08:46 / 18.05.2010 · Кутубхона
FOZIL HUSNI DOG’LARJA (1914 yilda tug‘ilgan)

1914 yilda Istanbulda tug‘ilgan. Kuleli Harbiy litseyini (1933) va harbiy maktabni (1935) bitirgan. Shundan so‘ng Matbuot va Turizm Bosh Boshqarmasida, Mehnat Vazirligi Ish Nazoratchisi bo‘lib Istanbulda ishlagan (1952-60). Nafaqaga chiqqandan keyin Istanbulda "Kitob" nomli nashriyot tashkil qilgan (1959 dekabr), "Turkcha" nomli oynoma chiqargan (43 son, 1960 yil, yanvar-1964 yil, iyul). 1970 yildan e’tiboran nashriyotni yopib, qolgan umrini she’r yozishga bag‘ishlagan.
Ilk she’ri "Istanbul" gazetasida chiqqan. ("Sekinlashgan umr", 1933). 1933 yildan e’tiboran she’rlarini ko‘proq "Istanbul", "Borliq", "Madaniyat haftasi", "Yuksal", "Oila", "Inqilobchi yoshlar", "Yetti tepa", "Turk tili", "Yangilik", "Vatan", "Madaniyat dunyosi", "Atach", "Chag‘ri", "Turk yurti", "Davrim", "Yo‘l", "Adabiyot dunyosi", "Yelkan", "Papiros" kabi jurnallarda chiqartirgan. Birinchi she’riy kitobi Harbiy maktabni bitirgan kuni (1935 yil, 30 avgust) nashrdan chiqqan. Ikkinchi va eng ko‘p rag‘batga sazovor bo‘lgan "Bola va Alloh" (1940) nomli kitobidan so‘ng nomi mashhur bo‘ldi. Shakl va mazmun jihatidan mutanosib bu asari Jumhuriyat davri she’riyatining eng yaxshi namunalaridan biri hisoblanadi.
Ijodining so‘nggi yillarida asosan bolalarga atalgan she’rlar yozdi. "Chakrin dostoni" nomli kitobi bilan 1946 yilda JXP (Jumhuriyat Xalq Partiyasi) she’r musobaqasida uchinchi darajali sovrinni, 1956, 1966 yillarda ham turli mukofotlarni qo‘lga kiritdi. 1967 yili Amerikadagi International Poetry Forum tomonidan "Hayotdagi eng yaxshi turk shoiri" deya e’tirof etildi.
Asarlari: "Havoga chizilgan dunyo" (1935), "Bola va Alloh" (1940), "Yana" (1943), "Tosh davri" (1945), "Ona tuproq" (1950), "G’arb davri" (1958), "Mavlonoda bo‘lish" (1958), "Jazoir qo‘shiqlari" (frantsuzcha, inglizcha, arabcha tarjimalari bilan), "Chanoqqal’a dostoni" (1965), "To‘rt qanotli qush" (she’rlaridan namunalar), "Tildagi kompyuter" (1992), "Mahzun qo‘zi yig‘isi" (1972), "Yer yuzi bolalari" (1974), "Yozuvlarni sevgan ayiq" (1980), "Jin o‘g‘lon" (Nasriddin Afandining bolaligi 1981), "Hind va hindcha" (1981), "Quyosh chiqarguvchi" (1981), "Qochgan ayiqlar o‘lkasida" kabilar.

OG’IR XASTA

Uflama menga onajonim, qo‘rqyapman,
Duo qilib, qilib kechalari.
Xastaman, ammo shunchalar go‘zal,
Suzib borar vujudimning bir yeri.

Nega bunday yopdilar ustimni,
Muntazamki, menga mahzunlik berar.
Oqararkan, uzoq shamollar ichida,
O’yinchoqlar kabi bir shahar...

Ko‘zlarim yumiq, yuzim-la ko‘ryapman,
Yig‘layapsan, eslayapman nurni.
Barobar tuymokdamiz sekin, tanho,
Devordagi rasmlar-la taqdirni...

Onajonim, kattaryapman men endi,
Kattarmoqda ko‘lda qamish ham.
Ukam tezroq suv bersin ayting,
Tashna qoldi tayoq otginam...

BOLA, KECHA, OYOQ KIYIMLAR

Kecha bo‘lganda hammadan yashirin,
Bir ishimiz bor edi ajoyibgina.
Oyoq kiyimlarni tizardik ukam bilan,
O’g‘rilar kabi zinadan enibgina.

Otamniki bir tomon, meniki bir tomon,
Biz esa - ikki bolakay...
Tunning, vaqtning zulmatiga qarshi,
Kurash boshlagandik o‘ylamay...

VUJUD YARATISH

To‘plansin boshimga tilanchilar,
Bir bo‘lak non lazzatin bahslashaylik.
Mavsum va vaqtning orasida.
Ko‘rlar kabi qorong‘udan qo‘rqmay...
Shu qadar tanho, hamma xotirasida...

Shukr otashlari yonar qarshi tog‘lardan,
To‘ygan cho‘ponlarning odati.
Qushlarning qo‘ngani (esa) yolg‘izlik...
Yo‘qolibdi eslanadigan saodati...
Qalbimiz-chi yanada siniq...

Sihat to‘la hayvonlar xavfsizlik berar,
Darveshu, Abdol hurmatsiz, ochko‘zlar sarbast.
Hulyolarimizda shahzodalar uxlarkan...
Xijolat bo‘lmasdan bahs etsin har kim,
Vujudini yaratish zavqidan...

YARIM OYDINLIKLARKI SOHIBSIZ...

Yarim oydinliklarki sohibsiz,
Va moviy qushlar tongda tin olmasdan...
Bolam, qo‘shiqlar aytgin ko‘chalarda,
Ovozing go‘zalligi yo‘qolmasdan.

Eshiklar ochilar so‘ngiga qadar,
Qushlar uchar xotiralar ichidan.
Bolam ko‘p-ko‘p ertak eshitgin,
Hanuz ishonganing uchun ham...

Kemalarning eng uzoq qaroqchilari –
Tomosha qil yulduzlar ko‘rinishini...
Bolam, so‘ra nega oqshom bo‘lyapti...
Ayblolmas hech kimsa seni...

Ba’zi sohillarning salqinligi,
Va unutilmagan bir dasta gul...
Bolam, senga yolvoryapman,
Qo‘ling kirlanmasdan duo qil!..

EMIZAR EDI...

Emizar edi, qorong‘ulikda, tanholikda,
Bolalarini jasur hayvon.
Sevgi, lazzat, orzu bilan porlardi,
U oramizda(gi) qolgan...

Bergani davom etadi o‘z-o‘zidan...
Toshlar qadar qiymatli, tuproq qadar rohat,
Yulduzlarning va o‘rmonning ostida xabarsiz,
O’sayotgan nabotot...
Emizar edi bir saodat oydinligida,
Suvlar vaqtni, daraxt qushlarni...
Jon deb jimgan tog‘lar ustidan,
Osmon esa... Yerni...

DUNYO ICHRA

Dunyo ichra turkimizni ayt,
Och o‘zingga oppoq bir yelkan...
Nega hamma go‘zal bo‘lolmas,
Yashamoq buncha go‘zal ekan...

Inson shoxlaru bulutlar-la,
Oydin moviyliqdan o‘tar ekan.
Qanday o‘la oladi axir,
Yashamoq shuncha go‘zal ekan...

O’TGAN NARSA

Katta yaldizlar ostida mayda dunyomiz,
U kichkinagina bir "xona".
Ifor sochar qir gullari tong oqarmasdan,
Onsiz, uyqusiz,
Ifor sochaverar rayhona...

Qadimda ham shunday mast bo‘lgan hamma,
Bir qarashda hamma "mastona".
Xayol kelar nozli yor tomondan,
Ishqdan mast qushlar suzilar,
Qushlar o‘zgaradi shohona...

Aslida-chi, sezmaydi ko‘ngil,
Go‘yo doim shunday devona.
Ichimizdanu, tashimizdan,
O’tib borar vaqt,
Zolim, zolimona!..

SUVLAR BIZDAN AQLLI

Suvlar bizdan aklli, oldin ko‘rar oqshomni,
Tushar havodan oldin zulmat sari.
Buyuk ilon kabi o‘rtadan suzar,
Toqqa qochar ekan, tog‘ hayvonlari..

Suvlar bizdan aklli, mamnun bo‘ladi,
Faqat daraxtlardan.
Boshqa insonlardan emas,
Insonlarni olmaydi tan...

Suvlar bizdan aqllidir, uxlamaydi hech,
Ochar moviylikka yirik ko‘zlarini
Va kutarlar o‘lim siri ichida,
O’z hayotlarining mahsharlarini...

PROKUROR

Prokuror nadir o‘yladingmi,
Tog‘larni tojdor qilgan?
Ular sukut bilmas kecha kunduz,
Ular hayqiradi yuksakda.
O’tab tog‘lardan yalangoyoq,
Bir ishsiz tursa eshigingda,
Ichingni ezib... yoqib...

Prokuror nadir o‘yladingmi?
Pichokni uchli qilgan, (lekin)
Bir eski intiqom olinmagan -
Kimlarningdir peshona teri,
Kimlar boshiga toj bo‘lmagan...

Prokuror nadir o‘yladingmi
Yozuvlarni suchli qilgani?
Aqlu yurak bilan buyugan,
Kunduzlar kechaga qarshi,
Ammo nedir toshmoq uzradir,
Meni sendan kuchli qilgani!.

JOHID SIDQI MARSIYASI

Johid Sidqi, men seni qanday xotirlay,
Ming bir on, ming bir yulduz-la yasharkan.
Bilsin yangi avlod, yolg‘izlik bir shisha maydir...
Oqshom oldi haroratsiz zulmat...
Kimdir sekin-sekin icharkan, Johiddir.

Sevsa yo‘ldan o‘tganni, bulutni, qushlarni,
Ayol va erkaklar go‘zal o‘pisharkan...
Ko‘k yuzi, yer yuzi moviylik-la bir.
Nekbinlikdir, ammo shoshmangiz,
Kimning joni siqilarkan, Johiddir.

U yer-baqirsang tovushing chiqmas tashqari,
U yer-jilovingni devlar tishlab ushlarkan.
Devorlar tosh, eshiklar temir,
O’rgangan narsasi edi yashamoq...
Kim o‘limdan qo‘rqib, unga qocharkan, Johiddir.

Kim o‘limdan qo‘rqib, uni qucharkan, Johiddir...

Abdulatif Abdullayev tarjimasi