Shukur Xolmirzaev: “Men o`sha SHUKURMAN!”
Yozuvchi maktubi
Surxondaryo viloyatida chop etiladigan “Boysun” gazetasi xodimi Ismat Norboev yaqinda tahririyatimizga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaevning bir maktubini yo‘llabdi. “Tugallangan yangi asariga oxirgi nuqtani qo‘yib, kindik qoni tomgan Boysunda to‘rt-besh kun hordiq chiqarishni odat qilgan Shukur aka, bir gal safari qarib, Toshkentga jo‘nayotganda:
Mashhur adiblarning o‘z kitobxonlari, ijodkor do‘stlari va shogirdlari bilan yozishmalari, ular qo‘lida saqlanayotgan turli yillarga mansub maktublarning adabiyotimiz tarixidagi o‘rni beqiyosdir. Ularda nafaqat u yoki bu adibning uslubi, biror masalaga munosabati, shu bilan birga maktub yozilgan davr nafasi, ijodkorning qaynoq hayot manzaralari ham betakror darajada aks etib turadi. Bu maktublar nafaqat adabiyotimiz tarixini tadqiq etuvchi olimlar uchun, balki ijodkorning jild-jild asarlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qiyotgan kitobxonlar uchun ham nihoyatda qadrlidir.
Surxondaryo viloyatida chop etiladigan “Boysun” gazetasi xodimi Ismat Norboev yaqinda tahririyatimizga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaevning bir maktubini yo‘llabdi. “Tugallangan yangi asariga oxirgi nuqtani qo‘yib, kindik qoni tomgan Boysunda to‘rt-besh kun hordiq chiqarishni odat qilgan Shukur aka, bir gal safari qarib, Toshkentga jo‘nayotganda:
— Ismat, ko‘p vaqtlardan buyon hikoyalaringizga ko‘zim tushmadi. Yangilari bo‘lsa bering, o‘qib bir narsa derman, — deb qoldi, — deb yozadi I.Norboev. — Darhol ustozning qo‘liga bir dasta hikoyalarimni tutqazdim. Oradan ko‘p o‘tmay adibdan xat keldi. Ochib o‘qidim. Shukur aka xatini shunday boshlagan ekan:
“Salom Ismatjon!
“Qopqondagi bo‘ri”ngizni hozir o‘qib chiqdim. Xudo haqqi, maza qildim. Tasviringiz ham, o‘ylaringiz, holatlaringiz ham yaxshi! Bo‘rining qopqonni qatir-qutur qilib chaynashlari a’lo darajada tasvirlangan. Umuman, hammasi joyida. Tahriringiz ham yaxshi. Masalan, men nashriyotda muharrir bo‘lib ishlagan kishi sifatida besh-olti yeriga qalam ura olishim mumkin. Maqtovlarimni to‘g‘ri qabul qiling... Shu yo‘lingizni aslo yo‘qotmang, chalg‘imang —adashasiz, bu qimmatga tushadi. Men o‘zim ko‘p adashganman, uni faqat o‘zim bilaman — meni ogohlantirib turadigan kishi bo‘lmagan, xususan Sizning sharoitingizda bo‘lganimda...
Ismatjon, hozir sezib qoldimki, uy tutunga to‘lib ketipti. Eshikni ochib, vodoprovodning shirillayotganini eshitdim. Jo‘mragi buzilgan. Borib tuzatdimu, tagiga qo‘yib qo‘yilgan choy idishning suvga to‘lganini ko‘rdim, keyin, uni ariq labiga kuni kecha bozordan ellik tiyinga olib kelib ekib qo‘yganim, o‘zimizning atirgul (limonning hidini eslatadigan, gul ochmaydigan, o‘zimizda bo‘g‘otlarda bo‘ladi-ku), o‘shaning tagiga qo‘ydim. Ruhim ko‘tarilib qaytdim... Hozir kayfiyatim shundayki, Siz bilan anchagina suhbatlashib olaman...
Asaringiz haqida davom etaman: xullas, hikoya menga juda yoqdi. Uni matbuotda chiqish kafilligi menda. Ehtimol, “Guliston”ning 7-sonlariga joylashtirarman.
Endi, masalan, tanqidiy fikrlarim umuman bitta: shundoq voqealar, hodisalarni tavirlaganingizda shunday qilingki, o‘sha voqe va hodisalarga nisbatan o‘quvchida mehr uyg‘onsin. Men, masalan, bo‘ri va bo‘richalaringizni bir qadar yaxshi ko‘rib qoldim. Lekin bu kam. Sizdagi bu kamchilikning bitta chuqur ildizi bor, ya’ni Siz tabiat va hayvonot dunyosini oddiy kishi sifatida yaxshi ko‘rib, shu bilan chegaralanib qolayapsiz... Bu ishning tagidagi falsafasiga e’tibor bermayapsiz. Yoki uni topishga urinmayapsiz. Mening nazarimda bu falsafa shundoq: tabiatni — hayvonlarni, o‘simliklarni, hatto tuproq va jar-qirlarni ham hozir o‘z hollaricha saqlab qolish kerak bo‘lib qoldi. Negaki, biz madaniy olam vakillari uni o‘zgartirdik, buzdik, qirdik. Uning taqdirini xavf ostida qoldirdik. Hatto, o‘zimiz nafas olib turgan havoni ham bulg‘ab yubordik, zaharladik. Endi shularning hammasini saqlab qolishdek muhim vazifa kun tartibiga tushib qoldi! Shu maqsadda biz yozishimiz kerak, odamlarda bularga nisbatan chuqur MUHABBAT uyg‘otish, uning taqdiridan tashvishlanish, o‘zimiz shu tabiatning bir bo‘lagi ekanimizni ularga singdirishimiz kerak...
Tabiatdagi hamma-hamma narsa, hamma go‘zalliklar o‘z holicha saqlanib qolishi kerak!
Men Sizga bir misol aytaman: burgutlarni hammamiz bolalikdan yirtqich qush deb, uni o‘ldirish go‘yo savob ish deb o‘rganganmiz va hokazo. Umuman, yirtqich deb atalmish jonivorlarga shunday munosabatda tarbiyalanganmiz. Lekin buni qarang, yaqinda bir hodisa yuz beribdi: Volga daryosi bo‘yida 25 mingdan ortiq g‘alati, qora parrandalar paydo bo‘libdi. Ular shu qadar bezbet va o‘limtik ekanlarki, sohilda ovqatlanib o‘tirgan kishilarning ham dasturxonidagi narsalarni olib qocha boshlabdilar. Ularni haydab, quvib, yo‘qotib bo‘lmasmish... Nega bunday bo‘ldi? Bu parrandalar nega favqulodda paydo bo‘lib qolishdi? Keyin ma’lum bo‘libdiki, shu atrofda bitta ham burgut qolmagan ekan: aholi butgutlarni yirtqich qushlar deb qirib tashlagan ekan. Burgutlar esa bu qora, g‘alati mahluqlarni bu tevarakka yo‘latmas ekanlar...
Ko‘rdingizmi tabiatdagi mutanosiblikni! Demak, burgutlar ham kerak ekan, ularni ham sevmoq, asramoq, himoya qilmoq kerak ekan. Ularning yetkazgan zararidan biz bilmaydigan foydalari yuz chandon ko‘p ekan. Tabiat bekorga ularni yaratmagan! Chuqur qonuniyatlari bor tabiatning, masalan, bizning burnimiz va qulog‘imiz garchi basharamizdan ortiqcha bo‘lib chiqib tursalar-da, ular organizmimizga mutlaqo zarur ekanlaridek!..
Men istardim, Sizning bu boradagi keyingi ijodingizda shu go‘zal falsafa bir dasturilamal bo‘lsa. Fuqarolik burchi ham shunda, Vatanni sevish ham shunda!
Nazarimda, Sizga faqat shu falsafa yetmay turibdi. Balki buni bilarsiz. Ammo uni harakat o‘qiga aylantirish ham kerak...
Endi sizga zakazlar ham qilmoqchiman: aytib qo‘yishim kerak, yuqoridagi falsafaga “Guliston” ham qattiq amal qiladi. Bizga maqolalar bilan ham qatnashishingizni istar edim. Aytaylik, bitta bog‘ni vayron qilib, o‘rnini tantsa maydoni qildilar: ellik tup o‘rik qirqildi, tsement zavodi qura boshladilar — xuddi qishloqqa yaqin yerda, ariqlarga axlat to‘kib, suvni iflos qildilar, va hokazo hokazolar...
Siz bular haqida yuqoridagi pozitsiyada turib nima yozsangiz, “Guliston” bosib chiqaradi, Sizni himoya qiladi. Unutmang...
Xo‘p, bas qilaman endi.
Ismatjon, kam yozyapsiz. Ko‘proq yozish kerak. Shart emas bunaqa qiziq voqealarning bo‘lishi! Tabiatdagi oddiy bir voqeani ham real ko‘z bilan, real pozitsiyada turib yozsangiz, u kashfiyot darajasida chiqishi mumkin...
Jurnaldagi ishim: “Guliston”ning prozasiga o‘zim mutasaddiman. Keyin, “Buyuk siymolar” va “Tabiat va Odam” nomli rubrikani ham boshqarishni menga yuklab qo‘yishgan...
“Aks sado” yana sadoligicha qoldi. “O‘tkinchi” degan yangi povest yozib tugatdim. Jurnalda o‘qishyapti. Nazarimda, ancha sodda, ammo pishiq narsa... “Drujba narodov” jurnalining 6-sonida chiqadi, degan xat oldim. Rasmimni ham so‘rashipti. Muqovada berisharkan... Ko‘rib turibsiz, ishlarim durust. “To‘lqinlar” bilan birgalikda Moskvada kitob bo‘lib chiqishini ham eshitgandirsiz. Tiraji 65000... Bu haqda “Toshkent oqshomi”ning 7 aprel sonida “Poytaxt nashriyotlarida” degan maqolada gapirildi...
Ismatjon, hozir ko‘nglim g‘alati bo‘lib ketdi. Rosti gap, men kambag‘alman-a, Ismat. Xaltura qilishga qo‘lim bormaydi. Yaxshi yozishga urinaman, ammo “atdacha”si kam...
... Xullas, shunaqa gaplar.
Aytmoqchi, men ertaga Surxondaryoga uchib ketishim kerak. Jurnal 15 kunlik komandirovkaga jo‘nayotgan edi. Hamma narsam taxt edi. Qurib ketsin, pasportimning muddati o‘tib ketgan ekan... Bilib qoldim militsiyaga propuska uchun borganimda... Surxondaryoga bag‘ishlangan sahifa chiqishi kerak edi. Boysunda ham ikki kun bo‘lardim... Hozir Ne’matni esladim (Ramazonovni). Yaxshi ko‘raman. Ismatjon, Sizga aytsam, unaqa yigitlar, do‘st ma’nosida kam topiladi. Men uni ko‘p sinaganman... Men yozish-chizish ko‘chasiga kirmasimdan burun uni taniganman...
Sulton qalay? Xat oldim. Durust javob yozaman degandim. Yozolmadim. Chunki u shundoq katta va qo‘pol bo‘lgani bilan, sizlar uni yaxshi bilmaysizlar, u ko‘p nozik yigit...
Tilloga ayri salom ayting. Sog‘inibman darrov. Yaqinda ko‘rgan edim. Xotini betob deb eshitdim. Xafa bo‘ldim.
Matlabjon qalay? Kim qoldi yana? Ismatjon.
Men sog‘man deyarlik. Onda-sonda jigar og‘rib turadi. Hamon parhezdaman. Avgustda ro‘zamni ochaman.
Bo‘pti endi. Xayrlashaylik, Ismatjon. Mana anchagina suhbatlashdik. Men anchagina chuchmal gaplar ham qildim. Ularga parvo qilmang. Men o‘sha, o‘sha Shukurman...
Xayr. 19 aprel 1967 yil.