08:32 / 18.05.2010 · Кутубхона
Ovanes Tumanyan (1869-1923)

Arman adabiyotining yirik namoyandasi, atoqli shoir, prozaik va dramaturg Ovanes Tumanyan Armanistonning Lori rayoniga qarashli Dsex qishlog‘ida ruhoniy oilasida tug‘ildi. Avval Jalologli qishlog‘ida Tegran Davtyan maktabida, so‘ng Tiflis shahridagi arman diniy seminariyasida tahsil oldi. To‘qsoninchi yillarda «Murch» («Bolg‘a») va «Axbyur» («Buloq») jurnallarida hamkorlik qildi.
Ijodini she’r, masal yozishdan boshlagan Tumanyanning «Mushuk va it» (1886), «Maro» (1887), «Quyosh va oy» (1890), «Lorilik Sako» (1889) singari drston, she’r va masallari xalq og‘zaki ijodi asarlariga xos motivlar bilan sug‘orilgandir.
Tiflisdagi adabiy muhit Ovanes Tumanyanning ijodiy faoliyatiga kuchli ta’sir qildi. Bu yerda u atoqli arman yozuvchilaridan Raffi, Shervonzoda, Sundukyan bilan yaqindan tanishdi. Bu tanishish natijasida u rus va dunyo adabiyoti klassiklarining ijodi bilan qiziqa boshladi. Shu davrda O. Tumanyan A. Pushkin, D. Bayron, V. Shekspir asarlaridan arman tiliga tarjimalar qildi. Ularga ergashib o‘zi ham «Artavazd II», «Shoh Ovanes» singari tarixiy dramalarini yozishga kirishdi. 1901 —1902 yillarda u «Timkaberd qal’asining zabt etilishi», «Parvona», «Sosunlik Dovud» dostonlarini yaratdi, «Anush» dostonini qayta ishladi.
O. Tumanyan arman adabiyotida X. Abovyan va M. Nalbandyanning an’analarini izchillik bilan davom ettirgan, xalq og‘zaki ijodi motivlaridan barakali foydalangan yozuvchidir. Uning ko‘p hikoyalari, xususan, «Kukor» hikoyasi ko‘p tillarga tarjima qilingan.

QO’SHCHI QO’SHIG’I

Yur, omochim, yuravergin jim,
To kechgacha qilamiz shudgor.
Yer katlamin ag‘dar betinim,
Xudo bo‘lsin panoh, madadkor.

Tortavergin, ho‘kizim, hormay,
Dadilroq yur, ishlaylik inoq.
Qamchiningni, o‘g‘lim, tushirmay—
Yur, qora kun daf bo‘lsin tezroq!

Qarz berganlar qistar qarzini,
Jazolamoq istar oqsoqol.
Pop ibodat qilib, arzini —
Aytdi, muddaosi: pul yo mol.

Gadoy keldi so‘rab sadaqa...
Hammasiga pul kerakdir, pul!
Ozgina yer, yo‘q sariq chaqa,
Gangitmoqda nochorlik nuqul.

Kundan-kunga ketmoqda mador,
Bolalar och, yo‘q gamxo‘r kishi.
Sog‘ bo‘lsang ham, bo‘lsang ham bemor,
Ho‘kiz kabi lozim ishlashing.

Yur, omochim, yuravergin jim,
Kechga qadar qilamiz shudgor.
Yer qatlamin ag‘dar betinim,
Xudo bo‘lsin panoh, madadkor.
1887

ARMANNING QAYG’USI

Armanning qayg‘usi tubsiz va cheksiz,
Xuddi dengiz kabi bepoyon.
Loyqa to‘lqinlanib turgan shu dengiz
Qahrida men hasratda hamon.

Alamzada bo‘lib ba’zida bu jon
Uzin urar sarob — qirg‘oqqa.
Ba’zan suv tubiga sho‘ng‘iydi nimjon,
Turolmasdan u tik oyoqqa.

Na u qirg‘oq topar, na dengiz tubin,
Uzidan ham hattoki bezor.
Armanga bu jahon tordir bus-butun,
Jon qiynalur nochor, beqaror.
1903

ONA YURT G’AMI

Ko‘rkam dalalaringning maftuniman azaldan,
Qalbimda zo‘r mehring bor chaqaloqlik mahaldan.
Ammo har gal tikilsam g‘amga to‘ladi yurak,
Jafokash aziz elim, xunob bo‘ladi yurak.
Quvg‘inga duchor bo‘lgan farzandlaring behisob,
Vayrona qishloqlaring, shaharlaring ham xarob:

O, afsus, o‘lkam,
Ko‘p ma’yus o‘lkam!

Ko‘rib turibman: dushman seni poymol etmoqda,
Gullar so‘lib, ko‘rkingga bir-^bir putur yetmoqda.
Qishlog‘u, shaharlarda yig‘i-sig‘i va nola,
Qo‘shig‘u kuylaring ham ma’yus, hasratga to‘la.
Zolimlarning do‘qidan kar ham bo‘lgudek quloq,
Zulm zanjiri tufayli yosh to‘la ko‘zlar buloq.

Bag‘ri qon o‘lkam,
Jonajon o‘lkam!

Jarohating ko‘p, biroq bardamsan, o‘lkam, hali,
Hali kuch bor taningda qaddingni rostlagali.
Uylaysanmi, yo‘ldasan, safardasan-u, faqat —
Yolg‘iz xudodangina kutib turibsan madad?
Biz esa farzandlaring, quloqni senga tutib,
Amringni kutayapmiz, turibmiz farmon kutib.

Uyg‘on, bas, o‘lkam,
Muqaddas o‘lkam!

Ishonchimiz komildir, payt kelib tong otadi,
Uyquda sog‘lom yurak qachongacha yotadi?
Ishoichimiz komildir, ko‘targanda bosh quyosh,
Keksa Araratdagi har bir giyoh, har bir tosh
Nurni xurram qarshilar hayotdan mamnun bo‘lib,
Shoiring yangi qo‘shiq yaratar zavqqa to‘lib.

Saqlama sukut,
Istiqbolli yurt!
1915

GRUZIYA SHOIRLARIGA

Ulug‘ Shota! She’rlaring
Haroratlidir hamon.
Hamon ular qalbga yaqin,
Ruh baxsh etar bir jahon.
Usha sozing qo‘lda bugun
Mag‘rurona yangraydi.
Jondosh, qondosh Gruziya
Bo‘ylab sho‘x jaranglaydi.
Shotalarni yetishtirgan
Ko‘rkam diyor, assalom!
Quchog‘ingga Araratdan —
Keldim, qalbda ehtirom.
Keling, do‘stlar, birgalashib
Bir kuylaylik-chi, qani.
Shonli o‘tmish va istiqbol
Quvontirsin hammani.
Shunday qo‘shiq kuylaylikki,
Bo‘lib momaqaldiroq,
Zolim kuchga dahshat bo‘lsin,
Bossin tanin qaltiroq.
Mayli, Kavkaz, farzandlaring
Shu qo‘shiqqa jo‘r bo‘lsin.
Inoq do‘stlik to‘yi bo‘lsin,
Tantanasi zo‘r bo‘lsin.
Aka-uka, opa-singil,
Do‘stlar, ota-onalar,
To‘planingiz katta-kichik,
Yigitlar, jononalar.
Yangi kunni qarshilaylik,
Qarshilaylik hamnafas.
Ko‘p yosh to‘kdik — bizga saboq,
Zulmga yo‘l yo‘q, endi bas
Ulug‘ Shota sozini biz
Chalayapmiz, bir qara,
Tushunarli hammaga ham,
Hammaga bu kuy yarar.
Xizmat qilar ulug‘ qo‘shiq
Ulug‘ maqsad yo‘lida.
Qalblar endi zavqqa to‘liq,
Soz — baxtlilar qo‘lida.
Yangi do‘stlar, salom sizga,
Ulganlarga sharaf-shon!
Araratdan olib keldim —
Salom, do‘stu qadrdon.
1919

M. Boboev tarjimalari