Ozarbayjon xalqining zabardast shoiri, dramaturgi va yirik jamoat arbobi Samad Yusuf o‘g‘li Vekilov (Vurg‘un) Ozarbayjonning Qazax rayoniga qarashli Salaxli qishlog‘ida tug‘ildi. O’qituvchilar seminariyasida tahsil olgach, bir necha yillar muallimlik qildi.
Samad Vurg‘un ijodi 1924 yilda she’r yozishdan boshlandi. U «Shoirning qasami», «Fonar», «Ko‘ngil daftari», «She’rlar», «Tong qo‘shig‘i», singari o‘nlab to‘plamlarini nashr ettirdi. Lirik shoir sifatida ozarbayjon xalqini ulug‘lovchi ajoyib she’rlar yozdi.
Samad Vurg‘un o‘zining «Yigirma oltilar» (1935), «O’lim kursisi» (1934), «Kolxozchi xotin Basti haqida qissa». (1937), «Toliston» (1938), «Mug‘an» (1949), «Zanjining orzulari» (1948), va shunga o‘xshash turli-tuman mavzularda yaratgan dostonlari bilan ozarbayjon adabiyotida dostonchilik janrini rivojlantirdi.
Samad Vurg‘unning Ulug‘ Vatan urushidan so‘nggi yillarda yaratgan asarlari orasida uning «Dunyo xaritasi» turkumiga kirgan siyosiy lirik she’rlari alohida ko‘zga tashlanib turadi.
Samad Vurg‘un iste’dodli dramaturg edi. Uning «Voqif» (1937), «Xanlar» (1939) va «Farhod va Shirin» (1942) pesalari boshdan-oyoq she’r bilan yozilgan bo‘lib, ozarbayjon dramaturgiyasida tarixiy mavzuda yaratilgan eng yaxshi asarlar hisoblanadi.
Samad Vurg‘un Ozarbayjon Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi edi. U bir necha yil davomida Ozarbayjon yozuvchilar soyuzini boshqardi.
Shoir o‘zining «Voqif». «Farhod va Shirin» pesalari uchun ikki marta Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Samad Vurg‘un 1956 yilda Bokuda vafot etdi.
ONA HAYKALI
Marmar obidalar, quyma haykallar
Bezakdir har ulug‘, kichik shaharga.
Oh, xayolchan boshlar, ijodkor qo‘llar!
Siz qanot bog‘laysiz tushunchalarga...
O’ylab boq: toshlardan, bo‘z qoyalardan
Surat yaratadi bir haykaltarosh,
Go‘yo nafas olar tirik bir inson,
Yashaydi yuz minglab asrga sirdosh.
Bo‘ronlar, to‘fonlar o‘tar boshidan,
Necha yuz qish, necha ming bahor,
Parcha g‘isht qo‘zg‘almas negiz toshidan,
Porlar manglayida o‘lmas iftixor.
Yashaydi san’atkor, yashaydi san’at —
Nasldan-nasllarga beradi salom.
Oh, ona tabiat, ona tabiat!
Eng buyuk avloding insondir mudom!
Mirtemir tarjimasi