08:43 / 18.05.2010 · Кутубхона
Mustay Karim (1919 - 2005)

Mustay Karim Boshqirdistonning Chishmin rayoniga qarashli Klyashevo qishlog‘ida tug‘ildi. 1941 yilda Boshqirdiston Davlat pedagogika institutining adabiyot fakultetini bitirdi.
Mustay Karim shu vaqtga qadar «Otryad qo‘zg‘aldi» (1938), «Bahor tovushlari» (1940), «Mening tulporim» (1943), «She’rlar» (1944), «Qaytish» (1947), «Tanlangan asarlar», «Yevropa — Osiyo» (1954) she’rlar to‘plamlarini kitobxonga taqdim etdi.
Mustay Karimning «Oydin yo‘l» (1958), «Tosh ustida gullar» (1949), «Men rossiyalikman» (1956), «She’rlar va dostonlar» kabi she’rlar to‘plamlari rus tilida bosilib chiqqan.

QIZ QO’SHIG’IN ESHITIB QOLDIM

Quyosh nuri taraldi asta
Bulutlar osha.
Qaerdadir bir qiz kuylardi
Yuragi tosha.

Yiroqlarda aks-sado berar
Aks-sado elda.
Ham jarangdor, hamda shirali—
Jonajon tilda.

Qizil etdi behi yuzini
Quyosh nurlari.
Qulog‘imga chalindi qo‘shiq —
Tanish so‘zlari.

Ot o‘ynatgan chavandoz kabi
Uchqur bu qo‘shiq.
Olislarga tarqaladi tez
Mavjlanib, jo‘shib...

Otim to‘xtab, yo‘l oldi darrov
Yashil o‘tloqqa.
Men ham sokin, jim borar edim
Ona qirg‘oqqa.

Atrof sokin. Havo beg‘ubor,
Sevinchim cheksiz.
Ona yurtim haqida kuylar
yiroqda bir qiz...
1945

BU QO’SHIQNI KUYLAGAN ONAM

Bu qo‘shiqni kuylagan onam,
Boshim uzra alla aytgan choq.
Bu qo‘shiqni kuylagan onam
Yo‘lga meni kuzatib quvnoq.

Bu qo‘shiqni kuylagan onam,
Endi undan men juda yiroq.
O’sha qo‘shiq yodimda har dam,
O’sha qo‘shiq yangrar balandroq.

Uchqundan yaralar ulkan alanga —
Barcha biladi.
Uchqun-ku yo‘qolar, men aytsam senga
Lek kul qoladi.

Tomchiga tomchilar qo‘shilsa agar,
Daryo bo‘ladi.
Tomchiga tomchilar qo‘shilmasa gar —
Tamom o‘ladi.

Odamlar jam bo‘lib qadam tashlasa,
Ko‘cha to‘ladi.
Bir gul gar yagona bo‘lib yashasa,
Erta so‘ladi.

Yo‘llarda topilgan shuhrat ketidan
Quvmagil aslo.
Shamolda so‘ngan sham kabi o‘chasan,
Qolmas hech ziyo.

Tomchi ham yasholmas, aslo kulmaydi
Daryo bo‘lmasa.
Utloqda qoldirgan iz ham bo‘lmaydi
Dunyo bo‘lmasa!

Bu qo‘shiqni kuylagan onam,
Boshim uzra alla aytgan choq.
Bu qo‘shiqni kuylagan onam
Olis yo‘lga kuzatib quvnoq...
1951

* * *

Har qachon muloyim qarab qo‘yasan —
Sen meni yo‘llarga kuzatar chog‘da.
Boqasan nenidir aytolmay qolib,
Boqasan nenidir aytolmay dog‘da.

Sening boqishingda — yonish va umid,
Qalbingni kuydirgan narsa muhabbat.
Yonish ham, o‘t sevgi, umid ham bo‘lgan,
Bu hislar o‘lmaydi, bo‘ladi har vaqt!

Juda ham istardim ketar oldimda
Aytsang sen aytolmay qolgan so‘zingni.
Usha so‘zlaringga mushtoqman — mushtoq,
Boshimga ko‘taray, erkam, o‘zingni!

To‘lqin tarjimalari