08:44 / 18.05.2010 · Кутубхона
Xurramiy

«Ravzat ul-oshiqin» (Oshiqlar bog‘i) asarini Xurramiy fors tilida bitgan. 1547 yili Buxoroda Abdulaziz Bahodurxon (1540—1549) davrida yozilgan. Kitobning 1102/1691 yili kuchirilgan nusxasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

Oltining xarj bilan oxir bo‘lar kam,
Hunar shunday ganjki, kamaymas hech dam!
Ularning farqini aytsam agarda,
Hunar chashma erur, oltin-chi shabnam!

* * *

Go‘zal yuzlariga agar chiroyli hulq bo‘lsa yor,
Qayga qadam qo‘ymasin, xalqdir unga talabgor!

* * *

Vatan sorig‘a yetkurdim qadamni,
Ko‘ngulga sabt etib sonsiz olamni.

* * *

Har yoshki egadir husnu jamolga,
Osmonda quyoshdir yetgach kamolga!

* * *

Bog‘bondan parvarish ko‘rmasa nihol,
Ulg‘ayib o‘solmas, topolmas kamol!

* * *

Senga aytay bir nasihat, ey o‘g‘il,
Sol qulog‘ing senga bo‘lg‘ay jonu dil,
Keksalarning pandini yodingga ol,
Ne desa «xo‘p» deb tilingai ayla bol!
Yoshliging sarf ayla har bir keksaga,
Yordamingni ko‘rsat, aylan hassaga!
Keksalarni ko‘rganingda qochmagil,
Mard kishilar odatidan kechmagil,
Ey yigit, el birla bo‘lsang yaxshidir,
Chehrang ochib, shod kulsang yaxshidir.
Shundayin yo‘l tutki, qolma behunar,
Kimda bo‘lsa gar hunar rizqi unar.
Yaxshilarning suhbatidan tortma bosh,
Yoki oqillar yuziga otma tosh.
Mard kishilarga qo‘shil, mardona bo‘l,
Yaxshilikning bobida durdona bo‘l!
Yoshlik ayyomida har ish oson,
Qarigach kuchdan qolib ahvol yomon.
Ho‘l shoxni qayirmoq mushkul emas,
Shox qurib qolgach yoqilgay har nafas.
Yosh niholga suv berib xo‘p boqishar,
Qarigach arra solib so‘ng yoqishar.
Yoshligingni bil g‘animat bebaho,
U bilan maqsadga yetmoqdir ravo.
Ayni mehnat paytidir, hushyor bo‘l,
Barchani hurmat qilu bedor bul.
O’ylama shunday qolurman deb abad,
Yoshlik ayyomingga bordir cheku had.
Etagingni keksalik qo‘li tutar,
Behisob g‘amlar o‘sha onda yetar.
Bunda senga lozim o‘lg‘ay ul hunar,
Ul hunar fazli bila g‘amlar yonar.
Sen shuning-chun dangasa bo‘lma, o‘g‘il,
G’ayrat ayla, behunar qolma, o‘g‘il.
Gar kishiga yaxshi inson yor bo‘lar,
Yaxshi inson birla baxtiyor bo‘lar!

* * *

Oshiqqa na zanjir, va na band pisand,
Unga ta’sir qilmas, na ta’na, na pand!
U shunday holdaki, ut ichra go‘yo
Tashlab yuborilgan bir siqim sipand!

* * *

Kimning yuragida ishq bo‘lsa pinhon,
Zaharni shakar deb qiladi gumon!

* * *

Inson go‘zalligining asosi uning chiroyli xulqidir.
Chiroyli xulq bilan inson insondir,
Chetdan boqsang shakli hammasi bir xil.
Rangu hidi bilan farqi bilinar,
Yozilishda bir xil bo‘lgan «gulu gil!»

* * *

Oliy himmat bilan pokiza ko‘ngil,
Kishini yetkazar baxtu kamolga.
Har kimning dilida bo‘lsa badfe’llik,
Umrini sovurar bir kun shamolga!

* * *

Gavhar uchun paydo bo‘lgach xaridor,
Durning sadaf bilan nima ishi bor.

* * *

Yaxshi fe’lli kishi dushmaning bo‘lsa,
Badfe’l do‘stdan ko‘ra afzalroq erur!

* * *

Har kim yaxshi xislat topmoqchi bo‘lsa,
Faqat yaxshi fe’lni izlasa sozdir.
Badfe’llik badanga yopishgan dardki,
Qancha davo qilma, baribir ozdir!

* * *
Ey o‘zining husni-la mag‘rur,
Mendek xasta holini bir ko‘r.
Tikan o‘sib chiqqach gulingdan,
Qadru qiymat ketar qo‘lingdan.
Bedil holin bilursan shunda,
Ammo foyda bermas o‘shanda!

* * *

Dilrabolar oshiq ahlin o‘ldirur tosh dil bilan..
Lek qayta tirgizur xushxulqu, shirin til bilan!
Sen g‘azab birla biror filni yengolmassan biroq,
Bo‘lsa yumshoqlik uni rom aylagung bir qil bilan!

* * *

Doimo el ko‘zidan pinhon edi ganji husn,
Darhaqiqat kimki topsa ganj, pinhon aylagay.
Ganjini el ko‘zidan Qorun nihon aylar edi,
Lek bilmas erdiki, oxir pushaymon aylagay!

Hamidjon Xomidiy tarjimalari