Buyuk latish shoiri Yan Pliekshan Raynis sobiq Kurlyand gubernasiga qarashli Varslavani xutorida tug‘ildi. Nemis maktabida va gimnaziyada o‘qigan. A. S. Pushkinning «Boris Godunov» dramasini latish tiliga tarjima qilgan.
Yan Raynis 15 yoshidan she’rlar yoza boshladi.
Yan Raynis «Dienas lapa» nomli latish demokratik gazetasida muharrirlik qilib, unda inqilobiy g‘oyalarni targ‘ib qildi. Tez orada u chor oxrankasi tomonidan qamoqqa olindi. Qamoqda Yan Raynis Pushkin va Gyote asarlarini latish tiliga tarjima qildi. Revolyutsion faoliyati uchun Yan Raynis 1898 yilda avval Pskovga, so‘ng Lyapsk gubernasiga surgun qilindi.
1905 yilda Shveytsariyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan Yan Raynis vatanini sog‘inib bir qancha she’rlar yaratdi.
SINGAN QARAG’AYLAR
Dengizning sohilida o‘sardi omon-omon,
Baland qarag‘aylarni bo‘ron sindirdi yomon.
Uzoq bir ufqlarga ular tashlardi nazar,
Egilish, bekinishdan ular qilardi hazar.
«Sen bizlarni sindirding ayamasdan, yovuz kuch,
Senga qarshi dillarda sinmas ammo kurash, o‘ch.
Umid, istiqbol bilan to‘la faryod, ohimiz,
Zo‘ravonlikka qarshi qo‘zg‘alar har shoximiz...»
Singan har bir qarag‘ay xuddi bir kema monand,
Dengiz dolg‘alarida boshni ko‘tardi baland.
Ularning mag‘rur ko‘ksin sindirolmas po‘rtana,
Bo‘ronga qarshi kurash bilan borishar yana.
«Ey yovuz kuch, mayliga, bor shiddatingni ko‘rsat,
Biz baxtiyor sohilga borurmiz, yetib fursat!
Sen bizlarni, mayliga, ayamasdan ez, sindir,
Nurli, moviy sohilga yetajakmiz baribir!»
J. Jabborov tarjimasi
ENG ULUG’ VATAN
Nega aziz bo‘lsa orqada qoldi?
Tig‘ tegib yiqilgan suv o‘tlarini
To‘lqin oqizganday, oqib ketdik biz.
Endi suv o‘tlari uzundan-uzun,
Tor yanglig‘ eshilgan ildizi bilan
Na silliq toshlarga, na qamishlarga,
Na jonajon sohil qumloqlariga
Ilina oladi,—
Suzar to‘xtamay.
Biz tug‘ilgan irmoq qoldi yiroqda,
Endi bevatanmiz,
Ne qilmoq kerak?
Boshpana izlaymiz myhnat qilmoq-chun,
Axir qad tiklamoq darkor yangidan.
Lekin u bizlarga vatan bo‘lolmas,
Hech qaer o‘xshamas o‘z vataningga.
Boshpana... Yengilroq olsang-da nafas,
Oftobi yorqinroq, yeri yashilroq,
Odamlari esa oqibatliroq
Bo‘lsa-da,
«Vatan» deb atolmas tiling.
Bizni qoniqtirmas hech o‘zga diyor,
Mabodo uyg‘onsa dilda qanoat,
Qarg‘ab o‘tar edik o‘z-o‘zimizni,
Ammo qoniqsak o‘z- vatanimizdan,
Mudratsa bizlarni hozir qanoat,
Bo‘lmasdi bundan ham baxti qarolik.
Bizdan bu serquyosh, jajji o‘lkani
Yulib olgandingiz,
Uning o‘rniga
Sizning qo‘lingizdan yer kurrasini
Tortib olajakmiz endi butunlay.
Bugun o‘z yurtimiz o‘zimizga tor,
Vatan ufqliroq bo‘lmog‘i darkor.
Unda joy yo‘q hozir tafakkur uchun,
Bag‘rida hissiyot yozolmas qanot,
Qalashgan devorlar qisar nafasni.
Kenglikda yetilgan birorta hisni
Jo etmoqchi bo‘lsa o‘ziga yurak,
Yerilib ketishi mumkin bemalol.
Muncha tor bo‘lmasang, aziz vatanim.
U yulib olingan vatan o‘rniga
Dunyodagi barcha mamlakatlardan
Go‘zal va ulkanroq diyor quramiz.
Biz uni albatta olam ahlining
Ulug‘vor porlagan pok shuuridan,
Odamzod yuragi zabt eta olgan
Yuksaklar, kengliklar, teranliklardan,
Barcha xalqlar, tillar hamda irqlarning
Birodarligidan yaratajakmiz.
Uni mehnat ipi bilan bog‘langan
Qo‘llar va miyalar etajak bunyod.
Faqat bor-budidan ajrab tamoman,
Usgan irmog‘idan badarg‘a bo‘lib,
Yer uzra vatansiz qolganlargina
Jahonga balanddan boqa oladi.
Ulug‘ g‘oyalarning sof urug‘ini
Sepish ham mumkindir faqat quvg‘inda.
Kelgusi avlodga baxt bag‘ishlovchi
Davron tug‘ilishi mumkindir faqat
Sargardon oqillar dard, xayolidan.
Faqat quvg‘inlarda, yurtdan yiroqda
Zarrin kashta kabi porloq fikrlar,
Yashil umidlarning msviy parvozi,
Qalbning qaynoq qoni, shaffof ko‘z yoshi,
Tubsiz fig‘onlarning qora dudidan
Bunyod etilajak ikkinchi vatan,
Eng ulug‘, eng ulug‘ vatan haqida
Uylar yetilishi-pishishi mumkin.
Vatanki, kamalak kabi tovlanib,
Ko‘kka yuksalmoqda,
Butun dunyoni —
Yagona baxt bilan payvand etar u.
YANGI ZAMON
Yelday jilolangan yangi, soz damlar
Kelmas, keltirmasa uni odamlar.
Kimki bossin desa ulkan ish olg‘a,
Buguncha dam berib o‘ltirmas qo‘lga.
Har odam o‘t qalab taratsin ziyo,
Taftida isinib yayrasin dunyo.
Bir uy quraylikki yonma-yon turib,
Unda inson baxti kulsin barq urib.
Har kishi oftobning nuriga qonsin,
Ulab quvonchiga elning quvonchin.
Ammo jilolangan yangi, soz damlar
Kelmas, keltirmasa uni odamlar.
MANGU HAMOHANG
Vahimalar yotdir menga,
Yuragim metin.
Bir kun men ham o‘larman-ku,
Yo‘qolmam lekin.
Ummonlarni, o‘rmonlarni
Chayqatgan bo‘ron
Ovozi-la mening sozim
Yangrar yonma-yon.
Sohil o‘pgan oppoq to‘lqin,
Momaqaldiroq.
Ko‘chkin bulut bilan sozim
Hamohang har choq.
Shafaq bilan birga ko‘chsa
Tong shabadasi,
Salomimni eltar sizga
Uning nafasi.
Quyosh g‘arbga, uyga esa
Cho‘kkandi tinchlik,
Shafaq yana boshim uzra
Yoyar yopinchiq.
Vahimalar yotdir menga,
Yuragim metin.
Bir kun men ham o‘larman-ku,
Yo‘qolmam lekin.
H. Sharipov tarjimalari