08:24 / 18.05.2010 · Кутубхона
Abulvafo Xorazmiy (vafoti 1432)

Muqaddas Xorazm zaminidan ko‘plab dunyoga mashhur aziz-avliyolar, olimu adiblar yetishib chiqqani ma’lum. Bu buyuk zotlar silsilasida Xoja Abulvafo Xorazmiyning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Alisher Navoiy bir qator asarlarida uni alohida hurmat va ehtirom bilan tilga oladi. Chunonchi, «Majolis un-nafois»da o‘qiymiz: «Xoja Abulvafo Xorazmiy... kibori avliyodindur. Xorazm xalqi g‘oyat malakiy sifotlig‘idin Xojani «Yer farishtasi» derlar erdi va Xoja ulumi zohiriy va botiniyni takmil qilib erdi. Va tasavvufda yaxshi musannofoti bor va mashhurdurkim, ulumi g‘ariba ham bilur erdi, ammo andin zohir bo‘lmas erdi, balki g‘oyati tavajjuh va istig‘roqdin parvo ham qilmas edi. Advor va musiqiy ilmida dag‘i mahorati bor erdikim, risolasidin ma’lum bo‘lur. Xoja avsofini har kishi bitur bo‘lsa, alohida bir kitob bitmak kerak, ma’lum emaskim, bir kitobda ham siqg‘aymu yo yo‘q... Xoja ham Xorazmda olamdin o‘tti va muborak marqadi ham Xorazmdadur».
«Nasoyim ul-muhabbat»da yozadi: «Xoja Abulvafo xizmatlarig‘a tavhid arbobi va mavojid va azvoq ashobi so‘fiya mashoribidin shurbi tamom bor ermish. Andoqki, alarning rasoil va ash’oridan, bataxsis ruboiyotidin bu ma’ni zohirdur... Va alarning vafoti sakkiz yuz o‘ttiz beshda ermish...».
O’zbek adabiyotshunosligida Xoja Abulvafo hayoti va ijodiga keyingi yillardagina e’tibor qarata boshladilar. Lekin hozircha bizda faqat Navoiy asarlaridagi ma’lumotlargagina tayanib, bu ulug‘ vatandoshimiz haqida fikr yuritish mumkin. Uning tarjimai holi bilan bog‘liq ma’lumotlarga ega emasmiz. Ilmiy-adabiy manbalarda Abulvafo Xorazmiyning «Lavoyihi asror» («Ravshanlik sirlari») va «Nasr ul-javohir» («Nasr durdonalari») nomli ilmiy-tasavvufiy ruhdagi risolalar yozganligi to‘g‘risida ma’lumot beriladi. Lekin u ko‘proq ruboiylari orqali mashhur bo‘lgan. Taniqli afg‘on adabiyotshunos olimi Najib Moyil Hiraviy Tehronda nashr etilgan «Dar shabistoni irfon» («Irfon xilvatxonasida») asarida Xoja Abulvafo haqida ham muxtasar gapirib, uning 146 ta ruboiysini ilova tariqasida keltiradi. Bu ruboiylar Tehron Milliy kutubxonasida 306 raqami ostida saqlanayottan «Jungi asrori irfon» («Irfon sirlari daftari») to‘plamidan olingan. Tehronda chop etilgan «Ruboiynoma» to‘plamida esa shayx-shoirning 98 ta ruboiysi berilgan.
Abulvafo Xorazmiy ruboiylari vahdat ul-vujud ta’limotining she’riy ifodasi hisoblanadi. U tasavvuf nazariyasi talab-qoidalarini nazm yo‘li bilan bayon qilib bergan. Bu dunyoning o‘tkinchiligi, nafs va jismning Haq yo‘lida to‘siqligi, haqiqiy hayot Olloh huzurida ekanligi, buning uchun kamolot kasb etib, xulqini poklab, komillik martabasiga erishish zarurligi, Olloh haqiqatlar haqiqati ekanligi, uni aql bilan anglab bo‘lmasligi, faqat yuksak maqomga ko‘tarilgan ko‘ngil holi bilan uni tanish mumkinligi, Olloh ehtiyojsiz zot ekanligi, bu dunyoni oshkor qilib, o‘zini pinhon tutganligi, banda ko‘ngliga ilohiy ishq Ollohning o‘zi tomonidan solinishi, o‘zini bilgan hoyu havasga qul bo‘lmasligi, darveshlik, zavqu talab, dardmandlik, faqru fano, Haq yo‘lida o‘zni unutish, nomu nishonsizlik va boshqalar Abulvafo Xorazmiy ruboiylarining asosiy mavzulari hisoblanadi. Xos so‘fiylardan bo‘lgan shayx-shoirning ruboiylarida ilohiy ishq tarannumi yetakchi, majoziy muhabbat tasvirini deyarli uchratmaymiz.

1

Ish avvalida kechish keraqdir jondan,
Ko‘ngildagi barcha orzuyu armondan.
Har ikki jahonni(ng) maqsudi bo‘lgaysan,
Pok bo‘lsang-u, ko‘ngil uzmasang jonondan.

2

O’z hoyu havaslaringni bilma ma’bud,
Ey dil, bu tiriklikdan emas chin maqsud.
Behbud* nimadir sening uchun? Bilgilki,
Behbudni etish tark haqiqiy behbud.
________
* Behbud — ezgulik, salomatlik, xushahvollik.

3

Har kimsa asiri nangu nomdir* hanuz,
Ishq yo‘lida, bilki, notamomdir* hanuz.
Bir dil bu faqirda borki, ishq otashida
Yillar osha o‘rtansa-da, xomdir hanuz.
_________
* Nangu nom — sharaf va nomus.
* Notamom — qusurli, komil emas.

4

Ul kimsa tiriklikka ekan to bandi,
Sevgi mayi zavqining emas payvandi.
Raqs ayla qutulgan esang o‘z nuqsingdan,
Qarsak chal agar qolmasa o‘zlik bandi.

5

Dedim: «Malako, men — osiyu nomasiyoh*,
Sen balki gunohimni kechirmaysan, oh!»
Dediki: «Hayotsan — shu o‘zi katta gunoh,
Aybing shu tirikligingdadir, ey gumroh!»
________
* Nomasiyoh — yomon amallar qilgan, gunohkor.

6

To o‘gmas ekan jonu jaxrndan, ey dil,
Bu joni jaxrn yuzini ko‘rsatmas, bil:
To boxabar o‘zdan-u, gumondan xorij —
Turli-tuman olamdan erursan g‘ofil.

7

O’z xohishicha hech kipga darvesh bo‘lmas,
Ul ko‘ngli qattiq yor ishqiga esh bo‘lmas.
O’z-o‘ziga qul — kimki havasga banda,
Ozod kishi o‘z-o‘ziga qul hech bo‘lmas.

8

G’am dastida har kimki giriftoru zabun,
Bilsangiz agar bois unga himmati dun.
Bas, mehnatu dard ilan bo‘lur har dil shod,
Har aql jununga yo‘llamas, inchunin.

9

Xomush bo‘l-u, har turfa muloqotdan kech,
So‘z yo‘li bilan begonaga to‘lgay ich.
Dil — Haq uyi, doim eshigin yopgil zich,
Haqdan bo‘lak unda tutmasin manzil hech.

10

Darveshlik uchun zavqu talab lozimdir,
Ilmi vara’u* holu adab lozimdir.
Ming ranju riyozatga tutinib ulfat,
Tarki hama rohatu tarab lozimdir.
__________
* Ilmi vara’ — taqvodorlik va parheyakorlikka oid talab-qoidalar majmui.
Ergash Ochilov tarjimalari