Moldavan adabiyotining yirik arboblaridan biri Yemilian Nesterovich Bukov Bessarabiyaning janubidagi Yangi Kiliya shahrida bog‘bon oilasida tug‘ildi. Kishinyovdagi litseyda va Buxarest universitetining falsafa fakultetida tahsil oldi.
 Uning «Unumli mehnat» (1932), «Quyosh so‘zi» (1937), «Xitoy» (1938) to‘plamlariga kirgan she’rlar diqqatga sazovor.
 Shoir o‘z asarlarida 1940 yilda Moldaviyaning ozod qilinishi, moldavan xalqining ijtimoiy hayotida yuz bergan tub o‘zgarishlarni tasvirladi. 40—50-yillarda birin-ketin nashr ettirilgan «Mening Moldaviyam» (1942), «Dnestrda bahor» (1944), «Mening Vatanim» (1947), «She’rlar» (1954) ismli she’riy kitoblar, «Reut shahri» (1956) deb atalgan she’riy roman shoir poeziyasi tematik doirasining kengayganligini va badiiy mahorati oshganligini ko‘rsatdi.
 Ye. Bukov «Tug‘yonli Dunay» (1956) nomli sahna asarini ham yaratgan. Yemilian Bukov asarlari rus tiliga va u orqali jahondagi boshqa bir qancha xalqlarning tillariga tarjima qilingan.
ZANJINING DUOSI
O... tangrim!
 E quyosh farzandi!
 Menga qara, bir dam quloq sol!
 Qachonlardir iltifot bilan
 Yaratganing qop-qora zanji
 Qilmoqchidir senga arzi xol:
 Atrofingni o‘ramish tamom
 Osmono‘par zil qoyalarning
 Silsilasi zanjir misoli.
 Bo‘m-bo‘sh g‘ordan uchgan kalxatday
 Chiqar huvillagan to‘shingdan
 Jazirama sahro shamoli.
 Iltifoting tutmagil darig‘,
 Ey xudoyim, mendek qulingga!
 Men g‘ing demay, iltijo qilib,
 Boshim eggan edim yo‘lingga.
 Mening xo‘jam — oq tanli janob,
 Oppoq kun-u, oq bulutday oq.
 (Uni ko‘rsam, vajohatidan
 Men sho‘rlikni bosadi titroq.)
 Shunday ekan,
 axir
 nega u —
 Sen tangrining sevgan bandasi —
 Bo‘ldi mening yagona qizim —
 Zayresjonning shum kushandasi?!
 Uning qamchisidan Zayresjon,
 Shakarqamish niholisimon,
 Shart kesilib tag-tubi bilan,
 Ko‘z o‘ngimda jon berdi-ku, jon!
 Tong otishi bilan ertalab,
 Qizginamning jajji tanasin
 Bir yamlamay yutdi Saxara,
 Xo‘ddi ajdar kabi qonsirab.
 Hayhot!
 Hayhot!
 Nahotki endi
 Zayres so‘zi oqmas sharaqlab?
 Nahot cho‘g‘day yallig‘lanib hech
 Zayres ko‘zi yonmas charaqlab?
 Nahot bevaqt so‘lgan gul kabi
 Zayres tabassumi, Zayres qo‘shig‘i
 Yotar qora lahatni bezab?
 Zolim xo‘jam bilganin qildi.
 Boshimizda o‘ynatdi qamchi.
 Eh, ilonbosh qamchi zarbidan
 Tandan oqdi qon tomchi-tomchi.
 Ko‘tarolmay musibat yukin
 Ona sho‘rlik cho‘pday quridi.
 Faqat uning ikki ko‘zidan
 Buloq bo‘lib oqqan g‘am yoshi
 Tuproq uzra qorday eridi.
 Bo‘ron tindi bizning azobdan,
 Qum chekindi bizning xitobdan,
 Tong yorishdi qizil qonimiz —
 Rangin olgan qizg‘ish oftobdan.
 Faqat,
 faqat sen indamading,
 Bir otaday boshimiz silab,
 Biz qullarga bir so‘z demading.
 Aytgil, xudo, ko‘rmidi ko‘zing?
 Nega bizning ahvolni ko‘rib,
 Bilmaslikka solding sen o‘zing?
 Nega axir, qudratli olloh,
 Oq xo‘jayin bizni kaltaklab,
 Terimizga somon tiqsa ham,
 Arzimagan bahona bilan
 Boshimizda yong‘oq chaqsa ham,
 Tek turding sen, lom-mim demading?
 Kechir meni, ey parvardigor,
 Men soyangga ta’zim qilardim.
 Zulm tig‘i yetdi suyakka,
 Noilojdan yondim, hayqirdim.
 Gunohkorman, osiy bandangman,
 Shafqat qilg‘il. Og‘irdir dardim...
 ... Nega jimsan?
 Nega lol qolding?
 Qachongacha men beray bardosh?
 Yo og‘zingga talqonmi solding?
 Tosh ekansan....
 Uzing... bag‘ri tosh!
 Saxaraning zo‘r shamoliday
 Parvoz etgum qullar yoniga.
 Chaqirgum men mazlum ellarni,
 Saodat-chun jang maydoniga.
 Yondirgum men g‘azab o‘tini
 Tahqirlangan tullar ongida!
 Hayqiraman bor ovoz bilan,
 Xudo hissiz tosh ekan, deyman,
 Ey xaloyiq, qo‘rqmangiz undan,
 U iblisga bosh ekan, deyman.
 Qalqar,
 qalqar shunda millatlar,
 Erk va najot uchun kurashga!
 Qalqar qora tanli elatlar
 Hayot-mamot uchun kurashga!
 Shunda men ham cho‘l bo‘roniga
 yo‘ldosh bo‘lib boshlayman hujum.
 Shunda po‘lat qilich ko‘tarib,
 Oq xo‘jayin ustiga yurgum.
 Da’vat etgum zanji avlodin
 Eng so‘nggi jang, zo‘r imtihonga!
 Bayroq qilib qutlug‘ qonimiz,
 Ko‘rsataman jumla jahonga!
 Shunda fig‘on va oh o‘rnida
 Ham sajda-yu, duo o‘rnida
 Jaranglaydi isyon qo‘shig‘i!
URUSHQOQ BIR JANOBGA XITOB
 («Kishi-kishiga...» to‘plamidan)
Janob!
 Har qalay senda ham
 farzanddan bordir,
 Oila boshlig‘isan shular tufayli.
 Zohiring — xudojo‘y,
 iching — zahar, kir.
 Ollohing o‘zingga!
 Yashayver, mayli!
 Ne uchun
 atom deb vaysaysan mudom?
 Og‘zingda pichoq tishlab,
 poylaysan kimni?
 Insof bilan ayt o‘zing,
 senday surbetni
 Ota,
 er,
 yo inson deb atash mumkinmi?
 Urush — sening istaging.
 Xalqlar boshida
 Bombalar portlashin qilasan orzu.
 Nahotki
 chindanam
 urush dahshati
 Iblisona qalbingga sololmas qo‘rquv!?
 Istaging: birovlar
 boshiga kulfat —
 Yemg‘iri yog‘ilsa bombalar bilan.
 Sen esang
 uyingda
 kayfingni surib,
 Qizarib kekirsang
 viski zarbidan.
 Yo‘q, yo‘q!
 Yanglishasan,
 bir sirni aytay:
 Sen
 mamnun iljayib,
 ko‘k xaritaga
 Qora krestchalar bitganing chog‘i,
 Raketalar do‘l kabi yog‘ib ustingga,
 Kuydirar uyingni,
 to‘zitar bog‘ing.
 Poniga1 minolmas
 quvnab o‘g‘ilchang.
 Sochini yulgancha qolar ayoling.
 Uzing qo‘ygan tuzoqqa o‘zing ilinib,
 Qurimasmi sho‘ring,
 ne kechar holing!?
 Qaerga bekinasan?
 Javob ber menga!
 Temir sandiqqami?
 Yoki quduqqa?
 Sandiq torlik qilar
 va undan keyin —
 Atom to‘lqinida aylanar cho‘qqa!
 Nahotki
 Yer shari qiladi torlik?
 Tinch-totuv yashashlik
 emasmi afzal?
 Bilib qo‘y:
 mabodo
 qilib beorlik,
 Atom xirmoniga qo‘ysang agar o‘t,
 Atom zarralarga
 ming bor bo‘linib,
 G’oyib bo‘lganidek
 odam ko‘zidan,
 Sening ham taqdiring qilinadi hal!
R. Muqimov tarjimalari