Atoqli qirg‘iz yozuvchisi, Qirg‘iziston xalq shoiri, respublika Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Aali To‘qumboev Qirg‘izistonning Chon Kemin ovulida tug‘ildi. Avval eski maktablarda o‘qidi. Keyinchalik, 1927 yilda O’rta Osiyo kommunistlar universitetini bitirdi.
A. To‘qumboev ijodi 1924 yildan boshlandi. Qirg‘iz yozma adabiyotining tug‘ilishi va shakllanishi uning nomi bilan chambarchas bog‘langan. O’z ijodining dastlabki boskichida Chalkar (Ari), Bolka (Bolg‘a) taxalluslari bilan hajviy she’rlar yozdi.
O’ttizinchi yillarda A. To‘qumboev «Mehnat gullari» (1932), «Ataka» (1932), «Birinchi she’rlar» (1933), «Tutqun Marat» (1935) dostonlarini yozdi.
A. To‘qumboev qirg‘iz alabiyotida roman, povest, doston, ballada va falsafiy lirikaning eng yaxshi namunalarini yaratdi. Uning «Yaralangan qalb» povesti shular jumlasidandir.
Urush yillarida A. To‘qumboev «Jangchiman», «Qasos olamiz», «Olg‘a» she’rlarini, «Manas vatandoshi» (1941), «Yigirma sakkizlar haqida» (1944), «Oq yo‘l» (1944) dostoilarini yaratdi, ko‘pgina publitsistik maqolalar yozdi.
Dramaturg A. To‘qumboevning «Urmoq hokimi» (1942), «Qasos» (1943) nomli asarlarida vatanparvarlik g‘oyalari tarannum etildi.
A. To‘qumboev tanqidchi va tarjimon sifatida ham qirg‘iz adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.
ALISHER NAVOIY
Besh yuz yil! Nazar solib ko‘r-chi yerni,
Shu yillar o‘zgartibdi talay elni.
Va lekin u o‘zgarta olgani yo‘q
Bobomiz — ulug‘ shoir Alisherni.
Alisherning shuhrati oshar doim,
She’riyat toji shu’la sochar doim.
Ozodlik qo‘shiqlari yillar osha,
Erk tongin nur pardasin ochar doim.
Alisher o‘lmas shoir bir umrga,
Biz bilan doim kuylab yurar birga.
Besh yuz yil sayrab kelgan tolmas bulbul,
Jo‘sh urib, tinmay o‘tar tildan-tilga.
Alisher, sening tiling — mening tilim,
Alisher, sening diling — mening dilim.
Kel, birga jo‘r bo‘laylik, orzularing
Ochildi chaman bo‘lib mana bugun.
1948
OQ BUVRA
Gurkirab, ming to‘lg‘anib,
Ushqirasan, Oq buvra.
Uzoqlarga yo‘l olib,
Jo‘sh urasan, Oq buvra.
Botirlarga bosh urib,
Bog‘lanasan, Oq buvra.
Mehnat desa to‘sh urib,
Tovlanasan, Oq buvra.
«Oq oltinli» makonga
Shoshib, yelding, Oq buvra.
Orom berib dehqonga,
Toshib kelding, Oq buvra.
Ekinlarni sug‘orib,
Bog‘ yaratding, Oq buvra.
Botmon-botmon bug‘doydan
Tog‘ yaratding, Oq buvra.
1948
TENTAK NORIN
Tentak Norin
Suzib jarin,
Soylardagi
Suvning barin
Tortib yotar o‘ziga,
Jimjit oqib
Ba’zida soy
Qaymoq qo‘shgan
Kakaoday
Ko‘rinadi ko‘zingga.
Soylar yelib,
Shoshib kelib,
Quchoqlarin
Ochib kelib
Kurash tushib yotishar.
Ming yulmalab,
Ming yulmalab,
Achomlashib,
Lablarda lab,
Ko‘kka ko‘pik otishar.
Parvoz etsang,
Ko‘kka yetsang,
Samolyotda
Uchib o‘tsang,
Qoyalardan ko‘p nari
Tog‘ boshida,
Yonboshida,
Yuksaklar.
Bulut bo‘lib
Uchar shunda
Jo‘shqin Norin bug‘lari.
Sakrab, cho‘chib,
Kayfi uchib,
Samolyotga
Ko‘zi tushib
Hurkib qarar kiyiklar.
Kiyik va tog‘,
Bir yonda bog‘,
Ko‘rinadi
Yaqin-uzoq,
Pastu baland — biyiklar.
Ko‘nglim chog‘,
Ko‘kda qalqib,
To‘ymay boqdim
Uyla bolqib
Qo‘shiq qildim Norinni.
«Menga qara,
Tortmay na’ra,
Qo‘shiq to‘qi
Menga sara,
Ayamayman borimni»,—
Dedim unga,
U ham shunga
Amal qilib,
Sapchib kunga,
Shodlik bilan toshardi.
Olg‘a shoshib,
Cho‘lni bosib,
Dalalarga
Gullar sochib
Qirg‘og‘idan oshardi.
Tentak Norin
Suzib jarin,
Soylardagi
Suvning barin
Qo‘shib olg‘a chopadi.
Undan o‘zib
Qo‘lin cho‘zib,
Xalqim uning
Yo‘lin to‘sib,
Yangiliklar topadi.
1948
S. Qolbek tarjimalari