08:20 / 18.05.2010 · Кутубхона
Foniy (1441—1501)

Ma’lumki, Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek, balki fors-tojik tilida ham Foniy taxallusi bilan barakali ijod qilgan zabardast zullisonayn shoir hisoblanadi. Fors-tojik tilini uning ikkinchi ona tili deyish mumkin. Chunki u ulug‘ fors-tojik so‘z san’atkorlari ta’sirida forsiy tilda ham qalam tebratdi va bir umr bu mashg‘ulotni kanda qilmadi. «Xazoyin ul-maoniy» («Chor devon») devonlar turkumini tuzib bo‘lgach, fors-tojik tilidagi ijod namunalarini ham to‘plab, «Devoni Foniy»ni tartib beradi. 12 ming misra she’rdan tashkil topgan bu devon Hofiz Sheroziy devoniga qariyb teng keladi. Agar «Sittai zaruriya» va «Fusuli arbaa» turkumlariga kirgan o‘n qasidasi va adabiyotshunoslikka oid «Risolai mufradot» asarini ham qo‘shsa, shoirning forsiy tildagi merosi ham salmokli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Alisher Navoiyning forsiy merosi o‘z davrida Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Binoiy, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy kabi zamondoshlari tomonidan ham yuksak baholangan.
«Devoni Foniyning mo‘‘tabar qo‘lyozmalari Parij, Tehron va Turkiya kutubxonalarida saqlanadi. Tehrondagi nusxasi 1963 yili mashhur adabiyotshunos olim Rukniddin Humoyunfarrux tomonidan nashr etilgan. Hozircha eng mukammal deb qaralayotgan Parij nusxasi esa 1965 yili taniqli sharqshunos Hamid Sulaymon tomonidan Alisher Navoiyning o‘n besh jildlik asarlari tarkibida ilk bor bosilib chiqqan. Shoirning XX jildlik «Mukammal asarlar to‘plami»ga ham shu nusxa asos qilib olingan.
«Devoni Foniy»dan shoirning 72 ta ruboiysi o‘rin olgan. Ma’lumki, mumtoz adabiyotda ruboiy ikki xil qofiyalanish tartibiga ega: birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi misralari o‘zaro qofiyalanadigan odtsiy va har to‘rttala misrasi qofiyalanadigan taronai ruboiy. Buni Navoiyning o‘zi ruboiya deb ataydi. Shoirning barcha ruboiylari ana shunday ruboiya yoki taronai ruboiylardir. «Devoni Foniy» hozirga qadar o‘zbek tiliga she’riy tarjima qilinmagan. Faqat G’afur G’ulom va Habibiy shoirning bir necha g‘azali, Sh. Shomuhamedov «Tuhfat ul-afkor» qasidasi, qit’a va ruboiylaridan ba’zi namunalarni, Nosir Muhammad ham bir necha g‘azal, qit’a va ruboiylarini o‘zbekchalashtirganlar. Taniqli navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov esa mazkur qasidani nasriy tarjima qilgan.
Ilohiy va majoziy ishq tarannumi, insoniy kamolot masalalari, umrni qadrlash, nafsni mazammat qilish, ma’shuqa ta’rif-tavsifi, visol umidi-yu, hijron azoblari Foniy ruboiylarining mazmun-mohiyatini tashkil etadi.


1

Tundan qilaman toshta qadar zorliklar,
Hadtsan o‘gdi tanholigu bemorliklar,
Yuzlandi firoq tufayli dushvorliklar,
Ey yor, qayoqda qoldi ul yorliklar?

2

O’tkinchi havaslarga ekansan maftun,
G’am-g‘ussadan ozod emassan bir kun,
Bo‘lmoq esang Iskandaru Jamdan ustun,
Joy oyinasisiz bu emasdir mumkin.

3

To dilda kuchu quvvatu jon bor erdi,
To tanda hayotdan nishon bor erdi,
Dil moyili husni dilsiton* bor erdi,
Jon volai osho‘bi* jahon bor erdi.
_________
* Dilsiton — dilbar, dilrabo: dilni oluvchi, asir qiluvchi.
* Osho‘b — g‘avgo-to‘polon, fitna, tartibsizlik. Osho‘bi jahon — jaqonga fitna soluvchi, fitnagar.

4

Zuhd ahlidan uz ko‘ngilni butkul, ey dil,
Qurgil fano dayrida manzil, ey dil,
Maqsud mayu mutrib ila hosil, ey dil,
Bir-bir aytdim, quloq sol, ey dil, ey dil.

5

Ey do‘st, halokatlidir ayyomi firoq,
Hijron zahariga qorishiq jomi firoq,
Tug‘dirsa visol tonggini gar shomi firoq,
Kechirma sira tutsam agar nomi firoq.

6

Davr eli jabr etsa, ko‘tarma isyon,
Ko‘n boriga, yo‘q tufayli bo‘lma sarson,
Tinglash kerak emasmi — eshitma pinhon,
So‘zlash kerak emasmi — gapirma bir on.

7

Achchiq suv emas, soqiy, olovdan o‘tkir —
Chog‘irni olib, katta qadahga to‘ldir,
Uzrimni qabul qilma, qoshimga keltir,
Yengishta sol-u, so‘ng og‘zima quy bir-bir...

8

Sensiz meni(ng) sabrimda faqat nuqsondir,
Ko‘nglimda g‘amingdan alami hijrondir,
Jonim chekibon behuda ranj nolondir,
Bas, menda na sabr-u, na dil-u, na jondir.

9

Yor ko‘yida toki benishon bo‘lmassan,
Sen voqifi asrori nihon bo‘lmassan.
Jisming unutib, to lomakon bo‘lmassan,
Loyiqi hayoti jovidon bo‘lmassan.

10

G’am zahri agar qilsa halok, ey soqiy,
Daf’ etsang uni may-la ne bok*, ey soqiy,
Dil tavbadan o‘ldi jurmnok*, ey soqiy,
Boda ila ayla uni pok, ey soqiy.
_________
* Bok — bu yerda: ajab.
* Jurmnok — gunohkor, aybdor.

Ergash Ochilov tarjimalari