Atoqli tatar shoiri Abdulla Muhammadg‘orifovich To‘qaev — Abdulla To‘qay Qozon gubernasiga qarashli Qushlauch qishlog‘ida tug‘ildi. Abdulla To‘qay Uralsk shahridagi madrasada o‘qidi.
Abdulla To‘qay ijodining ilk davrida yaratilgan «Ozodlik haqida» (1905), «Tekinxo‘rlarga» (1906), «Davlat dumasi» (1906) she’rlarida xalq manfaatini kuylash, ozodlik uchun kurashga da’vat etish g‘oyasi kuchlidir.
Abdulla To‘qayning asarlari ko‘p tillarga tarjima qilingan.
TEKINXO’RLAR
Tekinxo‘r, oqsuyak zotlar, qorin solgan nasoratlar,
Demas to‘ydim, ochofatlar, ajab hay-hay, ajab hay-hay!
Va har qaysi gubernator, kekirmoq birla ko‘p mag‘rur,
To‘yib bo‘lgach ular bazo‘r, ichu toshi faqat moy-moy!
Bir aylanib kelar murdor, so‘ng cho‘zilib yotar beor,
Tashqariga qatnab bedor, shudir himmatlari, bay-bay!
Xalq o‘lsa ham parvoyi yo‘q, bo‘lsa basdir qursog‘i to‘q,
Og‘izlari qurdim quduq, nimangki bor: «Day syuda, day-day!»
Bitirgay yeb, qarab tursak, agar birpas qo‘yib bersak,
Ayo qursoq va yo qursoq, jahonni qoplarin, voy-voy!
Bularning har biri Qofdir va yo Kavkazga o‘xshabdir,
Bulardan ne omon qobdir? Gapir, ey Mingliboy boboy!
Bo‘lardi yaxshi, qarshi chora ko‘rsak bu qorinlarga,
Tutib yormoq kerakdir, bo‘ g‘animat damni o‘tkarmay!
Yoraylik bu qorinni, chunki bizning baxtimiz shunda,
Shular yutgan umid-iqbolimizni asti qizg‘anmay.
Yetar endi, yetar endi, «davayte» boshlayik ishni,
Shimarmoq vaqti keldi yengni, bo‘lmas endi qo‘zg‘almay!
Hujum vaqti eshonlarga, tekinxo‘r kallaxumlarga,
Bitir, qir, parchalab tashla, yugur, urra va «bilbanzay»!
Payg‘ambar dinin o‘rnin qoplagan mechkay marazlardan,—
Qutulmoq lozim endi, qaydadir islomimiz, hay-hay!
Izi ham qolmadi dinning, tamom majusilar bosdi,
Sezib turgan musulmonga chidash mumkinmi jon kuymay?!
So‘rib yotgan tekinxo‘rga qadaldim misli xanjar men,
Bularning maslagi bizni talash-ku bitta ham qo‘ymay.
Yetar, Abdulla, endi yoza ko‘rma, bunda surgun bor,
Osarlar dorga, til tiygin butunlay endi qo‘zg‘almay!
Yo‘q, aslo to‘xtamay yozg‘um, ulardan mutlaqo qo‘rqmay,
Nechundir bu yurak kuylar ajaldan asti seskanmay!
Chivindek jismi jonim, mayli, bu yo‘lda halok o‘lsa,
Mening chin maslagim shuldir, butunlay sotsiallarday!
Bu mazhab bebaho mazhab, qutulmoq yo‘li shul yo‘ldir,
Buning homiylari o‘lguncha borgay shunda aldanmay!
Turob To‘la tarjimasi
BIR TATAR SHOIRINING DEGANI
Men kuylayman, turgan yerim tor bo‘lsa ham,
Qo‘rqmayman sevgan xalqim tatar bo‘lsa ham.
Ko‘krak kerib turadirman, menga millat
Bu kun miltiqdan o‘qlar otar bo‘lsa ham.
Ungga, so‘lga og‘may olg‘a men boraman,
Yo‘lda bir sad ko‘rsam tepib ag‘daraman;
Qo‘lda qalam bo‘la turib yosh shoirga,
Ma’lumdirki, qo‘rqish bilan hurkish harom.
Dushmanlarning zo‘ridan biz hech qo‘rqmaymiz,
Botirlikda Ali, Rustamlarga tengmiz.
Shoir umri qayg‘u-hasrat ko‘rsa ko‘rar,—
To‘lqinlanmay turolmaydi ulkan dengiz.
Kuylayman yaxshilikni kecha-kunduz men,
Sevaman ezgu ishni va shirin so‘z men.
Yomonlikni so‘kaman, maqtay olmayman,
Yomonlikni ko‘rganda, juda yovuz men.
Yomonliklar jahlimni ko‘p ko‘pirtadi,
Tayoq bilan go‘yo qornimga turtadi.
«Nega bunday? Yaramas», deb vaysatishib,
«Tfu, chortlar! Ahmoqlar!» deb tukirtadi.
Agar nohaq otsa o‘qni menga tomon,
Bir og‘iz so‘z qilmayman unga hech qachon.
Yanglish otding, qaytib olgin o‘qingni deb,
O’q botsa ham do‘stlikni qilaman bayon.
Dil zahar bo‘lganidan she’rim ham zahar,
Pishgan desam xom chiqar u ba’zi safar.
Bulbul kabi qalbimni sayratay desam,
Mushuksimon ko‘ngilsiz u miyovlab ketar.
Rang-barang ko‘rinadi maqtalgan narsa,
Nordon meva bo‘ladi ko‘pincha sara.
Men hozir achchiq-chuchuk yozsam ham, ammo
Yaxshi niyat bor unda, sinchiklab qara!
Pushkin, Lermontovdan o‘rnak olaman,
Asta-sekin yuqorilab men boraman,
Tog‘ boshiga chiqib men qichqiray desam,
Yuksaklikdan yilarman deb men qo‘rqaman.
Manzil yaqin, yura bergach yo‘l qisqarar,
Allaqayda yotgan hissiyot qo‘zg‘alar.
Men bukirmas, tuzalishga qabr kerakmas,
Tangri fayzi ko‘nglimga izin solar.
1907
Ramz Bobojon tarjimasi
SHOIR
Yillar o‘tib, umr kechib bel bukilsa,
Qarib qolsam, darmon ketsa, tish to‘kilsa.
Ko‘nglim mening yosh qolg‘usi, hech qartaymas,
Irodam hech sinmas, aslo holdan toymas.
Ko‘kragimda she’r otashi so‘nmas hech ham,
Qarisam-da ko‘targayman tog‘ni bardam.
Ko‘nglim kunduz kabi yorug‘, ko‘klamday yosh,
Qish va qor yo‘q, shoir ko‘ngli — mangu ko‘klam.
Qarisam-da hech qariday bo‘lmagayman,
Aqlim ketib, aslo aljib qolmagayman.
Xudo bilar, o‘tirmasman o‘t yonida,
She’rlarimdan o‘t olgayman, tolmagayman.
Kuylay-kuylay o‘larman men o‘lganda ham,
Kuylagayman azroilni ko‘rganda ham.
«Biz ketarmiz, siz qolarsiz!» deb kuylarman,
Jasadimni tuproq bilan ko‘mganda ham.
1908
Mirtemir tarjimasi
NASIHAT
Ehtiyojin arz etib kelsa tilanchi qopqangga,
Qattiq so‘zlar birla sen insonligini toptama.
Senga o‘xshash ul «tilanchilar»da olloning quli,
Qo‘l cho‘zar bechora baxtsizlik va ochlik orqali.
Yurmangiz bir yoqli deb siz bu vafosiz dunyoni;
U ikki yoqli: uning bor ham qora, ham kun yog‘i.
G’ildirakday aylanar boylik va shuhrat, martaba,—
Sen bugun boy, balki, shaytondan ham yo‘qsul ertaga!
Bo‘lsa—bergin, bo‘lmasa asta gapirgin yo‘qliging,—
Bilmay qolma: oq soqolli chol Xizir — Il’yosligin!
M. Boboev tarjimasi
BO’RON
Tinchgina turgan havoni qopladi birdan tuman,
Qor uchib, qor sepkilab, qorga ko‘mildi har tomon.
Qor urar yuzga rahmsiz ko‘z ochib bo‘lmas sira,
Har qora narsa bo‘ri yoki qaroqchiga o‘xshar, qara!
Qorni yenggandek tushar yerga tiniq oy yog‘dusi,
Goh sariq, goho kumush: qo‘rqqan kabi oyning yuzi.
Kun bo‘yi yotgan edi o‘lgan ilondek yo‘l tinch,
Chiqdi qaydan bu bo‘ron — yo‘ldan adashsang qo‘rqinch.
Ne balo! Qof tog‘idan jinlar to‘zib solgan yig‘i?
Yo teshilganmi xudoning tengi yo‘q zo‘r yostig‘i?
Qor bo‘lib yerda ucharmi ushbu yostiq parlari?
Izg‘ishib parlar yig‘armi yoki Qof tog‘ jinlari?
Men ne g‘amda, qor orasidan termulib ul oy kular,
Men g‘arib zahmatda, go‘yo — chorbog‘indan boy kular!
1912
Shuhrat tarjimasi
BOLALARGA
Qo‘rqma zinhor, bor deb aytsa, jin, ajina, shurali,
Barchasi yo‘q gap, bularni ko‘rmagan hech kim hali.
Jin — falon deb gap sotishlik eskilardan qolgan u,
So‘zlashi yaxshi, ko‘ngilli, shoirona yolg‘on u.
Aslida — alvasti bo‘lgan sahrolar, sayhon ham yo‘q,
Shurali saqlab turuvchi qop-qora o‘rmon ham yo‘q.
Sen hali o‘s ham o‘qi ko‘p, shunda anglarsan barin,
Ma’rifat nuri ochar ko‘p narsalar yolg‘onligin.
Shukrullo tarjimasi
ONA TILI
Ey aziz til, ey go‘zal til, ota-onamning tili,
Dunyoda ko‘p narsa bildim sen ona til orqali.
Avvalo, bu til bilan onam beshikda kuylagan,
So‘ng uzun tunlar bo‘yi buvim hikoyat so‘ylagan.
Ey ona til, har zamon bo‘lding madadkorim mening,
Sen tufayli anglatarman shodligim, zorim mening.
1912
Mirtemir tarjimasi
QIT’A
Kuchlarimni men qora kunlarga saqlay olmadim,
Kunlarimning hech birini ham, chunki oqlay olmadim.
Uchradi yo‘lda to‘siq, itdan ko‘paydi dushmanim,
Chunki zolimlarni, ustunlarni yoqlay olmadim.
Olmadim o‘ch, bitdi kuch, sindi qilich, shul bo‘ldi ish:
Kirlanib bitdim o‘zim, dunyoni poklay olmadim.
1913
M. Boboev tarjimasi