kutayotir, qachon kelishga vaqt topasizlar?» degan iltifot bo‘ldi. Bunisiga nima deysiz? Demak, bizdan Xabardor, bizni kutadigan odamlar ham bor ekan bu mamlakatda!
Bir soatlardan keyin, poyloqchimizning ko‘zini shamg‘alat qilib, kelishuvga binoan, musofirxona oldiga chiqib turdik, lo‘linamo bir yigit (telefonda so‘zlashganimiz — yordamchi shu ekan) uzun, alomat bir mashinada kelib bizni olib ketdi.

Til bilmagan, yo‘l bilmaganning kuni qursin — ko‘ru gungdan nima farqi bor? O’sha arzanda elchixona biz tutqun yotgan musofirxonadan bir qadam — shundoqqina orqasidagi mavzeda ekan. Bu yerdan necha marta o‘tib-qaytganmiz!
Mashinamiz yaqinlashar-yaqinlashmas, elchixona darvozasi lang ochildi, dabdaba bilan kirib bordik.
Butun boshli shaharcha, bamisoli «qizil» boshkentimizning bir bo‘lagi! Bular ilgari bir «xudo»ga sig‘inib, orasidan qilo‘tmas do‘st bo‘lgan-da. O’sha qardoshlik, o‘sha birodarlikka o‘nglanmas raxna tushgach, turli sabablar bilan bu o‘lkada makon qurib qolgan sobiq vatandoshlarimizning yagona panohi, yagona bosh-panasi endiliqda shu yer ekan.

Hovli-shaharchaga kiraverishdagi ulkan elchixona binosini mo‘ylovdor dohiyning shaxsan o‘zi qurgan deysiz — o‘sha haybat, o‘sha mahobat! Turuxan surgunlarida yurib toblangan tog‘lik zot go‘yo bu yerdagi har bir g‘isht, har bir toshni o‘z qo‘lginasi bilan qo‘ygandek bari mahkam, bari mustahkam, vazminu vahmkor!
Bu yurtda shu qadar ziq bo‘lgan ekanmizki, shular ham ko‘zimizga issiq, qadrdon ko‘rindi. Axir, bularda bizning, O’zbekistonimizning ham ulush-haqi bor!
Lo‘linamo yordamchi bizni zalvorli zinalaru keng-mo‘l yo‘laklardan boshlab o‘tib tegishli odamga ro‘para qildiyu o‘zi qaytib chiqdi. Chamasi, ma’lum tartib-qoidalarga ko‘ra, bunday muzokaralarda ishtirok etishga hali «yoshlik» qiladi.

Elchi janoblari — Nikolay Fyodorovichmi, Fyodor Nikolaevichmi — rostakam elchilik yoshida, ellik bilan oltmishning o‘rtasida, elchilarga xos bir vajohat-li, lekin juda odmi, kirishimli odam ekan. Diplo-matona sipogarchiligu siyqa tartibotlar me’dasiga urib ketganmi, kim bilsin. (Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu yurtda u jami, turli lavozimlarda kelib-ketganini qo‘shib hisoblaganda, o‘n ikki yil yashab qo‘yibdi.
Sabringga balli-e, o‘lmagan qul!)
— E, mening ham jonimga tegib ketdi bu hammasi! — dedi u bizning dod-voyimizni eshitarkan, diplomatlarga xos andishani yig‘ishtirib. — Shu yil oxirlamay iste’fo bersammikan deb turibman.
Elchi janoblari bizni astoydil kutib o‘tirgani rost ekan. Yumshoq o‘rindiqdar qurshovidagi xontaxtada gazak deganining turfa xilidan tortib «Posolskaya»ning asiligicha yaraqlab turardi.
Tovarish Baxtiyor Toshkentdan olib kelgan, yon-veri zarhalli sovrin belgilariga to‘la bir shisha tansiq vinosini iltifot bilan mezbonga tortiq qildi. Ana keyin gurung gurungga ulanib ketdi.
Elchi, rasmiyat yuzasidanmi, O’zbekistondagi yangiliklarni surishtirdi. So‘ngra bizni taajjubga solib bir talay gapni o‘zi aytib tashladi. Hamma narsadan xabardor ekan. Ish stolining usti gazetayu

27

axborotnomaga to‘la. Bu mamlakat bilan aloqalari ma’lum — yo‘q hisobi, bekorchilikdan o‘tirib olib shularni o‘qisa kerak-da. Bekorchi bo‘lmaea, biron bir vakolati yo‘q bizga o‘xshaganlarni mana bunday azza-bazza qabul qilib, bamaylixotir suhbat qurib o‘tirarmidi!

Boshida suhbatga rasmiyroq tus bergimiz kelibmi, bu yerda mamlakatimizning elchixonasini ochish shart-sharoitlari xususida gap boshlagan edik, mezbon ensasi qotganini yashirmadi:
— Nima zaril? («Zachem?») — dedi qo‘l siltab. Keyin shu fikrini dalillamoqchidek, mamlakat ichki hayotiga oid bir talay qiziq-qiziq narsalarni so‘zlab berdi.
— Biron bir joyda yigit bilan qiz yolg‘iz gaplashib turganini uchratdilaringmi? — deb qoldi u.
Biz bunga ahamiyat bermaganimizni aytdik.
— Topolmaysizlar ham! — dedi elchi ta’kidlab. — Bu mamlakatda yigit yigirma to‘qqizga, qiz esa yigirma yetti yoshga to‘lmaguncha turmush qurishi mumkin emas. Taqiqlangan. Shunga qadar vatanga xizmat qilib bermog‘i shart, ana keyingina ruxsat etiladi. Aks holda bu ish yengiltaklik yoki axloqsizlikkina emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vatanga xiyonat sifatida baholanib, har ikkalasi jazoga tortiladi.

Rostmi, yolg‘onmi, uning aytishicha, qaysidir yili «taqiq yoshi»da bo‘lgan bir yigit-qiz ko‘zdan panaroq bir xilvatda bor-yo‘g‘i quchoqlashibmi, o‘pishibmi turgan ekan, hech qanday savol-javobsiz, o‘sha yerning o‘zida ikkalovi ham otib tashlanibdi. Vatanga xizmat o‘rniga, unga xiyonat qilayotgan choqda qo‘lga tushishganda!
Mavzu yuksala-yuksala borib shaxsan tovarish Xon Man Menga taqaldi.
— Mamlakatdagi ahvoldan u tamomila bexabar. Ho-ov oltmishinchi-etmishinchi yillardagi tasavvurda yuradi. Allaqachon aqlini yeb bo‘lgan, o‘zining ming yil arda dunyoga bir keladigan dahoyu payg‘ambarligiga aslo shubhasi qolmagan. Butun hokimiyat ukasi — «sevimli rahbar» tovarish Men Xon Manning ixtiyorida. U esa otaxonni shunday bir ihota muhitiga solib qo‘yganki, osmonga bulut chiqishi yoki u yer-bu yerni suv bosishiga o‘xshash hodisalarni chol paqqos unutib yuborgan. Shu darajada asrab-avaylaydilar uni. Otaxonning nazarida — olam hamisha charog‘on, olijanob g‘oyalar tantana qilgan mamlakati osmonida bulut-pulut bo‘lishi mumkin emas, g‘am-tashvish degan narsalar-ku tag-tomiri bilan yo‘q bo‘lib ketgan; bu dunyoda tanho xudo — uning o‘zi, eng baxtiyor va eng farovon xalq — uning xalqi, tamom-vassalom! Deylik, tabiiy ofat vajidan biror viloyat ekin maydonlarini suv bosdi. Xo‘sh, buni dohiyga qay shakl, qay ohangda yetkazmoq lozim — shuning ustida, lof emas, butun bir institut bosh qotiradi.

Oxirida bu axborot bosh nazoratchi — Men Xon Manning g‘alviriga kelib tushadi. Maydataroq ana shu g‘alvirdan o‘tsagina uni dohiyga taqdim etish mumkin. Lekin qanday qilib, qay tarzda — bu borada ham ancha-muncha kalla band. Nihoyat, oftob charaqlab turgan, cholning dimog‘i choq bir fursat tanlanib, u o‘sha sizlarga ko‘z-ko‘z qilingan manzillardan ham hashamdorroq xos saroyidagi xushhavo chamanlarda sayr etib yurganida yaqin mulozimlaridan birining qo‘lidagi jimitdekkina tranzistordan — orollik dohiy do‘stining hadyalaridan —bir kishigagina mo‘ljallangan maxsus radiotarmoq orqali jonni allalovchi, benihoya dilrabo ayol ovozi bilan haligi sho‘rlik xabar o‘qib eshittiriladi. Taxminan mana bunday yo‘sinda: «Falon kuni falon viloyatning falon joyidagi ayrim ekin maydonlarini salgina suv bosish xavfi tug‘ildi. Hukumat tomonidan zudlik bilan ko‘rilgan oqilona chora-tadbirlar tufayli tabiiy ofatning oldini olishga muvaffaq bo‘lindi. Buning uchun dala mehnatkashlari jonajon partiya va hukumatdan, shaxsan ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Mendan o‘la-o‘lguncha minnatdordirlar».

Xabardan so‘ng tabiiy ofatlarni yengishga chorlovchi da’vatkor musiqa yangraydi.
Elchi janoblari ko‘plab bunaqa davlat asrorlaridan voqif, umuman, hangomaning koni ekan. Bu kabi ma’lumotlarni bu mamlakatda mana shu odamdan boshqa hech kimdan eshita olmasligimizni bilib, so‘zlarini jonquloq bo‘lib tinglardik. Uning aytishicha, yaqind a— biz kelishimizdan sal oldinroq bu yerda zilzila ro‘y bergan ekan. Elchi xorijiy ishlar vazirligiga qo‘ng‘iroq qilib, yer necha ball silkinganini so‘rasa, u yoqdagilar «Qanaqa ball? Nima deyapsiz o‘zi?» deya o‘zlarini merovlikka solishibdi. «Axir, hozirgina qimirlab o‘tdi-ku, shuni so‘rayapman. Nahotki, sizlarga sezilmagan bo‘lsa?»
«Siz taraflarda qimirlagan bo‘lsa qimirlagandir, bizda unaqa ma’lumot yo‘q. O’zingizni bosib oling, janob elchi!»

28

— Ana shunaqa ahvol! G’irt telbalikning o‘zi! Jonga tegib ketdi hammasi, — dedi elchi yana, bu gal o‘risona bir shartakilik bilan.
Qarasak, u bizni hali-veri qo‘yib yuboradigan emas — elchixona tevaragini tomosha qildirmoqchi, kechki taom ham sobiq vatandoshlarisiz tomog‘idan o‘tmasmish. U yoqda esa la’nati tovarish Yak bizni qidiraverib aqldan ozgan bo‘lishi kerak. Elchi janoblarini bazo‘r ko‘ndirib xayr-xo‘sh qildik.
Yaxshi odam ekan sobiq vatandoshimiz — Nikolay Fyodorovichmi, Fyodor Nikolaevichmi, hozir anig‘i esimda yo‘q. Boyoqish, vazirliqda kimga bir yomonligi o‘tgan ekanki, mana bu yoqlarda «Astrobod bo‘lib» yuribdi.
Qo‘limda bo‘lsa, men eng ashaddiy dushmanimni shu yoqqa elchi qilib jo‘natardim.

UMIDNING UMRI UZOQ YOXUD HALINCHAK UCHAYOTGAN QIZALOQ

— Iltimosingiz inobatga olindi, — dedi tovarish Yak menga. — Ertaga ertalab Xalq tabobati ilmiy tadqiqot markazida bo‘lishimiz kerak.
Sira esimdan chiqmaydi: «Shu yoshda-ya! — degan edi daroz do‘xtir qog‘ozlarimni ko‘zdan kechirarkan, tashvish bilan bosh chayqab. — Koxlear nevriti.Davolash qiyin. Juda qiyin. Bedavo desa ham bo‘ladi». O’shanda u ko‘zimga azroildek ko‘rinib, bo‘g‘ibgina o‘ldirgim kelgani rost. Tamagirlik qilyapti, deb o‘ylaganman. Ana, Shavkatga (rahmatli Shavkat Rahmonga) sha’ma qilgan-ku: «O’sh tomonlarda qazi boshqacha bo‘ladi, deb eshitaman...»

Afsuski, uning gapi to‘g‘ri chiqdi. Bormagan joyim, uchramagan do‘xtirim qolmadi hisob. Bu yog‘i har turli tabibu jodugaru afsungargacha. Quloqning orqasiga cho‘g‘ joylab puflab turadigani deysizmi, kallangizni g‘alvirsimon qasnoqqa solib bichimini to‘g‘rilaydigani deysizmi, baroq qoshlari ostidagi chag‘ir ko‘zlari bilan kiprik qoqmay basharangizga tikiladigan nigohiy tabibmi — hammasi shuning ichida. Quloqdagi chingillashmi, shang‘illash esa miyani ham ishg‘ol etgudek tobora kuchayib borardi.
Goho toqat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetadi. Tanasi boshqa odam buni tasavvur etmog‘i qiyin, albatta. Ba’zilar hatto dosh berolmay joniga qasd qilmoqqacha ham borar ekan. Necha o‘n yillab quloq-miya beto‘xtov shang‘illab tursa, qaysi mard chidaydi bunga, axir!

Shu yo‘ldagi yelib-yugurishlarim butunlay zoe ketmasin, ko‘rgan-bilganlarimni nishxo‘rdga chiqarmayin debmi, «Shovqin» degan kechmishnoma roman ham boshladim. Quloq-miyadagi balo battar zo‘rayib, diltanglik ortib, ish yurmadi. Keyin bunga boshqa «shovqin»lar ham qo‘shildiyu qo‘lyozma chala qolib ketdi.
Hayotimdagi eng katta tashvish — shu darddan qutulish bo‘lib qoldi. Endiliqda quloqmiya shang‘illamasa qanday bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman. Miya yep-engil bo‘lib qolsa kerak-da.
Kallasi «top-toza», g‘uvillash-shuvillashni bilmaydigan odamlar ham bor-a! Buning naqadar baxt ekanini bilarmikan ular? Basharti quloq-boshimdagi shovqin bir zum tinsa, bilmadim, yo turgan joyimda yiqilib tushsam, yo esimni yo‘qotib qo‘ysam kerak. Qo‘rquvdan!

Holbuki, bunday bo‘lmasligi aniq — deylik, barmoq qurib qolsa yoki biror falokat bilan uzilib tushsa, qayta jonlanib, o‘sib chiqmaydi-ku! «Oxiri nima bo‘ladi?» deya gangib so‘raganimda daroz do‘xtir «Oxiri... nima qilasiz, ko‘nikasiz-da. Boshqa iloji yo‘q», deb hukm o‘qigan edi. Keyin qazi-pazidan so‘z ochmay (Surxondaryoda qazi qilinmasligini bilsa kerak, tandirkabobni ta’riflamoqning esa mavridi emas — dardim o‘ta jiddiy, bedavo!), erinmasdan tekin tushuntirgan: «Shamollash-pamollashni oyoqda o‘tkazgan ko‘rinasiz. O’shaning asorati. Ichki quloqning tovush qabul qiluvchi hujayralarida yallig‘lanish hosil bo‘lgan. Natijada to‘qimalar jonsizlangan, karaxt. Ularni tiriltirishga esa hozircha tibbiyotimiz ojiz. Nachora, shunday».

Mo‘‘jiza ro‘i bersa-chi? Axir, mo‘‘jiza degan gaplar ham bor-ku olamda! O’shandan beri qachon uzoq-yaqin biror safarga otlansam, ko‘nglimda umid, ilinj g‘imirlab qoladi: balki, zora, shoyad... Bu yurtda ham qadam qo‘yiboq dardimni tovarish Yakka aytib o‘tingan edim, u har gal so‘raganimda «ana-mana» deya paysalga solib kelardi. Qandaydir bir mo‘ljali bo‘lganmi, bugun endi, o‘zboshimchaligimiz uchun koyish, tanbeh berish o‘rniga meni xushxabar bilan kutib turibdi.

 

29

— Malades, tovarish Yakjon! — deya bo‘ynidan qucha ketdim.
Tovarish Yak aytgan manzilda bizni kutilmagan bir izzat-ikrom bilan qarshi olishdi. Xorijiya vazirligidan qo‘ng‘iroq qilib, «Sotsialistik jamiyat tibbiyotining ustunligini bir ko‘rsatib qo‘yinglar bu xiyonatchilarga!» degan mazmunda qattiq topshiriq berilgan bo‘lsa kerak. Avval odatdagi sharbat bilan siylashdi, so‘ng to‘rttami-beshta do‘xtir xuddi bir ajoyibotni tomoshaga solgandek meni qurshovga olib, uni-buni surishtira ketdi. Nihoyat, o‘zaro chuldiray-chuldiray bir qarorga kelishdi chog‘i, qop-qora sochi o‘rtasidan farq ochib ikki chakkasiga shilshiladek tushib turgan qoqsuyak birovi
— kattalari shu bo‘lsa kerak — tirsagimdan tutib meni qandaydir maxfiyroq xonaga boshlab kirdi.
Yonidan bir shoda kalit chiqarib, shift bo‘ylagan muhrli oynaband shkaflardan birining qatorlashgan qulflarini birma-bir ochdi. Ichkaridagi qo‘shqulfli rux sandiqchani titkilay-titkilay, penitsillinga o‘xshash bir shishachani oldi-da, tantanali suratda (yonimdan ajralmas tovarish Yak yordamida, albatta) e’lon qildi:
— Sizning dardingizga davo — mana! Yaqinda kashf etildi. Bizda. Dunyoning boshqa hech bir joyidan topolmaysiz. Shu dori bilan o‘n kun muolaja qilinsa, yer ostidagi qumursqaning qimirlaganini ham eshitadigan bo‘lasiz!
— O’n kun?.. — To‘g‘risi, sarosimada qolgan edim.
— Ha, o‘n kun, — dedi tovarish Yak allaqanday viqor bilan tasdiqlab. — Xohlasangiz, men vazirligimiz bilan gaplashay, qolasiz. Hamma xarajati bizdan bo‘ladi.
Bu tulki u yog‘ini ham pishirib qo‘ygan ko‘rinadi. Maqsadi — meni olib qolib, azoblamoqmi? Nega?
Kimga kerak bu?
—Yanagi safar kelganimda qilsak-chi shu ishni? — deya vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ldim.
— Ixtiyoringiz, — deb odaticha masxaraomuz ishshaydi tovarish Yak. — Men sizning o‘rningizda bo‘lganimda, bunaqa imkoniyatni qo‘ldan bermasdim.

O’n kun? Yana o‘n kun-a?! Avvalo, bu manmansirashga ishonish qiyin, boz ustiga, bu mamlakatda o‘n kun tugul tag‘in bir kun turgudek bo‘lsam, kargina emas, telba bo‘lib qolishim ham aniq edi.
Bu yerda yana o‘n kun qolgandan ko‘ra umrbod kar bo‘lib yashagan afzal!
Ammo ertaga jo‘nashimizga, diqqinafas bu musofirxona, bu yurt, bu tartibotlardan butkul qutulishimizga na men, na Baxtiyor ishonardik. Go‘yoki ketishimiz o‘zi aql bovar qilmas bir tushdek, shuning tagida ham bir hiyla-nayrang yotgandek tuyulardi.
Sog‘inchdanmi, bezovtalikdanmi, shu kecha allamahalga qadar uyqu kelmadi. Tongga yaqin ko‘zim ilingandek bo‘ldi-yu, sapchib o‘rnimdan turdim: «Bugun ketamiz-a!» Yuragim toshib, ayvonchaga chiqdim. Ufqdan bosh ko‘tarayotgan quyosh shahar uzra nurli o‘qlarini ota boshlagan. Ko‘cha-ko‘y g‘izg‘izon — hamma ishga oshiqyapti. Balanddan qaraganda, asr boshidagi «soqov» filmlarni yodga soladi: pitir-pitir, pitir-pitir. Beixtiyor ko‘chaning naryog‘idagi chorburchak hovliga ko‘z tashladim.

Hovli o‘rtasidagi bolalar maydonchasida qaqqaygan g‘arib bir qurilma diqqatimni tortdi. Jajjigina bir qizaloq halinchak uchmoqda. Hoynahoy, ota-onasi ishga ketgan, u esa dunyoning turfa o‘yinlaridan bexabar, beg‘am, betashvish, bolalik zavqiga berilib havolaydi — tushadi, havolaydi — tushadi.
Nogahon ichimda nimadir shavshab-shavdirab, bir xil bo‘lib ketdim. Mana, bugun men ketaman,biz ketamiz, bu go‘dak, bu norasida qoladi — shu hovli, shu ko‘y, shu yurtda. Umrbod. Birdan mashhur shoirimizning mashhur misralari yodimga tushdi:

«Menga alam qilar: tilla baliqcha
Shu ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni».

Ko‘zlarimga duvillab yosh keldi...
Aeroportda xayrlashar chog‘imiz shu o‘tgan o‘n kun mobaynida ko‘nglimda yig‘ilib qolgan bor gap-so‘zimni, butun zarda-zardobimni tap tortmay tovarish Yakka to‘kib soldim. U nechundir bu gal masxaraomuz ishshaymadi, bir chetga boqib indamay turib berdi. O’zi so‘nggi vaqtda shunday o‘ychan, ma’yusroq bo‘lib qolgandek edi. Keyin harqalay shuncha kun bizga hamroh yurib, qadrdonlashib ketgan bu insonni allanechuk mehrim iyibmi quchoqlab oldim.
— Sen esli yigitsan, birodar, o‘ylab ko‘r!

30


Tayyoramiz qandaydir tikanakli simto‘siqlar, oldida soqchi askarlar saf tortgan omborsimon inshootlar, pastak-pastak tepaliklaru ekin maydonlari oralab uzoq yurgach, nihoyat, osmonga ko‘tarildi. G’arb tarafga qarab mo‘ljal oldi. Xayriyatki, uni endi hech bir kuch ortga qaytarolmaydi, simto‘siqlar bilan o‘ralgan boyagi sovuq maydonga qaytib qo‘ndirolmaydi.

Bizning bu mamlakatni tark etganimiz haqiqat edi. Ana u, ko‘kish g‘uborlar orasida qolib ketdi.
Bugun tong chog‘i halinchak uchgan kizaloqni esladim, «tilla baliqcha»ni, allaqanday mung‘ayib, tashvishmand ko‘ringan tovarish Yakni... Bunday paytda ko‘ngildan «Umr agar vafo qilsa, bu manzillarni bir kun yana qaytib ko‘rarman» degandek bir niyat kechmog‘i tabiiy.

Ajabki, menda unday istak yo‘q edi.
Bir vaqt qarasam, quloq-miyamdagi doimiy g‘uvillash tingan — uni tayyoraning bo‘g‘iq shovqini bosib ketibdi. Daroz do‘xtir xato qilgan ekan. Dunyoda chorasiz narsa yo‘q. Gap — nimani tanlab, nimadan voz kechishda.

1993-98