08:30 / 18.05.2010 · Кутубхона
Yuxan Smuul (1922 - 1971)

Eston adabiyotining yirik vakili Yuxan Smuul 1922 yilning 18 fevralida Muxu orolidagi Koguva qishlog‘ida kambag‘al baliqchi oilasida tug‘ildi. Ota-onasining kambag‘alligi tufayli yoshlik chog‘larida o‘qishni tugatolmay, otasiga yordamchi bo‘lib qoldi.
Yu. Smuulning ijodi Ulug‘ Vatan urushi yillarida she’r va maqolalar yozishdan boshlandi. U shu vaqtga qadar «Og‘ir yoshlik» (1946), «Olma daraxti gullasin» (1951) kabi bir necha she’rlar to‘plamlarini, «Koguva qishlog‘ining qizil karvoni» (1947), «Yarvesuulik yigitlar brigadasi» (1948), «Estoniya dostoni», «Bo‘ron bolasi» singari dostonlarini nashr ettirdi.
Yu. Smuul kitobxonlarga iste’dodli prozaik sifatida ham tanildi. Uning bolalar uchun yozgan «Murka dengizchi» povesti, «Sigidate qishlog‘idan maktublar» (1950— 1953) nomli ocherklar turkumi va «Muz kitobi» (1957— 1958) asarlaoi eston prozasining so‘nggi yillardagi katta yutug‘idir.
Yu. Smuul 1955 yildan buyon Estoniya yozuvchilar soyuzining raisi. 1960 yilda «Muz kitobi» asari uchun u Lenin mukofoti laureati degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan.

BALIQCHILAR YASHAYDI SHUNDAY
(SHU NOMLI TURKUMDAN)

1. SUBHIDAM

Botib ketdi ko‘kning yarqiroq oyi,
Qichqiradi tongni qutlab xo‘rozlar.
Butun sohil bo‘ylab to‘rini yoyib,
Baliqchilar kuni oltin sep yozar.

Quyosh chiqa boshlar ufq sahniga.
Qumliklar ustida parillab mag‘rur.
Dengizning to‘lqinli oyna sathida
Yaltillab aks etar bu ulug‘vor nur.

Xuddi yonboshlagan tyulen misoli
Qayiqlar hozircha oladi tinim.
Qoracha sirtlarin oftobga solib,
Hali harakatsiz turishar jim-jim.

Boladay beg‘ubor, so‘lim subhidam,
To‘lqinlar tebranar yaqin-yiroqda.
Baliqchi yigitlar bo‘lib shay, bardam.
Qayiqlarin haydab ketar qirg‘oqdan.

Eshkaklar g‘ijiri bag‘ishlar quvonch,
Qayiq quyrug‘ida motor guldirar.
Bu qudratli sado yozib keng quloch,
Zilol cheksizlikni bosar, to‘ldirar!

2. DENGIZ KUYLAYDI

Mavjlar majnuntolga o‘xshamas zinhor,
Uzgacha ularning zangori rangi.
Yoldor ko‘piklarni tinchitmas bahor,
O’ziga xos kuyin mazmun, jarangi.

O, bu mo‘‘jizakor shimol yoyig‘i
Hansirar, ufqqa quloch yoyib keng.
Bu moviy dengizning butun borlig‘i
Bir qudratli xor va arg‘anunga teng.

Ko‘pik lavalari o‘ynashadi sho‘x;
Erkin kuylarida qvnchalar ma’no.
Taralar oqqushlar yangratgan qo‘shiq,
Da’vatday yurakda berib aks sado.

Shimol tomon uchar ular harqalay,
O’z inlari sari... sog‘inib uchar.
Faqat yolg‘iz qolgan beva chag‘alay
Qanotlari bilan dengizni quchar.

To‘lqin, g‘alayonli qudrat singari
O’yna, shaddod dilga baxsh etib sevinch.
Men eslay olmayman bundan ilgari
Bu xilda larzakor kuylaganing hech!

3. BALIQCHI KULADI

Dengiz bo‘lsa g‘amgin, dil xira,
Baliqchi ham kulmaydi sira.
Ammo bugun nechundir shod u,
Yuzlariga yoyilgan kulgu.

Shamol uvlar dengizda birdak,
Biz bekorga chiqmabmiz demak,
Yuklar bilan limmo-lim qayiq,
Kumushlanar qayiqda baliq.

To‘la qayiq yonida turib,
O’z ishingdan yayrashing aniq.
Xuddi chaqmoq — shu’la ufurib,
O’ynab yotar ming-ming oq baliq.

Qanotlarin o‘ynatar cho‘rtan,
Qalqonbaliq ko‘rinar to‘rdan.
Kumush tanli olabug‘alar
Yilt-yilt etib suzib, yo‘rg‘alar.

Hu qayiqning ancha pastida,
Zilol to‘lqin tubida hozir,
Salakalar hayot qasdida
Kumushlanib yugurar zir-zir.

Baroridan kelgan ov uchun
Baliqchiga el deydi rahmat.
Yurt oldida bajarar burchin,
Bir qit’aga yetar bu ne’mat!

4. UYIGA QAYTADI BALIQCHI;

Oqshomgi zar parda tusida
Suv sathida qalqadi shafaq.
Ho‘l, barzanggi xarsang ustida
Dengiz qushi o‘tirar mudroq.

Sen qo‘lingni qo‘yib qosh uzra,
Uzoqlarga tashlasang nazar:
Bu qay gulzor ekanin tezda
Fahm etmog‘ing qiyin, muqarrar!

U ne nurda gulday ko‘ringan,
Yellar bilan o‘ynab — uringan?
U baliqchi qizlar to‘dasi,
Tovlanar sho‘x ko‘ylak, durrasi.

Baliqchi o‘z ovidan xursand,
Asta chiqib kelar qayiqdan.
Yor visolin o‘yi bilan band,
Yo intilar go‘zal qayliqqa.

Tortadi yor etigini yor,
Keng sharfini bo‘ynidan olar,
Ko‘zlariga boqib vafodor,
Ne xil hislar mavjida qolar?

Yelkasiga so‘ng bosh qo‘yar qiz,
Nigohida mayin bir hayo:
Bu qarashda hayajon, dengiz,
Jasorat va muhabbat ayon.

ANTARKTIDADA DAFN MAROSIMI

Antarktidada halok bo‘lgan do‘stlarim xotirasiga

O’lganga qayg‘urmas mis karnay bunda,
Korbo‘ron uv tortib g‘uvillar vazmin.
Oq qorlar uyumin to‘ldirib mungga,
Buyuq ufuradi o‘lik, muz zamin.

Qalin kiyimlarga burkangan yo‘sun
Muz qoyalar aro turdik biz yiroq...
Bilardim neli^in yo‘qotmoq do‘stni,
Ne bo‘lishin bunda bilmasdim biroq.

Kecha qisqa to‘lqin bilan biz
Bergan edik radiogramma.
Favqulodda bu fojiadan
Xabar topsin deganday hamma:

«Komsomolskaya» stantsiyasida
Halok bo‘ldi yosh aerolog.
Hayajonli morze harflari
Uniqqan qon misoli g‘amnok
Bezovta va notinch urardi.
Qisqa to‘lqin tez yugurardi...
— Kim?—deb ayol eshikni ochar,
Ko‘zlarida uyquning izi,
Eshik ochib, tosh qotar nochor,
Mudhish xatga tushganda ko‘zi...

Traktor ortida tobutli chana,
Sukut daqiqasi soatdan ortiq.
— Mening qit’am sizga bo‘lmas boshpana!—
Deb hayqirar bo‘ron — birinchi notiq.

Muz, Deyvis dengizi bilmaydi karam,
To‘rtta kishingizni yutdi qa’riga.
Sizday kelgan edi Robert Skott ham,
Ammo yax qotdilar, uchrab qahrimga.

Yoshu jasurlarni tropik yoqqa —
Yo‘llangiz, serquyosh, o‘rmonzor u joy.
Bu yer aylantirar badanni yaxga,
Mox o‘tlar ham hatto ko‘rsatmas chiroy.

Ko‘zlarida yonib o‘tli g‘am-alam,
Boshlig‘imiz nogoh tik boqdi shu dam.
Novcha, keng yelkali, baquvvat kishi,
Ayozdan chaqnaydi go‘yo yanog‘i...
So‘z boshlar — tovshida inson tashvishi,
Bo‘g‘iq, g‘amgin nido izi, titrog‘i.

— Halok bo‘ldi bizning asl do‘stimiz
Jonajon yurtidan olis bu yerda.
Garchi zil bo‘lsa-da, og‘ir ishni biz
So‘ngiga yetkazmay tinmaymiz sira.

Olti oy davomli bo‘ron — ayozli
Qorong‘ulik cho‘kar Qutb ustida...
Biz yo‘ldan qaytmaymiz, do‘st orzusini
Qaror topdiramiz qit’a muzida.

Halokatga — bo‘lur shu javob bizning,
Bu fojiy o‘limga shudir obida.
U bunda abadiy qoldirdi izin —
Antraktidaning oq kitobida.

Chanalar o‘rmalar, ustida alvon,
Tizzadan qor kechib bordik izma-iz...
Ko‘zoynakdan olam xuddi zimiston.
Qorbo‘ronda o‘ylar og‘ir, ayovsiz!

Yeshlik ham, o‘t-olov yonish ham bari,
Baxtu muhabbat ham unda edi jam...
Boramiz Haqiqat sohili sari
Do‘st qabri u yerda qazilgan bu dam.

Shag‘al va muz parcha baraban yanglig‘
Tobut taxtasiga urilar chunon.
O’lim sharaqlatib qulflar qulfini,
Mangu shon-sharafni kuylaydi bo‘ron.

Ikki qo‘shog‘izdan salyut yangratib,
Quloqchinlarni biz olamiz qo‘lga.
Qoraygan bu Deyvis dengizi uzra
Oq aysberg tog‘larin qon rangga bo‘yab,
Kunbotar shafag‘i ufqni tutar.
Tamommi? Bo‘ldimi?
Ha, bo‘ldi tamom.

Tamom. Qabr do‘ngi ojiz ko‘rinar,
Antarktida zafari sarobdir ammo.
Yigit boshi uzra abadiylik turar,
Demak u biz bilan bo‘lar doimo.

U qaytdi, zo‘r jangda bo‘lmoq-chun qo‘ldosh,
U yiqilgan edi vaqtincha faqat.
Haqiqat sohilida biz bilan yo‘ldosh —
Yashar u. Krichak—do‘stimday albat.

Antarktidada, muz maqbarasida
Marhumlar abadiy qolur barhayot...
Bu qabrni ko‘rib muz orasida:
— Bu ulardan biri!— der uzoq avlod.

Bu qissa dillarga qayg‘u ortardi,
Iztirob uchun ham berilgandir qalb...
Traktor karvoni ortga qaytardi,
Janubiy qutbni to‘g‘ri mo‘ljallab.

J. Jabborov tarjimalari