Tatar xalqining zabardast shoiri Musa Mustafievich Jalilov (Musa Jalil) Orenburg gubernasiga qarashli Mustafo qishlog‘ida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ildi. Dastlab Orenburgdagi Husayniya madrasasida tahsil oldi. U 1931 yilda Moskva Davlat universitetining adabiyot fakultetini bitirgach, tatar tilida bosiladigan «Kichkina», «Oktyabr bolasi» jurnallari redaktsiyalarida muharrirlik vazifasida ishladi. Ulug‘ Vatan urushi arafasida Tatariston yozuvchilar soyuzining mas’ul kotibi vazifasida ishladi. Urushda qattiq yaralangan Musa asirga olinib, 1944 yilda fashistlar tomonidan Berlindagi Shpandav turmasida qatl etildi.
Musa Jalilning ijodi 1919 yildan boshlandi.
Uning ko‘p tillarga tarjima qilingan «Moabit daftari» she’rlar to‘plami 1957 yilda Lenin mukofoti bilan taqdirlandi. Musa Jalilning «Moabit daftari» to‘plami o‘zbek tiliga tarjima kilinib, alohida kitob shaklida nashr ettirildi.
ERK
O’zim xohlab yura olmagach,
Yo‘q oyog‘im, demak, yo‘q qo‘lim.
Qandayin farq, erkim bo‘lmagach,
Bor bo‘lganim yoki yo‘qligim.
Otam, onam yo‘qdir yurtimda,
Aytingiz, men yetim edimmi?
Men yo‘qotdim «d»(ushman) yerida
Otamdan ham yaqin elimni.
Qulman bunda yurtsiz va erksiz,
Erksiz hamda elsiz—men o‘ksiz:
Ota-onam garchi bo‘lsa-da,
Joyim bo‘lar edi bo‘sag‘a.
Bo‘lar edim hamon men yetim,
Va talangan itlar bilan teng.
Oltin erkim, ozod turmushim,
Qayga uchding uchar qush bo‘lib?
So‘nggi damim nega uchmadi
Sening bilan birga qo‘shilib?
Bilarmidim erkning qimmatin
Totgan chog‘da erkning bahrini;
Og‘ir qullik jabrini tortib,
Endi bildim erkning qadrini!
Quvontirsa taqdir ko‘nglimni,
Yetishtirib erkka — yo‘ldoshga,
Bag‘ishlardim qolgan umrimni
Erk uchun bu ezgu kurashga.
1942
KECHIR, YURTIM
Kechir meni, yurtim, sening buyuk
Noming bilan kurashib jangda,
Shonli o‘lim bilan ko‘molmadim
Bu tanimni men so‘nggi damda.
Yo‘q, o‘zimning kichik zarraday
Umrim uchun seni sotmadim.
Volxov guvoh bo‘lar, jang ontin
So‘ng damgacha dog‘siz saqladim.
Men qo‘rqmadim, boshga yomg‘ir kabi
To‘p o‘qlari yoqqanida ham.
Yo‘qotmadim o‘zni, o‘lik bilan
To‘lganda ham atrof-aylanam.
Oldda-ortda va o‘ngu so‘lda
Kesilsa ham yo‘lim; ko‘kragim—
O’q yeb, qonga belanganda ham,
Bo‘sh kelmadim, yoshim to‘kmadim.
Men qarshimda ko‘rdim qoq suyak —
Shum o‘limning qora ko‘lkasin.
Kelgil, o‘lim, qolgan bu umrim
Tutqunlikda tamom bo‘lmasin!
Men emasmi yoriga yozgan:
«Xafa bo‘lma, jonginam, biroq,
So‘nggi qonim tomsin, mayliga,
Pok ontimga to‘shmayajak dog‘!»
Men emasmi, she’r o‘ti bilan,
Yurak bilan ont ichgan jangda:
«O’limga men nafratim bilan
Jilmayarman eng so‘nggi damda».
«Chidam berar sevging so‘nggi jang,
Shum o‘limning azoblariga.
Yurtim, seni sevganligimni
Qonim bilan yozarman yerga».
«Tinch uxlardim butun hayotim
Bag‘ishlasam agar yurt uchun!»
Mana shu ont madori bo‘ldi,
Ishon, yurtim, qalbim tepishin.
Taqdir kuldi, o‘lim tegmasdan
Utib ketdi, qilmadi jur’at,
Netay, axir, so‘nggi minutda
Pistoletim qildi xiyonat!
Chayon o‘zin chaqar so‘ng damda,
Burgut jardan tikka tashlanar.
Men ham burgut edim-ku, axir,
Boshim egarmidim boshqaga!
Ishon, yurtim, men burgut edim,
So‘nggi minut kelganda, birdan
Uchar edim mag‘rur qanot qoqib,
Tashlanardim balandliklardan.
Netay, axir, do‘st pistoletim
So‘nggi so‘zdan to‘sat bosh tortdi.
Kishan soldi dushman qo‘liga
Va erksizlik qa’riga otdi.
Qullikdaman hozir... har kuni
Kun chiqishin g‘amgin kutaman.
She’r bo‘lib chiqar o‘ch o‘ti
Yaralangan lochin yurakdan.
Kun chiqar yoq, do‘stlar ushlagan
Bayroq kabi, kunda qizarar.
Bilsaydingiz, do‘stlar, tutqun qalb
Ko‘krakdagi yaradan emas,
Qonli o‘chdan shunaqa yonar.
Umidim bor: bir avgust tuni
Boshlab borar najotga, albat.
Yengar tuban bu asirlikni
Qasos, yurtga bo‘lgan muhabbat.
Umidim bor, do‘stlar, safingizda
Topar so‘nggi kurash tilagin,
Yaralangan, lekin qullikka
Bosh egmagan toza yuragim.
1942
SHODLIKNI QARSHILAB
Qayg‘u, endi mendan tezroq ket,
Kuning bitdi, ko‘nglimni tark et.
Shuncha mehmon bo‘lding, yetadi,
O’ylaganda esim ketadi.
Oylar bo‘yi uyimda to‘lib,
Xunuk, sovuq qoyaday bo‘lib,
Turding doim yuragim qoplab,
Qorovulday umrim qo‘riqlab.
Qora libos kiydirding menga
Va so‘lg‘inlik solding betimga.
Qayta to‘ldi shodlikka dilim —
Qaytdi elga g‘olib botirim.
Qaytdi jasur, mag‘rur tutib bosh,
Go‘yo kirdi uyimga quyosh.
Qayg‘u uchun o‘rin yo‘q bunda,
Qayg‘u o‘zi-da qoldi qayg‘uda.
Unutdim men qayg‘u, xayolni,
Uloqtirdim qora ro‘molni.
Yuzlarimda tong aks etadi,
Qalbdan shodlik toshib ketadi.
Derazamni ochdim quyoshga,
Quyosh boshqa bugun, kun boshqa;
Hamma joyda shodlik, erkinlik,
Jonim, barin o‘zing keltirding.
Uyim bugun to‘ldi gullarga,
Ey shodlik, baxt! Marhamat to‘rga!
Ey qayg‘u, sen yo‘qol, tezroq ket.
Senga joy yo‘q, bu yerni Tark et.
1943
DO’STIMGA
(A.A.)
Qayg‘urma, do‘st, yosh o‘lamiz deb,
Biz umrni sotib olmadik.
O’zimizcha yashab ham unga
Qo‘ymaymizmi istaganda chek?
Belgilamas umr uzunligin
Keksalik va yashagan yillar.
Balki, ushb,u o‘lim bizlarga
Bitmas, mangu umr keltirar?
Men ont ichdim jondan kechishga
Saqlayman deb yurtim, elimni.
Yuzta bo‘lsa joning, hammasin
Sen shu yo‘lga bermas edingmi?
Shodlantirar elning har kungi
G’alabasin doim eshitmoq;
Qanday zo‘r kuch chet yurtda o‘zni
Xalqing bilan birga his etmoq.
O’z jonimni saqlab sog‘ qolsam,
O’lim menga tegmasdan o‘tsa;
Shu ham tiriklikmi,— «xoin» deb,
Xalq betimga tupurib ketsa?!
Yo‘q, kerakmas menga bu «sog‘liq»,
Qalbim unga muhtoj ham emas.
Insonmanmi, el o‘gay qilsa,—
Yer ham menga qultum suv bermas!
Yo‘q, qayg‘urma, do‘stim, umrimiz
Xalq umrining kichik gullari;
Biz so‘nsak ham, bizning uchqundan
Ortib borar uning nurlari.
Botirlik va xalqqa sadoqatni
Isbot etdik — bo‘ldik fidokor.
Bizning yoshlik shunday hislar bilan
Bo‘lgan edi kuchli va dongdor.
Qisqarsa-da umr,
Yoshligimiz —
Bekor o‘tdi dema mabodo!
Aytsin yoshlar: shunday yashasang,
Shunday o‘lsang edi dunyoda.
1943
QOTILGA
Tiz cho‘kmayman, qotil, qarshingda,
Tutqun qilsang, quldek ezsang ham.
Ulsam tikka turib o‘laman,
Bolta bilan boshim kessang ham.
Sendaylarning mingtang o‘rniga
Afsus, otdim yuztangni — bu kam.
Qaytib borgach uzr so‘rayman
Men xalqimdan shuning uchun ham.
1943
ISHONMA
Senga mendan xabar bersalar,
«U yiqildi charchab»,— desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni —
Do‘stlar aytmas, yaqin ko‘rsalar.
Bayrog‘imga qon bilan yozgan
Ontim undar olg‘a borishga!
Haqqim bormi hech qoqilishga,
Haqqim bormi charchab-horishga?
Senga mendan xabar bersalar,
«U Vatanin sotdi»,— desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni —
Do‘stlar aytmas, meni sevsalar.
Yurtdan ketdim yurtni, seni deb,
Men kurashdim qonli har damda.
Yurtni, seni qo‘limdan bersam,
Nima qolar menga olamda?
Senga mendan xabar bersalar,
«Musa o‘ldi endi»,— desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni —
Do‘stlar aytmas, meni sevsalar.
Tuproq ko‘mar tanni, ko‘molmas
O’tli qo‘shiq to‘lgan ko‘nglimni,
«O’lim» deyish mumkinmi axir,
Yengib o‘lgan bunday o‘limni?
1943
M. Boboev tarjimalari